2024-yil davomida poytaxtimizda talabalar 335 ta jinoyat sodir etgan. 2025-yilning birinchi choragida poytaxtdagi yoshlar tomonidan 460 ta jinoyat sodir etilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39,8 foizga yuqori. Eng yomoni, ushbu ko‘rsatgich 7,8 foizga jinoyatlar ko‘payganini bildiradi. Qolaversa, so‘nggi paytlarda talaba o‘z joniga qasd qildi mazmunidagi xabarlarni ko‘p eshityapmiz.
Afsuski, hozirgi kunda talabalar orasida jinoyatchilik va o‘z joniga qasd qilish holatlarining ko‘payishi chuqur psixologik, ijtimoiy va ma’naviy muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Bu esa aynan psixologik yordamga ehtiyoj yuqori ekanini yaqqol bildiradi. Ammo yurtimiz OTM larida talaba psixolog yordamidan deyarli foydalanmaydi, bu borada oliygohlarda sharoit ham yo‘q ya’ni mutaxassis biriktirilmagan. Bugungi vaziyatda psixolog xizmati talaba-yoshlarga juda kerak. Maqolada ayni shu mavzuda psixolog Tadjibayeva Gulnoza Xotambekovna bilan suhbatlashish jarayonida ayni mavzudagi savollarimizga javob oldik.

Gulnoza opa siz aynan o‘smir yoshdagilar bilan ishlab kelasiz, ayting-chi bu yoshdagilarga, talaba yoshlarga psixolog yordami kerakmi?
– Har bir talaba hayotida o‘qish va ijtimoiy faoliyat bilan birga emotsional va psixo-imoniy holatlariga ham alohida e’tibor qaratish muhim ahamiyatga ega. Talabalar o‘qish davrida turli xil kerakli majburiyatlar, imtihonlar, tashkilotlar va shaxsiy hayot bilan bog‘liq muammolar bilan yuzma-yuz kelishadi. Buning natijasida psixologik holatlar o‘zgarishi mumkin. Hissiy stress, tashvish va depressiya ularning o‘qishga bo‘lgan e’tiborini kamaytirish, shunday qilib, akademik natijalarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Psixolog talabaga stress bilan kurashish usullari, masalan, nafas olish texnikalari, meditatsiya va vaqtni boshqarish bo‘yicha maslahatlar berishi mumkin. Bu esa talabaning o‘z-o‘zini boshqarishini va har kungi muammolarga kamtarlik bilan yondashishini ta’minlaydi. Undan tashqari talaba stress, depressiya va boshqa emotsional muammolarga duch kelsa, psixolog uni tushunib, yanada samarali ko‘maklashishi mumkin . Psixologlarning yordami bilan talaba o‘z salomatligi va taraqqiyotiga e’tibor qarata oladi, bu esa uning kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Talabaning ehtiyoji bor ekan, nega OTMlarda psixolog faoliyati yo‘lga quyilmaydi? Yilda bir, nari borsa ikki-uch marta talaba va psixologlar o‘rtasida davra suhbati tashkil etiladi, xolos. Bu esa talabaga o‘z muammosini, dardini hammani oldida aytishga imkon bermaydi.
-Tahlil qiladigan bo‘lsak, ko‘plab universitetlarda psixolog faoliyatining to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganiga bir nechta sabablar bor:
1. Kadrlar tanqisligi malakali pedagog-psixologlar yetishmaydi. Ko‘pchilik psixologik xizmatni nazariy jihatdan bilsa-da, amaliy ko‘nikmalar yetarli emas.
2. Tizimli yondashuv yo‘qligi – psixologik xizmat ko‘pincha formal tarzda, ya’ni bo‘sh lavozimni to‘ldirish darajasida olib boriladi, lekin strategik reja asosida ishlanmaydi.
3. Talabalar ishonchsizligi – ko‘pchilik talaba psixologga murojaat qilishni uyat yoki zaiflik deb hisoblaydi. Bu madaniyat darajasi va xabardorlik yetishmovchiligi bilan bog‘liq.
4. Moliyaviy va tashkiliy resurslar yetishmasligi – universitetlar psixologik xizmatni to‘liq ta’minlash uchun yetarli mablag‘ va infrastrukturaga ega emas.
5. Ota-onalar va jamiyatning roli – ba’zida ota-onalar yoki jamiyat psixologik muammolarning mavjudligini tan olmaydi, bu esa o‘quvchining muammosini chuqurlashishiga olib keladi.
Shuning uchun, universitetlarda psixologik xizmatni kuchaytirish, malakali mutaxassislarni tayyorlash va talabalar orasida psixologik madaniyatni shakllantirish dolzarb masaladir. Bu borada tizimli islohotlar, psixologlar uchun doimiy malaka oshirish kurslari va psixologik xizmatga ijtimoiy ishonchni oshirish zarur.

Yoshlarni nafaqat muammolari bilan ishlashda psixolog yordamidan foydalaniladi, qolaversa, ularni o‘qishga qiziqtirish, muvozanatni ushlashda ham psixolog kerak, shunday emasmi?
