Talabalar qanday ovqatlanishadi?

Bir kuni bir talaba yo‘lda ketayotib, hushidan ketibdi. Odamlar yugurib kelib, atrofini o‘rab olishibdi va suv keltiringlar deyishibdi. Shunda talaba ko‘zini ochib: non ham, debdi.

Xalq orasida keng tarqalgan bu latifa bir qarashda kulgili tuyiladi, lekin aslida u talabalar hayotidagi «haqiqat»ni ko‘rsatib bermoqda. Negaki, talabaning qorni «doimo och» deb qaraladi. Tan olish kerak: stipendiya bir oy yashashga yetmaydi, ko‘pchilik talabalar ham o‘qib, ham ishlaydi. Ish, o‘qish, undan tashqari boshqa yumushlarga 24 soatning o‘zi kamlik qiladi. Talabaning to‘yib va to‘g‘ri ovqatlanishiga bu omillar, albatta, to‘sqinlik qiladi.

Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, miyaning qay darajada ishlashi sog‘lom ovqatlanishga hamda uyquning me’yorda bo‘lishiga bog‘liq. Bugun aynan shu mavzuda talabalar va mutaxassis bilan suhbatlashdik.

Qodirberganov Ixlosbek

Toshkent davlat texnika universiteti
Injener-konstruktor yo‘nalishi 2-bosqich talabasi

Har doim bo‘lmasa ham, tartibli va to‘liq ovqatlanishga harakat qilaman. Agar kun davomida rejalashtirgan ishlarim bir maromda ketsa, ertalabki nonushta bilan qo‘shib hisoblaganda 3 marotaba ovqatlanaman. Agar biror ishim chiqib qolsa yoki o‘qishda ushlanib qolsamgina, ovqatlanish vaqtim o‘zgarishi mumkin.

Xamirli ovqatlarni yaxshi ko‘raman. Lag‘mon, manti, somsa, osh, tovuq jigar, kartoshka-fri, qovurdoq, makaron va hokazo.

Ovqatlanishimdagi menyu o‘zgarib turishi mumkin. Masalan, faslga qarab menyuga yangiliklar kiritishim mumkin. Tartibsiz ovqatlanishning sababi hammada har xil bo‘lishi mumkin. Masalan, ba’zi men bilgan talabalar kun bo‘yi ishlashadi, ovqatlanishga umuman vaqti bo‘lmaydi, tushlik bilan kechki ovqatni bitta qilishadi.

Ba’zilarining esa sharoiti og‘ir, stipendiya olishmaydi, uydan ham kam pul keladi. Natijada to‘yimli va kuchli ovqatlardan sotib olisholmaydi. Rolton, perashki, nari borsa somsa bilan “kun o‘tkazishadi”. Yana ba’zilar esa sharoiti yaxshi bo‘lsa-da, ovqat qilishga erinib, fast-food buyurtma qilishadi.

Ertalabki nonushtamga kelsak, nonushtamni quyultirilgan sut, saryog‘, tuxum, sosiska va novvot choy tashkil qiladi. Universitetimiz oshxonasi haqida aytadigan bo‘lsam, albatta, talabga javob beradi. Adashmasam, 100 kishilik. Har xil ovqatlar bor: osh, chuchvara, lag’mon, perashki, somsa, xonim, tabaka, mastava, fri.

Narxlar o‘rtacha. Sho‘rva va lag‘mon – 12-15 ming, chuchvara – 15 ming, manti donasi – 3 mingdan, xonim donasi – 4 mingdan, oddiy choy – 2 ming, osh – 15 ming, qozon kabob – 18 ming.

