Tanishing: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi To‘rayeva Ma’mura O‘rol qizi. U adabiyotning nasr yo‘nalishida ijod qiladi. 2023-yil Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi bo‘lgan. Zomin seminari (2018) ishtirokchisi. 2022-yil Birinchi kitobim loyihasida “Bitiruv kechasi” nomli hikoyalar to‘plami nashr etilgan.

2023-yil Moldova davlatida “Nuqta” nomli hikoyalar to‘plami chiqqan. 2025-yil Posboniman muqaddas yurtning tanlovida Respublikada nasr yo‘nalishida g‘olib bo‘lgan. Bugungi kunda Germaniyaning Berlindagi Gumbold universiteti talabalari va professor o‘qituvchilari tomonidan hikoyalari nemis tiliga tarjima qilinmoqda. Talabalar ijodidan sahifamiz orqali uning quyidagi hikoyasini o‘qishingiz mumkin.
“Talabalar shaharchasi”dagi muhabbat
Ko‘klam fasli “Talabalar shaharchasi”ni ham o‘zgacha tarovatga bezagandi. Yomg‘ir shivalab yog‘ar, o‘t-o‘lanlar, kurtaklayotgan daraxtlar ifori hamma yoqni tutib ketgandi.Shunday bir kezda Karim ochiq deraza raxiga suyanganicha yotoqxonaning tepa qavatidan pastni kuzatib turardi. Ana, shamsiya tutgan uch-to‘rt qiz shivalayotgan yomg‘irni pisand etmay shodon qiyqirib kelmoqda. To‘satdan bir yigit ularning yo‘lini to‘sib chiqdi-da, papkasini boshiga soyabon qilganicha o‘rtadagi qizga dedi:
– Nilufar! Tug‘ilgan kuningiz bilan… Sovg‘ani oqshomda olasiz!
Karim hushyor tortdi. Shoshib pastga sinchkov nazarini qaratdi: “Ha, ana… qaddi-qomati, kiyinishi bilan dugonalaridan ajralib turgan qiz, Nilufar!
Bu qiz uning kursdoshi edi. Mana, bir yildan beri bir fakultetda, bir ixtisoslik bo‘yicha ta’lim olishadi. Hatto ikkalasi bir guruhda. Karim dars paytlari Nilufarga zimdan termiladi, xayolan erkalab, ardoqlab qaraydi. Biroq Karim tabiatan tortinchoq bo‘lgani bois qizga muhabbatini oshkor qila olmaydi.
“Nilufarning tug‘ilgan kuni!”
Bu mujda Karimning qalbiga titroq va umid soldi. “Demak, – xayolidan o‘tkazdi Karim, – bundan foydalanib qolishim kerak. Nima sovg‘a qilsam ekan? Shunday esdalik berishim kerakki, u sevgimni ham bildirib tursin…”
Karim xona bo‘ylab u yon-bu yonga yura boshladi. Tuyqus xayoliga kelgan fikrdan dili yorishdi.
Nilufar o‘ziga to‘q oiladan. Otasi katta korxonada rahbar. Demak, sovg‘a qimmat yoki arzon bo‘lishining ahamiyati yo‘q. Nilufar adabiyot shaydosi. Ko‘p o‘qiydi, ijodiy mashqlari universitet gazetasida bosilib turadi. Qizga yaxshi bir kitob va gul taqdim qilsa kifoya. Lekin tabrikni shunday yozish kerakki… Zora, uni o‘qib sevgilisining tosh qalbi erib…
Karim karavoti tagidan jomadonni tortib chiqardi-da, titkilab rosa uringach, nihoyat, guldor, serhasham “tabrik xati” topdi va darhol “dil dardini” yozishga tutindi.
Nilufar oshxonada taom pishirish bilan mashg‘ul edi. Aftidan, oqshomgi ziyofatga tayyorgarlik ko‘rardi. To‘satdan yengil qadam tovushlaridan sergaklanib, shoshib ortiga o‘girildi. Uning ro‘parasida hayajondan entikkanicha Karim turardi.
– Tug‘ilgan kuningiz bilan! – dedi yigit qizarib-bo‘zargancha, – to‘satdan eshitib, uzr… qolgan hamma gaplarim mana bu tabriknomada.
Karim kitob va “tabriknoma”ni qizning qo‘liga tutqazdi-yu, o‘zini eshikka urdi. Vaqtida ulguribdi, yo‘lakda oshxona tomonga qarab, qo‘llarida masalliq ko‘tarishganicha Nilufarning dugonalari kelishardi…
Karim hayajonning zo‘ridan yotoqqa sig‘madi. U boshyalang bahor yomg‘iri ostida, ancha tashqarida kezib yurdi.
Xayriyat, bir amallab tutqazdi. Hozir Nilufar uning“tabriknoma”sini quvonib o‘qiyotgandir! Ha, qiz ham uni sevadi. Sovg‘ani olayotganida, ko‘ziga qaramagan bo‘lsa-da, yuragi sezdi.
Dov-daraxtlardan tortib, yo‘laklargacha nam.
Yomg‘ir yog‘ishi kuchaygan, ammo yuragi sevgi bilan limmo-lim to‘lib-toshgan oshiq yigit buni bilmas, parvo ham qilmasdi.Biror soatlar chamasi fursat o‘tgach, Karim iziga qaytdi. Yotoqqa yaqinlashganida, taqqa to‘xtadi… Uzoqdan Nilufar ko‘rindi. Uning qo‘lida chelak, aftidan oshxonadagi chiqindini to‘kish niyatida yo‘l olgan ko‘rinadi.
Karim yugurib borib qizga ro‘baro‘ bo‘ldi.
– Menga bering! Yomg‘irda tag‘in shamollab…
Nilufar yog‘ayotgan yomg‘irga yengil ko‘z tashladi, so‘ng jilmaydi.
– Ha, mayli… Chiqindi chelakni so‘ng o‘zingiz oshxonaga eltib qo‘yarsiz.
Qiz shunday deganicha, boshqa so‘z aytmay ortiga burilib ketdi. Karim sevgilisiga xizmat qilayotganligidan mamnun holda, chopqillaganicha borib chelakni chiqindi o‘raga ag‘dardi. Karim nogoh seskanib ketdi.
To‘kilgan chiqindilar orasida, u haligina bitgan “ishqiy noma” yaqqol ko‘rinib turardi. Bu paytda yomg‘ir kuchaygan, uning yuzidagi yomg‘ir tomchilarimi yo ko‘zyoshlarimi, bilish qiyin edi…
Maqola muallifi
Ma’mura To’rayeva
talaba