Talabalarning uyga vazifa tayyorlashi: zaruratmi yoki foydalimi?
Ta’lim jarayonining muhim qismi bo‘lgan uyga vazifalar talabalarning o‘zlashtirishini mustahkamlash va mustaqil o‘rganish ko‘nikmalarini rivojlantirishda katta ahamiyatga ega. Ammo, bugungi kunda talabalarning uyga vazifa tayyorlashga munosabati va vazifalar berilishining samaradorligi haqida ko‘plab savollar tug‘iladi. Ushbu maqolada bu savollarga javob berishga, shuningdek, bugungi kunda dunyo miqyosida talabalarning uyga vazifa tayyorlashga munosabatini tahlil qilishga harakat qilamiz.
Uyga Vazifaning ta’limdagi oʻrni:
Uyga vazifa nafaqat o‘qilgan mavzuni mustahkamlashga yordam beradi, balki talabalarda quyidagi ko‘nikmalarni shakllantiradi:
Mustaqil o‘rganish ko‘nikmasi: Talaba darsdan tashqari vaqtda o‘z ustida ishlash, materiallarni tahlil qilish va bilim olish ko‘nikmasiga ega bo‘ladi.
Vaqtni boshqarish ko‘nikmasi: Talaba uyga vazifalarni belgilangan muddatda bajarish uchun o‘z vaqtini rejalashtirish va boshqarishni o‘rganadi.
Muammolarni hal qilish ko‘nikmasi: Uyga vazifalar orqali talaba turli muammolarga yechim topish va ularni hal qilish ko‘nikmasini rivojlantiradi.
O‘zlashtirish sifatining oshishi: Uyga vazifa orqali olingan bilimlar mustahkamlanadi va uzoq muddatli xotirada saqlanadi.
Dunyoda talabalarning uyga vazifa tayyorlashga munosabati:
Xalqaro tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, turli davlatlardagi talabalarning uyga vazifa tayyorlashga bo‘lgan munosabati turlicha. Osiyo mamlakatlarida, xususan, Janubiy Koreya, Yaponiya va Xitoyda talabalar uyga vazifalarga katta e’tibor berishadi va ularga jiddiy yondashadilar. Bu mamlakatlarda talabalarning yuqori natijalarga erishishi, uyga vazifalarni to‘g‘ri bajarish va o‘z ustida ishlashga bog‘liq ekanligi tushuniladi. O‘z navbatida, ular darsdan keyin o‘z vaqtini o‘qish, uy vazifalarini tayyorlash va qo‘shimcha ma’lumotlar bilan tanishishga sarflashadi.
Yevropa va Amerika qit’asidagi mamlakatlarda esa uyga vazifalarga munosabat turlicha bo‘ladi. Ba’zi davlatlarda talabalar mustaqil o‘rganishga ko‘proq urg‘u berishsa, boshqalarida uyga vazifalarning ahamiyati biroz kamroq baholanishi mumkin. Ammo, umuman olganda, rivojlangan mamlakatlarda talabalar uy vazifalarini o‘zlashtirishning ajralmas qismi sifatida qabul qilishadi.
Xo‘sh yurtimiz talabalari-chi?
Talabalar o‘rtasida » Siz uyga vazifa qilasizmi?»degan savol bilan so‘rovnoma o‘tkazganimizda, ularning yarim qismi ushbu
savolga «yo‘q»deya javob berishdi.
Nega O‘zbekiston talabalari uyga vazifa tayyorlashga ulgarishmaydi?
O‘zbekiston talabalari orasida uyga vazifalarga yuzaki qarash va ularni tayyorlashga vaqt topolmaslik holati kuzatilmoqda. Buning bir qancha sabablari bor:
Talabalarning bandligi: Ko‘p talabalar darsdan keyin oilasiga yordam berish yoki moddiy ahvolini yaxshilash uchun ishlashga majbur bo‘ladi. Bu esa, ularning o‘qishga vaqt ajratishini qiyinlashtiradi. Statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda talabalarning 40% darsdan so‘ng ishlashmoqda.
Uyga vazifalarning sifasizligi: Uyga vazifalar ko‘pincha formal xususiyatga ega bo‘lib, talabalarni o‘ylashga, tahlil qilishga va izlanishga undamaydi.
Darslar bilan bog‘liq muammolar: Ba’zi talabalar darslarga yetarlicha e’tibor berishmaydi, darslik materiallarini o‘z vaqtida o‘zlashtirishmaydi. Shu sababdan, uyga vazifani tayyorlashga qiynalishadi.
Ta’lim tizimidagi kamchiliklar: Ta’lim tizimida talabaning individual xususiyatlari va qobiliyatlarini hisobga olmagan holda, barcha talabalar uchun bir xil vazifalar beriladi. Bu esa, ba’zi talabalarning o‘zlashtirishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.Xorijiy tajribada esa buning aksi.
Zamonaviy o‘qitish metodlarining kamligi: Ba’zi o‘qituvchilar zamonaviy o‘qitish metodlaridan foydalanishmaydi, bu esa darslarni qiziqarsiz va o‘zlashtirishga yaroqsiz qilib qo‘yadi. Talabalar ko‘proq berilgan ma’lumotni yodlash bilan kifoyalanadi.
Xulosa
Uyga vazifa talabalarning mustaqil o‘rganishi, bilimlarini mustahkamlashi va o‘z ustida ishlashi uchun muhim. Ammo, hozirgi kunda O‘zbekistonda talabalarning uyga vazifa tayyorlashga bo‘lgan munosabati va vazifalarning sifati yaxshilanishi kerak.
Taklif:
Buning uchun ta’lim tizimini takomillashtirish, o‘qituvchilarning malakasini oshirish, talabalarning bandligini hisobga olgan holda, ularga o‘qish uchun qulay sharoitlar yaratish lozim. Aks holda, talabalarning uyga vazifalarga loqayd qarashi ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishda davom etadi. Agar talabalarga o‘ziga jalb qiladigan, kreativ va o‘ylashga undovchi uy vazifalar berilsa, ular bunga ko‘proq vaqt ajratishadi.