Yuqorida aytganimdek, vaziyatga qarab ovqatlanaman. Kunimning asosiy qismi o‘qishda va ishda o‘tganligi uchun faqat nonushtani uyda qilaman. Ba’zan kechkli ovqatni ham uyda tayyorlayman. Ko‘pincha ko‘chada ovqatlanaman. Gazli ichimliklar jon-u dilim, ulardan har kuni ichaman: “cola” va “fanta”. “Bo‘lmadi” deganda kuniga bitta 0,5 litrli  “cola” ichaman. Chips-kiriyeshkilarni ko‘p yemayman. O‘rniga har kuni pista chaqaman. Kundalik ovqatlanishim uchun bir kunda kamida 35-40 ming so‘m sarflayman. Sog‘lig‘imga kelsak, shu paytgacha muammo bo‘lmagan.

Tohirova Mahliyo

Guliston davlat universiteti
Biotexnologiya yonalishi 2-bosqich talabasi

Kun davomida 2 marta ovqatlanaman: tushlik va kechki ovqat. Bu tartib aslo o‘zgarmaydi, ba’zan vaqti o‘zgarishi mumkin, masalan, tushlik vaqtini o‘tkazib yuborishim yoki kechki ovqatni kechroq qilishim mumkin, lekin, albatta, kun davomida 2 mahal ovqatlanaman.

Menyumda har doimgi, oddiy, oson va tez tayyor bo‘ladigan ovqatlar: kartoshka, makaron, mastava, osh shular bor. 

Talabalarning tartibsiz ovqatlanishiga kelsak, shaxsan meni o‘zim tartibsiz ovqatlanaman. Chunki birinchidan, vaqtim yetmaydi, ikkinchi esa juda dangasaman. Masalan, ertalab nonushta qilmayman, dasrga shoshib ketaman, ulgurmayman.

Universitetimiz oshxonasi menga yoqmaydi. Oshxonamizga kirsam, to‘g‘risi, hidiga chidab turolmayman, sharoitlari ham talabga javob bermaydi.

Ko‘pincha uyda o‘zim ovqat pishiraman. Ko‘cha ovqatlari uncha yoqmaydi. Gazli ichimliklarni har kuni ichaman. Chips-kiriyeshkilardan ham yeyman, lekin juda kam. Fast-foodlardan lavash, hot-dog va pitsa – jon-u dilim. 

Ovqatlanishimga kuniga 25-30 ming so‘m atrofida sarflayman. Yotoqxonada turganim uchun qizlar bilan birgalikda oziq-ovqat uchun xarajat qilamiz. Kamida oyiga (ko’chada ovqatlanishdan tashqari) har birimizga 70-60 ming so‘mdan tushadi. Sog‘lig‘imda muammolar kuzatilmagan.

Nurxojayev Toraxoja

Ozbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti
Internet jurnalistikasi yonalishi 2-bosqich talabasi

Kun davomida odatda 2 mahal ovqatlanaman. Nonushta bilan tushlik bir vaqtda bo‘ladi ko‘pincha. Buning asosiy sababi: tushlikka yaqin uyqudan turaman. Ovqatlanish menyumda asosan yog‘li ovqatlar, ba’zan salatlar ham bo‘ladi. 

Tartibsiz ovqatlanishning sababi – pulda, dangasalikda yoki vaqt yo‘qligida ham emas. Umuman olganda, agar siz hozir sport bilan shug’ullanmayotgan bo‘lsangiz yoki parhez tutmayotgan bo‘lsangiz, ko‘p hollarda tartibsiz ovqatlanasiz. Puli bori ham, puli yo‘g‘i ham tartibsiz ovqatlanadi. Odamning o‘zida xohish bo‘lsa, pul yoki vaqtning ahamiyati yo‘q deb o‘ylayman. 

Yuqorida aytganimdek, ertalab nonushtaga uyg‘ona olmayman, agar mabodo adashib vaqtli uyg‘onib qolsam, nonushtaga bir kun oldingi ovqatni yeyman. Bu – o‘zbekchilikka xos narsa. Agar ovqat bo‘lmasa, saryog‘, non, murabbo, tuxum, qovurilgan sosiska – asosan shularni yeyman.

