Talabaga forma kerakmi?

Dastlab forma tushunchasiga toʻxtaladigan boʼlsak, bu atama maʼlum bir sohada ishlovchilarni vazifasiga koʻra farqlab turish uchun maxsus belgilangan kiyim hisoblanadi. Lekin forma kiyish talabalardan qatʼiy talab etilishi kerakmi? Xo ʼp, shifokorlik kasbini egallash maqsadida tibbiyot yoʻnalishida oʻqiyotgan talabalar darsda oq xalat kiyishlarini tushunish mumkin,ammo boshqa yoʼnalishidagi talabalardan forma talab etilishi qanchalik toʻgʻri? Talabalar bir xil, yaʼni oq-qora forma kiyishi kerakmi? Aslida ham OTMlar axloq qoidalariga koʻra oq-qora forma majburiymi?

Kiyim taʼlim sifatiga qanchalik taʼsir qiladi?

Ayni savolga Oliy taʼlim va fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida kiyim taʼlim sifatiga taʼsir qilmasligini taʼkidlab, OTMlardagi kiyinish boʻyicha talablar oliygohning «oʻz brendini yaratishi» bilan bogʻliq ekanligini, vazirlik tomonidan OTMlarga kiyim borasida hech qanday topshiriq berilmaganligini aytgan. Vazir shuningdek:

– «Hech kim tomonidan unaqa topshiriq boʻlmagan. Lekin har bir oliy taʼlim muassasasi oʻzining brendini yaratishi kerak. «OTM yuqori malakali mutaxassis tayyorlayapti» degan brend, bu nafaqat oʻqituvchilarda, talabalarda ham koʻrinishi kerak. Chunki OTM – bu madaniyat oʻchogʻi ham.

Har bir OTMda qabul qilingan tartib bor. Shu tartibga rioya qilsa, marhamat… U OTM bilan shartnoma qilyapti… Masalan, hozir siz yaxshi kiyinibsiz, mana shunday kiyinib yursa, nimasi yomon, kelaversin darsga, nega «galstuk taqqin» deyish kerak? » – taʼkidladi OTFIV rahbari.

Oliygohlarda «dress code » qoidalari qanday?

Bugunda aksariyat OTMda ichki tartibga asosan talabalar odob-axloq qoidalaridan chetga chiqmagan holatda kiyinishlari belgilangan. Oliygohlardagi axloq qoidalari oddiy va sodda mazmunga ega boʻlib, koʻproq tavsiyaviy xarakterga ega. Zamonaviy, boshqalar diqqatini tortmaydigan, klassik toʻq rang (qora, toʻq koʻk, toʻq jigarrang kabi) va och rang (oq, moviy, och kulrang kabi) kontrastini oʻzida aks ettirib, ochiq boʻlmagan, kamtarona koʻrinishda boʻlgan kiyimlar.

Mumkin emas: tananing koʻp qismlarini ochiq qoldiruvchi yoki shaffof kiyimlar, yorqin va yaltiroq matolardan tikilgan, koʻplab bezaklari boʻlgan va kishi diqqatini jalb qiluvchi, shuningdek, diniy ibodat kiyimlari, ortiqcha taqinchoqlar, tatuajlar, sport kiyimlari, sport mashgʻulotlaridan boshqa vaqtlarda, tabiiyki, hamda soqolda kelish. «Diniy kiyim» emas, «diniy ibodat kiyimi» degan iboraning qoʻllanishi – talabalar bilan kelib chiqishi mumkin boʻlgan kelishmovchiliklarning oldini olishga qaratilgan

Universitetlarning ichki tartibidagi «dress code » qoidalarini oʻqib chiqib, shunday xulosaga kelish mumkin: oʻqish vaqtida, atrofdagilarni chalgʻituvchi kiyinish elementlari taqiqlangan, xolos.

