Talabalar ishlashlari mumkinmi?

Yildan yilga ham o‘qib ham ishlayotgan talabalar soni ko‘paymoqda. Buning sababi shundaki, ularning ko‘p qismi kontrakt miqdorini kamaytirish maqsadida stipendiyadan voz kechishadi shu sababli pulga ehtiyoj sezishadi. Yana bir sabab – kerakli ko‘nikma va tajribaga ega bo‘lish. Bu ularga o‘qishni tugatgandan so‘ng darhol ish topishga yordam beradi, chunki busiz ular kelgusida ish topishlari mushkul. Aytgancha, ish beruvchilarning ko‘p qismi talabalarni o‘qishlari tufayli ishga olishni istamaydilar. Biz Toshkent oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida o‘qish va ishlashni birlashtirish imkoniyatlari va muammolarini baholash maqsadida so‘rov o‘tkazdik. So‘rovda 230 nafar talaba ishtirok etdi.  So‘rovda ishtirok etganlarning yosh chegarasi 17 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan Toshkent, Qashqadaryo, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqanddan kelib tahsil olayotgan talabalardir.

Taqdim etilgan jadvalga ko‘ra, talabalarning 65 foizining shartnoma pullarini ota-onalari to‘laydilar va talabalarning 21 foizi esa o‘zlari to‘laydilar. Hamma uchun bir xil stipendiya va kontraktda o‘qiydiganlarning stipendiyasidan voz kechish, o‘zlarining ehtiyojlari uchun pul ishlashdan boshqa iloj qoldirmaydi. 

Respondentlarning deyarli 93 foizi ishlashni xohlaydi va asosiy sabab kelajakdagi kasb uchun zarur ko‘nikmalarni egallash, ikkinchi (va muhim) motivatsiya pul ishlashdir. Talabalar o‘z taʼlimini taʼminlash uchun qo‘shimcha daromad manbalariga muhtoj va darslardan qolib ketmaslik  uchun o‘zlariga qulay  bo‘lgan jadvalli ish izlaydilar.

Talabalar nimani taklif qilishadi?

Talabalarni ishga olishni hohlashmasligining asosiy sababi –bu ularning o‘qishi tufaylidir. Talabalar kutilmaganda sodir bo‘ladigan holatlar va sessiyalar tufayli ish va o‘qishni bir maromda olib ketishga qiynaladilar va aynan shu xususida ularning fikri quyidagicha: agar ularga fanlarni o‘zlari tanlash va jadvallarini tuzish va gibrid taʼlim shaklini kiritish imkoniyati berilsa (baʼzi fanlarni onlaynga o‘tkazish), shunda ish bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi deb hisoblashadi. 

Respondentlarning 43 foizi 6 oydan ortiq masofaviy taʼlim olishgan bo‘lib ularning yarimi Internet tezligining pastligi, texnik nosozliklar, zarur qurilmalarning yetishmasligi va boshqalar tufayli onlayn o‘qish taʼlim sifatiga yomon taʼsir  qilishi mumkinligini taʼkidladi; ikkinchisi esa bu talabalarga vaqt va pulni tejashga yordam beradi,  ko‘p sonli hujjatlar va keraksiz qog‘oz hisobotlari korrupsiya xavfini kamaytiradi va taʼlim sifatini oshiradi deb hisoblaydi.

Ko‘pchilik, o‘qishni faqat birinchi smenaga qo‘yish va dars soatlarini (80 daqiqadan 60 daqiqagacha) kamaytirish, talabalarga fanlarni tanlash imkoniyatini berish va talabalar uchun alohida bo‘sh ish o‘rinlarini yaratish yaxshiroq deb hisoblashadi. 

Barcha talabalar HEMIS o‘z vazifasini bajarishini, yaʼni o‘qituvchilarni va talabalarni qiziqtirgan kerakli fanlarni tanlash imkoniyatini berishlarini, nafaqat fanlarga kredit belgilab buni ulardan talab qilishlarini istashadi.

Qonunda nima deyiladi? 

Mehnat kodeksining 77-moddasiga binoan, 16 yoshga to‘lgan har bir kishi ishlash huquqiga ega. U xoh maktab o‘quvchisi bo‘lsin xoh talaba – bu muhim emas, lekin agar u voyaga yetmagan bo‘lsa, ota-onaning yozma roziligi talab qilinadi. Talabalarga bo‘sh vaqtlarida ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzish orqali ishlashga ruxsat beriladi. Ammo shuni yodda tutish kerakki, taʼlim ustuvor bo‘lishi kerak va ish o‘qishga xalaqit bermasligi kerak.

Ishlash yoki ishlamaslik har bir talabaning shaxsiy tanlovidir. Agar uning ishi uni o‘qishiga to‘sqinlik qilmasa, aksincha, unga bir yo‘nalishda rivojlanishiga yordam bersa va kerakli ko‘nikma va amaliyotni taʼminlasa, bu u uchun ajoyib boshlanish bo‘ladi va kelajakda ish bilan taʼminlanishiga yordam beradi. Ehtimol, bu sizning karyerangizning boshlanishi bo’lishi mumkin.