Talabalar kredit-modul haqida nima deb o‘ylaydilar?

Vazirlar mahkamasi qarori bilan 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab respublikamizdagi barcha OTMlar kredit-modul tizimiga oʻtkazildi. Shu sanadan eʼtiboran anʼanaviy o‘quv usuli oʻrnini kredit-modul egalladi. Xoʻsh, talabalar va oʻqituvchi professorlar bu tizim haqida nima deydi?  Bu  tizimdagi taʼlim sifati haqiqatdan ham kontrakt puliga arziydimi? Avlod medianing navbatdagi soʻrovnomasi shu haqida.

Talabalar fikri bilan tanishamiz

Soʻrovnomada qatnashgan talabalar tizimning kamchiliklari va imkoniyatlarini aytib oʻtdi. Ularning fikricha kredit-modul Oʻzbekistonda  50/50 boʻlib ishlayapti. Tizim imkoniyatlaridan  fanlar va oʻqituvchilarni tanlash yoʻlga qoʻyilmagan. Biroq, fanlardan yiqilgan talabalar uchun  toʻlov toʻlab qayta topshirish joriy etilgan. Darslar tashkil etilishida oʻzgarishlar katta emas, faqat yoʻqlama toʻliq hemis dasturining oʻziga qoʻyiladi.

Mobillik dasturi boʻyicha talabalar shartnoma imzolangan xorijiy va oʻzimizdagi OTMlarda oʻqishlari mumkin. Bu  jarayon universitet bilan belgilangan muddat davomida olib boriladi. Talabalar orasida “kredit-modul haqida fikrim yoʻq “ “bunday narsalarni tushunmayman, tizim haqida fikrga ega emasman” degan javoblar ham boʻldi. Koʻpchilik kredit-modulni salbiy baholadi. Tizimni yaxshi tushunib, u haqida maʼlumot va tushunchaga  ega talabalar nisbatan yaxshi fikr bildirdi. Kredit-modul tizimida  talabalarga amaliyot soatlari koʻpaytirilgan. Shu sababli, 60% amaliy va 40% nazariy bilimlar beriladi. Bu  talabani oʻz ustida ishlashga, oʻquv qoʻllanmalar bilan shugʻullanishga undaydi. Qisqa qilib aytganda, kredit-modul tizimi talabalardan keng dunyoqarash, chuqur bilim, faollik va tartib-intizomni talab qiladi.

Professor oʻqituvchilar  “talabalar hali  tizim ishlash va imkoniyatlarini tushunmayapti “ degan fikrda.

Oʻzbekiston milliy universiteti professor oʻqituvchisi Ramziddin Abdusattorov :

“Kredit-modul tizimi Oʻzbekistondagi OTMlarga olib kiritilgani juda quvonarli va ijobiy boʻldi. Sababi, oʻzimizdagi taʼlim ham jahon standartlariga toʻliq moslashyapti. Bu tizimda hamma narsa ishni qanday tashkil qilishga bogʻliq, muammolarni oʻz vaqtida hal qilib yurishga bogʻliq. Kamchilikni topib uni hal qilish kerak shu sababli, vaqt oʻtishi bilan barchasi bartaraf etiladi va bu narsa oʻzining samaradorligini beradi deb oʻylayman. Buning uchun hamma uni tushunib harakat qilishi talab etiladi holos. “Buning samarasi yoʻq”, “Faqat qogʻozbozlik ekan” deyiladigan boʻlsa,  shunday boʻlib qolaveradi. Hamma narsa albatta oʻqituvchi va koʻproq talabaga bogʻliq “

Nukus davlat pedagogika instituti oʻqituvchisi Gulsanam Allambergenova:

“Albatta, men boshqa universitetlarda kredit-modul qanday ishlashini bilmayman. Ammo, bizda u yaxshi ishlamaydi. Men oʻzimning fikrim boʻyicha ayta olamanki, bu juda yaxshi tizim. Chunki, uning asl mohiyati taʼlim tizimidagi korrupsiyani yoʻq qilish. Talaba bilimga ega boʻlsa, oʻz kuchi bilan imtihonlardan oʻtadi, agar oʻta olmasa pul toʻlab qayta oʻqiydi. Avvalgiday, pul toʻlab fanni shunchaki oʻqimasdan yopa olmaydi. Qayta topshirishga qolgan talabalar fanni
pul toʻlab oʻzlashtirishadi va keyin yana imtihon topshirishadi. Agarda yana oʻta olmasa bu holatda talaba fanni yopa olmaydi.”

Lex.uz saytida PQ  824-sonli qaror nomi bilan kredit – modul  va uning  qonun – qoidalari yozilgan. Avvalo, tizimning qanday ishlashi bilan yaxshilab tanishib, oʻrganib chiqing. Agarda tashkiliy masalalar bilan bogʻliq  e’tirozlar boʻlsa, oʻzingiz  oʻqiyotgan universitet “Hemis tizimi boʻlimi “ dan javob topsangiz boʻladi.