“Talabaga oliygoh tomonidan ”suyunchi puli”  to‘lanadi”

“Assalomu alaykum! “Avlod media” jamoasi. Men har safar talabalar huquqiga oid savollarimga tushunarli qilib javob olaman, buning uchun sizlarga rahmat. Tizimdagi yangiliklar eng tezkor va aniq ma’lumotlar bilan tanishtirib borasizlar, buning uchun sizlarga kursdoshlarim  nomidan ham tashakkurimni bildirmoqchiman!

Savolim shundan iboratki, men magistraturada o‘qiyotgan paytimda  farzandli bo‘ldim. Turmush o‘rtog‘im ham talaba. Suyunchi puli oliygohdan beriladimi? Men institut rahbariyatiga murojaat qildim,ammo rad javobini oldim. Bilishimcha, talabaga oliygoh tomonidan ”suyunchi puli”  to‘lanadi. Suyunchi puli oldim degan talabalarni eshitganman. Qayerga murojaat qilishim kerak?”

Ushbu xabar Toshkent Stomatologiya instituti magistranti Fotima ismli magistrdan kelgan. Bizga talabalardan shu mazmundagi bir necha murojaatlar bo‘ldi. Javob quyidagicha:

Ma’lumot o‘rnida: Suyunchi puli olish uchun hech qayerga murojaat qilish shartmas, avtomat ravishda ota-onadan biring plastik kartasiga tushadi.

Qonunchilikka ko‘ra, istalgan oilada farzand tug‘ilganda bir martalik nafaqa puli beriladi. Bu xalq tilida “suyunchi puli” deyiladi.

Ushbu “suyunchi puli” ota-ona nima ish qilishidan qat’i nazar barcha fuqarolarga beriladi, xoh davlat ishida, xoh xususiy sektorda ishlasin, xoh ishsiz bo‘lsin, xoh talaba bo‘lsin, farqi yo‘q. Hamma oladi.

Hozirda “suyunchi puli” summasi — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 70,3 foizi deb belgilangan. Ya’ni hozirgi kunda 738 ming 150 so‘mni tashkil etadi.

Bir necha yillar oldin ushbu “suyunchi puli”ni ishlayotganlar ish joyidan, o‘qiyotganlar o‘qish joyidan, ishsizlar esa nafaqa jamg‘armasidan olar edi.

Ammo bu tizim o‘zgarib ketganiga 4 yil bo‘ldi.

Qolaversa, bugungi kunda bola tug‘ilganda “suyunchi puli” olish uchun hech qayoqqa murojaat qilish shart emas. Kimgadir ariza berish ham, qayoqqadir borib uchrashish ham shart emas. Barchasi avtomatlashgan.

Suyunchi puli olish tartibi qanday?

Bola tug‘ilganda avtomatlashgan tizimning o‘zi JShShIR raqam beradi, tug‘ilganlik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun ariza yuboradi, bog‘chaga navbatga qo‘yadi, poliklinikaga ro‘yxatga kiritadi. Xuddi shunday “suyunchi puli” ham ota-onadan birining plastik kartasiga avtomat tushadi. Yana qaytaraman, buning uchun hech qayoqqa borish yoki ariza berish shart emas.

Aziz talabalar! Oliygohdan suyunchi  puli ajratilmaydi. Bola tug‘ilganda rektor nomiga ariza bersak, pul olarkanmiz, degan xabarlar eski. Hozir bunaqa tizim yo‘q.