Talabalar nega chekadi?

 Chekuvchilarning ko‘pchiligi 18-25 yoshdagi yoshlar

Poytaxtimizdagi talabalar shaharchasi bo‘ylab Beruniy metro tomon yurib borar ekansiz, sigareta isi dimog‘ingizga uriladi. Tutunning anqigan hidi har bir inson ta’bini xira qilishi turgan gap. Ayniqsa, talabalar darsdan qaytish vaqtida bu yerlardan o‘tib ko‘rgan buni yaxshi tushunadi. Statistikaga qaraganda, 13-15 yoshdagi maktab o‘quvchilarining 7,0 foizi (har 15 nafardan 1 nafari) uyda va 16 foizi (har 6 nafardan 1 nafari) yopiq jamoat joylarida tamaki tutuni ta’sirida bo‘ladi. Tamaki, nos va snyus singari zararli odatlar organizmi o‘sib borayotgan yoshlarga yanada yomonroq ta’sir qiladi.  Eng yomoni, bu holatga oq ko‘ylak qora shimda, ilm talabida yurgan yigitlar sabab bo‘lmoqda. Eh, “oltin davr” zararli illat bilan bilan o‘tkazish,  qanday ayanchli…

Bugungi kunda yoshlar, ayniqsa talabalar orasida chekish holatlari ko‘p uchrayotgani jiddiy muammoga aylanib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha chekuvchilarning salmoqli qismini aynan 18-25 yoshdagi yoshlar, jumladan, talabalar tashkil qiladi. Bu holat O‘zbekistonda ham istisno emas. Xo‘sh, talabalarni bu zararli odatga nima undaydi? Sabablari nima? Oqibatlarini bila turib nega chekishadi? Masalaga chuqurroq nazar tashlaymiz.

Talaba universitet hududida cheksa, unga 125 ming so‘m miqdorida jarima to‘laydi

O‘zbekistonda jamoat joylarida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish qonun bilan taqiqlangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 56-1-moddasiga asosan, ish joylarida, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport-sog‘lomlashtirish muassasalarida, yong‘in chiqish xavfi bo‘lgan joylarda, shu jumladan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida va boshqa jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste’mol qilish bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Agar talaba yoki pedagog chekish holatini universitet yoki ta’lim muassasasining hududida amalga oshirsa, unga 125 ming so‘m miqdorida jarima solinadi. Maxsus ajratilgan joylarda chekish esa, albatta, boshqa gap.

Talabalar orasida chekishning tarqalishi

Chekishni erta boshlash va 20 yildan ortiq vaqt davomida muntazam chekish umr ko‘rish davomiyligini 20-25 yilga qisqartiradi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 1,3 milliardga yaqin odam muntazam ravishda chekadi yoki boshqa shakllarda tamaki iste’mol qiladi.  2024-yilgi tahlillarga ko‘ra, dunyoda erkaklarning taxminan 47 foizi va ayollarning taxminan 12 foizi chekadi. O‘zbekiston aholisining (18-69 yoshdagi) 16,5 foizi, shu jumladan, erkaklarning 32,9 foizi, ayollarning 0,8 foizi tamaki chekadi.

Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, 13-15 yoshdagi maktab o‘quvchilarining 1,7 foizi – o‘g‘il bolalarning 2,3 foizi, qizlarning 0,9 foizi tamaki chekadi. Bunda o‘smirlarning 7,7 foizi – 10 foiz o‘g‘il bolalar,  5,2 foiz qizlar hayotida bir marta bo‘lsa ham chekib ko‘rgan

 Chekish talabalar o‘rtasida «Moda» ga aylandimi?

Talaba yoshlar o‘rtasida “Chekasizmi?” degan savol bilan so‘rovnoma o‘tkazganimizda, so‘rovnomada qatnashgan 100 nafar talaba orasidan 20% talaba chekishini i bildirgan. Bu raqam, yoshlar orasida chekishning hali ham keng tarqalganligini ko‘rsatadi.

Chekishni boshlash sabablari

Talabalar chekishni turli sabablar bilan boshlaganini aytishdi.

Stress va xavotirni kamaytirish (35%) —  talabalar o‘qishdagi bosim, imtihonlar, shaxsiy hayotdagi muammolar kabi stresslarni kamaytirish uchun chekishi

Do‘stlar yoki atrofdagilarning ta’siri (28%) — bu o‘zaro ta’sir orqali chekishni boshlashni anglatadi, ya’ni, do‘stlar yoki guruhdagi boshqa kishilarning chekish odatini yoshlar ham takrorlashadi.

Sigaretni zararli deb bilmaslik (22%) — bu, yoshlarning chekishni zararli deb hisoblamasda boshlashlari, ko‘pincha ularni «moda» yoki vaqtinchalik odat sifatida ko‘rishadi.

«Modaga» moslashish (15%) — ba’zi talabalar chekishni boshqa talabalar orasida “moda” sifatida ko‘rishadi va shu bilan chekishni boshlashadi.

 50% talaba chekishni tark etishni o‘ylasa-da, uddasidan chiqa olmayapti

Talabalar orasida 50% talaba chekishni tark etishni o‘ylagan bo‘lsa-da, uddasidan chiqa olmayapti, faqat 30% talaba chekishni tark etishga qaror qilganini bildirgan. Bu, chekishni tark etish bo‘yicha qat’iy qaror qabul qilishning oson emasligini ko‘rsatadi.

Xulosa

Talabalar orasida chekishning tarqalishi — bu nafaqat sog‘liqni saqlash, balki ma’naviy va tarbiyaviy muammo hamdir.

So‘rovnomaning natijalari asosida, talabalar orasida chekish tarqalishi yuqori ekanligini aniqladik. 20% talaba chekishni boshlagan, va bu holat yoshlar orasida hali ham keng tarqalganligini ko‘rsatadi. Chekishning asosiy sabablari stressni kamaytirish, do‘stlar ta’siri va zararli odatni bilmaslikdir. Shuningdek, talabalar bilan suhbatda chekishning sog‘liq va iqtisodiy zararlariga qaramay, talabalar chekishni tark etishni o‘ylab ko‘rsalar ham, bu odatni tashlashda qiyinchiliklarga duch kelishi aniq bo‘ldi. Shunday ekan, ular orasida chekishni kamaytirish uchun ko‘proq sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, stressni kamaytirish va psixologik yordam ko‘rsatish muhim masala bo‘lib qolmoqda.