Universitetimiz oshxonasi yaxshi, lekin juda kichkina. Necha kishilik ekanligini bilmayman, ko‘pi bilan 50 kishilik bo‘lsa kerak. Sharoitlari yaxshi. Narxlari ham hamyonbop. O‘rtacha 20 ming so‘mga qorin to‘ydirsa bo‘ladi, 15 ming so‘mga ham ovqatlansa bo‘ladi. Masalan, 2 ta somsa, choy. Endi juda to‘yib qolmaysiz-ku, lekin umuman ovqatlanmay yurgandan ancha yaxshi. 

Oxirgi kunlarda ko‘cha ovqatlaridan ko‘p yeyapman. Asosan, o‘qishda, ishda bo‘lganligim uchun uyda kam ovqatlanyapman. Ko‘proq osh, norin, manti, xullas, yog‘li va quyuq ovqatlarni yaxshi ko‘raman. Suyuq ovqatlarni juda kam yeyman. 

So‘nggi kunlarda gazli ichimliklardan o‘zimni tiyib yuribman, chunki gazli ichimliklar jigar va oshqozon faoliyatini buzadi. Ayniqsa, ovqat payti gazli ichimliklarni iste’mol qilish juda yomon. Bundan tashqari, gazli ichimliklar yuz-terimga yomon ta’sir qiladi. 

Kunlik ovqatlanishimga o‘rtacha 50 mingdan 100 ming so‘mgacha pul sarflayman. Sog‘lig‘imga keladigan bo‘lsam, ovqatlanish bilan bog‘liq muammolar kuzatilib turadi. Masalan, ko‘chada ovqatlansam, ba’zi joylarda “shashlik”ni yaxshi tayyorlashmagani oqibatida diareya (ich ketishi), ko‘ngil aynishi kuzatiladi. Ammo shu paytgacha juda jiddiy muammolar kuzatilmagan.

Shodiyeva Farida

Denov tadbirkorlik va pedogogika instituti
Ona tili va adaiyoti yonalishi 3-bosqich talabasi

Har doim tartib bilan ovqatlanishga harakat qilaman. Kun davomida nunushta, tushlik va kechki ovqat, albatta, bo‘ladi. Menyumda, asosan, fast-food, shu bilan birga, shirinliklar va quyuq taomlar ham juda yoqadi. 

To‘g‘ri, talabalar ko‘p hollarda tartibsiz ovqatlanishadi. “Vaqtim yo‘q, uxlab qoliman, ishda edim” kabi bahonalar bu uchun hamisha tayyor. Lekin bu noto‘g‘ri ovqatlanishga sabab bo‘lolmaydi, deb o‘ylayman. Kuzatuvlarim natijasida shuni aytishim mumkinki, aksariyat hollarda vaqtida yoki umuman ovqatlanmaslikka dangasalik sabab bo‘ladi.

Ertalabki nonushta, albatta, muhim. Har kuni erta turib, o‘zim nonushta tayyorlayman. Tuxum, dudlangan go‘sht, saryog‘, quyultirilgan sut va boshqalar.

Universitetimiz oshxonasi talabga javob bermaydi. Juda tor. Odam ko‘p bo‘ladi, ovqat qidirib qiynalamiz, bir amallab navbatlardan o‘tib olsak ham, ovqatlari juda qimmat, pulimiz yetmaydi, shuning uchun tushlikka faqat perashki, somsadan boshqa narsa yemaymiz.

Uyda ovqatlanishga nima yetsin?! Ham to‘yimli, ham quvvatli, ham mazali bo‘ladi. O‘zim ovqat pishirishni yaxshi ko‘raman, shu sababli ko‘pincha uyda o‘zim pishiraman. Shunga qaramay, fast-food ham tez-tez yeb turaman. Gazli ichimliklarga kelsak, kamdan kam ularni ichaman.