Faqatgina, tibbiyot yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar uchun kasbga doir majburiy forma-oq xalat talab etiladi, pedagogika yoʼnalishidagilar uchun ham oq-qora forma kiyish ko‘rsatilgan.

Zuxriddin Ubaydullayev, Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi TATU boshqarma boshlig’i

–Universitetimizda talabalar uchun ichki tartibga asosan odob-axloq qoidalari joriy etilgan va unga koʻra qatʼiy forma joriy etilgan, ammo talabalarimiz odob-axloq qoidalaridan chetga chiqmagan holatda kiyinishlari zarur.

Shuningdek, talabalarning universitetga kelishi ruxsat etilgan formasiga turli din va konfessiyalar hamda submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qoʻshmaslik tavsiya etiladi. Talaba-qizlar universitetga och rangli va yorqin rangda boʻlmagan bluzkalarda, tizzani yopib turadigan yubka yoki odmi kostyum va toʻq rangdagi poyabzalda kelishlari lozim, shuningdek, oʻzlari bilan zaruriy oʻquv vositalarini olib kelishlari shart.

Universitet xodimi, talabasi va doktoranti boʻlgan erkaklar oq, havorang, och jigar rang yoki och kulrang koʻylakda, klassik uslubdagi shim yoki odmi kostyum, galstukda va toʻq rangdagi poyabzalda kelishlari lozim.

Xodimlar, talabalar va doktorantlarning tashqi qiyofasi va kiyimlari ozoda, pokiza boʻlishi lozim.

Munira Baltayeva, Chirchiq davlat pedagogika universiteti 4- kurs talabasi:

Bizning universitetimiz talabalari uchun oq-qora forma kiyish talab etiladi. Kutubxonachilarimiz seriy rangda kiyishadi. Rangli, kiyinish va «titilgan, tizzasi yirtiq» kiyinish mumkin emas. Boʻlajak oʼqituvchilar tartibli intizomli boʼlishi lozim. Shuning uchun forma masalasiga qatʼiy qarash kerak deb oʻylayman.

Xorijiy OTM da dress code joriy etilganmi?

«Avlod media» dunyoning turli nuqtalarida taʼlim olayotgan Oʻzbekistonliklar bilan suhbatlashib, talabalar kiyimiga qoʻyilgan talablar haqida soʻradi. Ularning aytishicha, aksariyat xorijiy OTM larida uy kiyimida borsa ham boʻlaveradi faqat diqqat oʻqishga qaratilar ekan

Samandar Ismoilov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti bosh ilmiy xodimi

– Britaniyaning barcha universitetida forma talabi yoʻq, hamma xohlagan kiyimini kiyib boradi.Universitetda oʻqishni talab qilish kerak, forma tashqi koʻrinish uchun, umuman universitet darajasida talab qiladigan narsa emas. Talaba topganini kiyadi. Men Toshkentdagi Westminster universitetida bakalavrni tomomlaganman. Bu oliy taʼlim muassasasida ham qatʼiy forma talab etilmagan, oʻqish talab etilardi. Bakalavrni tomomlagach Buyuk Britaniyadagi University of Leicester universitetida tahsil oldim. U yerda ham hamma topganini kiyadi, talabalarga erkinlik berilgan. Britaniyaning hamma universitetida forma talabi yoʻq, hamma xohlagan kiyimini kiyib boradi

Asadbek Xolmurod oʻgʻli, Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti (PIMU) 4-bosqich talabasi

 – Men oq-qora formani yoqlamayman. Talabalar voyaga yetgan va mustaqil fikrga ega, ularga bir nechta namunalarni taklif qilish toʻgʻriroq boʻlar edi. Boshqa tarafdan, kiyinish qoidalari butkul olib tashlansa, talabalar oliygohlarni toʻyxonaga aylantirib yuborishlari mumkin.