– Albatta, shu maqsadda maktablarda psixolog xizmati yo‘lga qo‘yilgan, va bugungacha katta samara bermoqda, qolaversa xorijiy tajriba asosida yoshlar bilan ishlovchi o‘quv markazlarida ham psixologlar faoliyati olga quyilyaptiki, bu yaxshi natija bermoqda. Men ham 2025 yil poytaxtimizdagi Summit oquv markazi bilan o‘smirlar bilan ishladim, bu borada tahsinga loyiq yutuqlarga erishdik. Aytmoqchi bo‘lganim, OTMlarda ham psixolog xizmatini doimiy ravishda yo‘lga quyish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu nafaqat jinoyatlar, o‘z joniga qasd qilish kabi salbiy holatlarni oldini oladi, qolaversa, talabalarni o‘qishga qiziqtirishi, ularga ishtiyoq bera olishi, murakkab vaziyatlardan oson chiqib ketib imkoniyatini beradi
Yoshlar bilan ishlash o‘ziga xos yondashuvni talab etadimi? Ular bilan ishlash katta yoshdagilar bilan ishlashdan nimasi bilan farq qiladi?
-Yoshlar bilan ishlash o‘ziga xos yondashuv va nozik psixologik sezgirlikni talab qiladi. Chunki:
• Ular hayotiy tajribaga ega emas, hissiyotlarini boshqarish qiyin bo‘lishi mumkin;
• Shaxsiylik (identitet) shakllanish jarayonida bo‘ladilar, bu esa ichki ziddiyatlarni keltirib chiqaradi;
• Atrof-muhitga (ota-ona, do‘stlar, jamiyat, internet) kuchli ta’sirchanlik bor;
• Har qanday beparvolik yoki noto‘g‘ri muomala ularda ishonch yo‘qolishiga va psixologik blok hosil bo‘lishiga olib keladi.
Shuning uchun yoshlarga mehr, ishonch, tinglash madaniyati va hissiy qo‘llab-quvvatlash asosida yondashish juda muhim.
Talaba psixologga murojaat qilishdan tortinsa, o‘z-o‘ziga qanday yordam berishi mumkin?
– Agar talaba psixologga murojaat qilishdan uyalayotgan bo‘lsa, u o‘ziga mustaqil tarzda quyidagi usullar bilan yordam berishi mumkin:
• O‘zini tinglash va his-tuyg‘ularni aniqlash: Nimalar uni qiynayotganini yozib borish (journaling) orqali ichki holatini tushunishga harakat qilish.
• Naqshlar (triggers) va reaksiyalarni kuzatish: Muayyan holatlarda nima uchun xafa yoki xavotirga tushishini tahlil qilish.
• Oddiy nafas mashqlari va meditatsiya: Stress va xavotirni kamaytirishga yordam beradi.
• Ishonchli odamlar bilan suhbat: Do‘st, ota-ona yoki ustoz bilan dardlashish yengillik keltiradi.
• Motivatsion kitoblar, videolar, podkastlar: O‘z-o‘zini rivojlantirish vositalaridan foydalanish mumkin.
• Reja va maqsadlar qo‘yish: Hayotini tartibga solish orqali ruhiy barqarorlikka erishadi.
Tavsiyalar:
• Psixologga murojaat qilish zaiflik emas, balki o‘ziga g‘amxo‘rlikdir.
• Har bir inson hayotida psixologik og‘irliklar bo‘lishi tabiiydir.
Talaba o‘zida psixologik muammo borligini qanday aniqlashi mumkin?
– Quyidagi belgilar psixologik muammoni ko‘rsatishi mumkin:
• Doimiy tushkunlik, umidsizlik, yolg‘izlik hissi;
• Ehtiyoj bo‘lmasa ham yig‘lash yoki g‘azablanish;
• Uyqu buzilishi, ishtaha yo‘qolishi yoki haddan tashqari ortishi;
• Darslarga yoki hayotga bo‘lgan qiziqishning yo‘qolishi;
• Tez-tez bosh og‘rishi, yurak urishining tezlashuvi, bezovtalik;
• “Men hech kimga kerak emasman”, “Hamma narsa befoyda” kabi salbiy fikrlar;
• O‘z joniga qasd qilish fikrlarining paydo bo‘lishi.
O‘zbekiston talabalarining psixologga murojaat qilmasligining sabablari nimada?
Psixologga borish zaiflik deb qabul qilinadi.
• Ishonchsizlik: Psixolog sir saqlamaydi degan noto‘g‘ri fikrlar mavjud.
• Malakali mutaxassislar yetishmovchiligi: Ba’zi joylarda psixologik xizmat sifati past.
• Raqamli psixologiya platformalarining yo‘qligi: Onlayn va anonim murojaat qilish imkoniyatlari cheklangan.
• Tizimli yondashuv yo‘qligi: Universitetlar psixologik xizmatni yetarli targ‘ib qilmaydi.
Xulosa sifatida, talabalarni ruhiy sog‘ligiga e’tiborli bo‘lishga o‘rgatish, psixologik madaniyatni targ‘ib qilish va ishonchli xizmatlarni rivojlantirish dolzarb masala hisoblanadi.OTM larida esa maktablarda bo‘lgani kabi, psixologlar xizmatini tashkil etish lozim.