Kundalik ovqatlanishimga pulim yetmay qoladi, bunga oziq-ovqat mahsulotlarining juda qimmatligi – sabab.

Kuniga ovqatlanish uchun, agar universitet oshxonasida ovqatlansam, 10 ming so‘m sarflayman, fast-foodga borsam, 40 ming so‘mgacha ketadi.

Qanchalik sog‘lom ovqatlanishga harakat qilsam ham, bari-bir sog‘lig‘imda muammo bor deb o‘ylayman. Ba’zan oshqozonim bezovta qilib turadi. Umuman olganda, bugungi kunda “sog‘lomman” degan talabani topib bo‘lmasa kerak?!

Ovqatlanish borasida talabalalr fikrini bildik. Xo‘sh, bu borada mutaxassis nima deydi?

Shotursunova Zilola, shifokor-diyetolog:

Soglom odam kuniga necha marta ovqatlanishi kerak?

Juda ham o‘rinli va bugunning dolzarb mavzusi ko‘tarilibdi. Agar u odam homilador bo‘lmasa, emizikli bo‘lmasa, operatsiyadan keyingi qayta tiklanish davrida bo‘lmasa, 2-3 mahal ovqatlanishi kerak.

Bilamizki, talabalar aqliy mehnat bilan shugullanishadi. Qolaversa, kopchiligi ishlaydi ham. Ham jismoniy, ham aqliy mehnat kishini ancha toliqtiradi. Shularni hisobga olib ayting-chi, talabaning menyusida qanday ovqatlar bolishi kerak? Qanday ovqatlansa, talabaning qorni toq boladi?

Qorinni to‘q tutish masalasi juda muhim. Buning uchun talabalarga quyidagilarni tavsiya qilaman:

– Eng avvalo, nonushtani o’tkazib yubormaslik;

Nonushtaga, albatta, oqsil va yog‘ mahsulotlarini ( tuxum, tvorog, saryog‘, qaymoq, smetana, zaytun, zig‘ir, sedana, qovoq urug‘larining donlari) qo‘shish kerak. Bular qorinni to‘q tutadi. Ayniqsa, zaytun, zig‘ir, zaytun yog‘i mahsulotlari. 

Ham ishlab, ham o‘qiydigan kishilar uchun og‘ir yog‘lar qo‘rqinchli emas. Hozirgi kunda odamlarda shunaqangi bir fikr bor, ya’ni sog’lom ovqatlanish – bu yog‘siz ovqatlanish, degan. Bu – noto‘g‘ri. Sog’lom ovqatlanish bu yog‘li mahsulotlardan iste’mol qilish demakdir.

Ham aqliy, ham jismoniy mehnat qiluvchi kishi, albatta, yog‘ iste’mol qilishi kerak. Miyaga va muskullarga energiya beruvchi narsa – bu yog‘. 1 gramm yog’dan 9,4 kilokaloriyagacha energiya chiqadi.

– Keyingi tavsiyam, tushlikkacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida tanamizda ozgina yogurt yoki qatiqqa ehtiyoj bo‘ladi, shu paytda qatiqqa 1 osh qoshiq zig‘ir yoki qovoq urug‘lari aralashtirib yeyilsa, qorinni to‘q tutadi. Eng yomoni shuki, nonushtada kofe ichib, biror yengil narsa iste’mol qilishdir, bu juda yomon!!!

Kopgina talabalar kech uxlaydi. Soglom bolish uchun eng kechi soat nechagacha ovqatlanish mumkin? Uxlashdan oldin nimalarni yeb bolmaydi?

Sog‘lom turmush tarzi deganda, 6-7 soat uxlash va kechki soat 11gacha yotoqda bo‘lish tushuniladi. Bu biologik ritmni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishga kiradi. Ovqatlanish esa uxlashdan kamida 3 soat oldin bo‘lishi kerak. Uxlash va oxirgi ovqatlanish orasidagi vaqt 3 soatni tashkil qilishi kerak. 