Men o‘qiyotgan Rossiyadagi Privoljsk tadqiqot tibbiyot universitetida forma kiyish joriy etilgan.Toʻgʻri, universitet hududiga hamma xohlagan kiyimda kelishi mumkin ammo darslarda forma kiyishi shart. Bu bizga qiyinchilik tugʻdirmaydi, aksincha talabalikdanoq shifokorlik kasbini his etgandek boʻlamiz. Bu kasbni egallash orzuim boʻlganligi uchun faxr bilan kiyaman bu formani.

Xurshid Botirov Toshkent Davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi

 – Menimcha, forma kiyish faqat tibbiyot yoʻnalishida, harbiy akademiyalarda oʻzini oqlaydi, qolgan joylarda bu erkinlikni jiddiy cheklaydi. Axborotni oʻzlashtirish uchun oʻzingizni qulay his qilishingiz kerak.

Feruza Muhiddinova Toshkent Davlat yuridik universiteti professori

 – Koʻngil nimalarni istamaydi? Talaba istagan erkin kiyimda kelishi koʻpincha boshqa talabalarning diqqatini tortadi va dars mazmuniga salbiy tasir etishi mumkin. Shuning uchun forma talabalar oʻrtasida tenglikni taʼminlaydi: hamma birdek, boy, kambagʻal degan tushuncha dunyoqarashni yoʻqotadi. Koʻp yillik tajribamdan kelib chiqib,forma yaxshi deb o‘ylayman. Chunki har bir OTM ning sohasiga mos forma boʻlishi yanada maʼqul boʻladi. Bu talabani har daqiqa oʻz sohasini eslatib tarbiyaladi. Maʼnan yuksak va fidoyilikka yetaklaydi

Qaysi universitet talabalari  zo‘r kiyinadi?

Yuqorida aytilganidek, kiyim taʼlim sifatiga taʼsir qilmaydi,ammo universitet imijini shakllantirishga xizmat qilishi bor gap. Misol uchun oq koʻylak,kostyum shim kiygan, oʻziga yarasha tartibli koʻrinishga ega zamonaviy yigitlarni  kiyinishidan Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya universitetida yoki Toshkent Davlat Yuridik universiteti oʻqishini payqagandek boʻlamiz. Aynan mana shu universitet imijini shakllangani desak, toʻgʻri boʻladi? Ularga koʻcha-koʻyda koʻrgan odamlar ham nufuzli oliygoh talabasi ekan deb havas bilan qarashadi. Albatta, bu boshqa talabalar uchun raqobat muhitini yaratadi. Toʻgʻri bu imij bir ikki yil vaqt ichida shakllangani yo ʼq, ko ʼp yillar davomida bunday qatʼiy kiyinish talabi yuzaga kelgani aniq.

«Talaba topganini kiyadi»

Biz maqolada, talabaning kiyinishi uning bilim olishiga nechogʻlik taʼsir qilishi borasida shunchaki, turlicha qarash va fikrlarni o ʼrganganlarimizning bayonini yozdik. Yuqoridagi fikrlardan ayta olamizki, «Yurtga oʻz sohasining bilimdoni boʻlgan malakali kadrlar zarur. Intizomli forma kiygan, lek mutaxassisligi boʼyicha noʻnoq kadrdan koʼra fudbolka va jinsi shimda boʻlsa ham, aytaylik IT bo‘yicha dunyoning manaman degan mutaxassislari bilan bellasha oladigan yangicha qarashga ega talabadan ertaga el-yurt, vatan manfaatdor emasmi?» yoki «Talaba topganini kiyadi» qabilidagi qarashlar koʻpchilikni tashkil etadi. Qolaversa Oliy taʼlim va fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov kiyim taʼlim sifatiga taʼsir qilmasligini shaxsan oʼzlari ham taʼkidlamoqdalarku!.

Shunday ekan, oliy taʼlim muassasalarining oldida bugun taʼlim sifatini rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlashdek muhim vazifa turgan bir paytda, formaga eʼtibor qaratish qanchalik zarur? Xulosa esa oʻzingizdan.