Kibersport bo‘yicha O‘zbekistonda kuchli jamoalar bormi?

Kibersport dunyodagi eng tez rivojlanayotgan sanoatlardan biridir. So‘nggi yillarda uni butun dunyo bo‘ylab o‘ynashmoqda, kuzatishyapti. Yurtimizda ham kibersportni rivojlantirish har bir ta’lim muassasasida eng keng tarqalgan kibersport turlari bo‘yicha tez-tez musobaqalar tashkil etilishga katta e’tibor berib kelinmoqda.
Alohida qayd etish lozimki, Kibersport O‘zbekistonda rasman alohida sport turi sifatida tan olingan. Kibersport turlarini rivojlantirish va ommalashtirishga oid prezident qarori qabul qilingan.
Hujjatga muvofiq, 2023-yildan boshlab kibersport turi bo‘yicha “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionati, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi” hamda iyun oyida “Yoshlar kubogi” turniri o‘tkazilib kelinmoqda.
2024-yilning fevral oyida prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qozon shahrida “Kelajak o‘yinlari” birinchi xalqaro multisport musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdilar. Davlatimiz rahbari “Kelajak o‘yinlari” dasturiga kirgan sport turlari bilan tanishganlaridan so‘ng ishtirokchilarga omad tilab, 2026 yilgi “Kelajak o‘yinlari”ni O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.
Bu albatta yurtimiz uchun juda zo‘r yangilik. Xo‘sh,bu nufuzli musobaqalarga tayyormizmi? Kibersport turlari bo‘yicha O‘zbekistonda kuchli jamoalar bormi? 25-28 mart kunlari oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida tashkil etilgan kibersport musobaqasining o‘tkazilishi ushbu katta xalqaro musobaqaga tayyorgarlik va uni rivoji uchun muhim qadamlardan biri bo‘lgani bilan ahamiyatli.
110 dan ortiq oliygoh talabalari o‘rtasidagi kibersport musobaqasi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish xalqaro “Ziyo Forum” fondi tomonidan talaba yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda kibersport turlariga yoshlarni keng jalb qilish maqsadida Toshkent shahrida joylashgan “Cyber Arena” binosida Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida kibersportning «CS:2» yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etilgan turnir yurtimizda kibersportni rivojlantirish va ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, rag‘batlantirish, tanlash va saralash hamda ularni professional kibersportga yo‘naltirishni maqsad qilgan. “ZIYO CUP” turnirini mukofot jamg‘armasi 22 500 000 so‘mni tashkil etadi.
“ZIYO CUP” turniri saralash bosqichi
Turnirning saralash bosqichida Respublika bo‘ylab 110 ta davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasasi talabalari o‘rtasida o‘tkazildi. Unda jami 900 nafarga yaqin talaba ishtirok etdi. Shu bilan birga, musobaqaga umumiy 140 ga yaqin oliygoh qiziqish bildirdi, qolgan jamoalar esa kelgusi mavsumlarda musobaqada qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Fond tomonidan g‘olib bo‘lgan talabalarga pul mukofotlari berildi. Shiddatli hamda murosasiz kurashlarga to‘la o‘tgan turnirda “CS:2” yo‘nalishida TMS universiteti talabalariga teng keladigani topilmadi
(pul mukofoti 10.000.000 so‘m),
- o‘rinni Qoraqalpoq davlat universiteti (pul mukofoti 7.500.000 so‘m) talabalari egallagan bo‘lsa, 3 va 4-o‘rinlarni Inxa universiteti (pul mukofoti 5.000.000 so‘m) hamda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti talabalari egalladi.

Ilyos Abdurahimov
TMC universiteti talabasi:
“SHiddatli hamda murosasiz kurashlarga to‘la o‘tgan turnirda oliygohimiz talabalari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bizning jamoasi ushbu musobaqaga tayyorgarlik jarayonida o‘z strategiyasini ishlab chiqish va o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha zarur tajribalarga ega bo‘ldi. Bu tajribalar, musobaqa davomida ko‘plab raqiblar ustidan g‘alaba qozonishga imkon berdi. Musobaqa, nafaqat ishtirokchilarda balki tomoshabinlarda ham katta taassurot qoldirdi. Ko‘tarinki ruh va musobaqaning yuqori darajadagi tashkil etilishi, kibersport sohasining o‘sishi va rivojlanishiga xizmat qildi. Jamoasining faol ishtiroki, talabalar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik,o‘zaro tajriba almashish muhitini uyg‘otdi va kelajakda bu sohada yanada yuqori marralarni zabt etish uchun ilhom berdi.Bu g‘oliblik bizga haqiqiy ishtiyoq bera oldi”

Galimbaev Atabek Aybekovich
Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi
“Musobaqada 2-o‘rinni oldik, Umuman turnir juda yaxshi o‘tdi, tashkil masalalarga ham gap bo‘lishi mumkin emas. Raqib jamoalar ham juda kuchli edi.Talabalar o ‘rtasida bunday musobaqani tashkil etib borilishidan biz sportga qiziquvchi yoshlar xursandmiz. Bir jihatni qayd etishim kerak-ki, o‘tgan yilgi o‘yinlarga qaraganda, bu yil kuchli jamoalar shakllangan, puxta tayyorgarlik ko‘rilgan demak, bu sport turi rivojlanmoqda.”
Musobaqaning final bosqichida ishtirokchilarga ilhom bag‘ishlash maqsadida qiziqarli ko‘ngilochar dastur va homiylar tomonidan sovg‘alar taqdim etildi.
Rivojlangan davlatlarga nazar soladigan bo‘lsak, Xitoy, Yaponiya, Koreya, AQSH, Singapur, Kanada, Fransiya, Angliya va boshqa bir qator mamlakatlarda kibersport rivoji uchun davlat tomonidan katta e’tibor beriladi. Yurtimizda ham bu kabi musobaqalarni tashkil etilishi nafaqat ushbu sport turi rivojiga, ommalashishiga qolaversa, iqtidorli yosh Kibersportchilarimizni jahon miqyosida g‘oliblikni qo‘lga kiritishlariga zamin hozirlaydi.