Bundan tashqari, uyqudan oldin qattiq narsalarni yeyish tavsiya etilmaydi. Misol uchun, yong‘oq, yer yong‘oq, bodom, pista, olma. Chunki bu turdagi yeguliklar uxlaganimizda yaxshi hazm bo‘lmaydi, natijada oshqoznimizga botishi mumkin.

Talabalar uchun nimalarni yeyish zararli?

Talabalar gazli va energetik ichimliklar, “junk-food” (jangfud) degan narsalarni juda yaxshi ko‘rishadi. “Jangfud” – “axlat” oziq-ovqatlar degani. Bular organizm uchun o‘ta zararli bo‘lgan va faqat “Ovqat industriyasi biznesi” uchun ishlab chiqariladigan oziq-ovqatlardir. 

Bularga chipslar, kiriyeshkilar, har xil rangli shirinliklar (marmeladlar), vafli-pechenyelar, energetik ichimliklar kiradi. Afsuski, talabalarning juda ko‘pi aynan shu narsalarni iste’mol qilishadi. Bular miya faoliyati va gormonal hayot uchun juda katta zarar. Chunki bularning tarkibida juda katta miqdorda shakar bor. U shunday xususiyatga egaki, avvalo, ichak faoliyatini buzadi. Allergiyalarni kuchaytiradi, qonda glyukoza miqdorini oshiradi, glyukoza oshgandan keyin insulin garmoni ko‘payadi, insulin garmoni esa glyukoza miqdorini rosmana pasaytirib yuboradi. Bu esa holsizlikka olib keladi. 

Gazli ichimliklardan so‘ng energiyaga xuddi to‘lgandek bo‘lamiz, lekin yarim soat o‘tgach, holsizlik, charchoq, uyqu kelishi holatlari kuzatiladi. Buning sababi, qonda glyukoza arg‘imchog‘i paydo bo‘ladi, ya’ni glyukoza tez tepaga ko‘tariladi, tez pastga tushib ketadi, glyukoza yetishmagandan keyin miya ishlashdan to‘xtaydi.

Fast-food, gumma va pirashki, roltonlar talabalarning doimiy ovqati sifatida qaraladi. Bu qanchalik togri? Bular organizmga yetarli ozuqa bera oladimi yoki qanday zararli jihatlari bor?

Fast-food masalasiga keladigan bo‘lsak, fast-food taomlari to‘yimli bo‘lgani bilan tez uglevodlardan tayyorlanadi va semirtiradi. Gumma tarkibida esa go‘sht mahsulotlari bo‘ladi. Bu jihati yaxshi, lekin uning xamiri ham tez uglevodlardan tayyorlanadi. Kartoshkali perashki esa tavsiya etilmaydi. U semirtirish xususiyatiga ega. Kartoshkali pirashkidan keyin qorin tezda ochib qoladi. 

Roltonlar esa yuqorida aytganimdek, jangfud oziq-ovqatlarga kiradi. Sog‘lom ovqatlanishda ular tavsiya etilmaydi. Sog‘lom bo‘lish uchun talabalarga har kuni go‘sht yeyishni tavsiya qilaman. Eng asosiysi, talabalar menyusiga yetishmaydigan narsa bu – sabzavot va ko‘katlardir. “Ideal tarelka” degan tushuncha bor. Misol uchun biz ovqatlayotgan dasturxonni “ideal tarelka” deb olsak, uning 50 foizini sabzavotlar va ko‘katlar tashkil etishi kerak.

O‘ylaymanki, ushbu tavsiyalarim talabalar va, umuman, yoshlar uchun foydali bo‘ladi, ularga mana shu tavsiyalarga amal qilishni maslahat  beraman. Sog‘lom hayot kechirish – har kimning o‘ziga bog‘liq!

Muallif: Feruza Omonboyeva