Talaba yigitlardan 8 xil bayram tabrigi!

8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami muborak bo‘lsin!

Biz dunyoga keliboq birinchi bo‘lib ayol kishini ko‘ramiz. Ona mehri bilan ulg‘ayamiz, otashin muhabbat ham ayollarimiz uchun she’rlar bitishga undaydi. 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan talaba yigitlardan noodatiy tabriklarni siz aziz ayol-qizlarimizga tuhfa etamiz. Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ayollar! Siz borsizki, biz mavjudmiz. Siz borsizki biz harakatdamiz. Hayotdagi eng katta motivatsiya bu sizsiz. Baxtimizga omon bo‘ling!

Shahzod Turdiyev, Koreyadagi “Keimyung University tourism-management” talabasi:

8 qiz va 1 o‘g‘ilning onasi, 30 nabira va 5 evaraning buvijonisi! 70 yoshda ham go‘zalligiga gard yuqmagan mo‘tabarimiz, mehribonimiz, qalbimizning sultoni, volidamning volidasi 8-mart ayommi muborak bo‘lsin! Bahor gullari barcha go‘zalligini sizdan olgan. Farzandlaringizning kamoli, nabiralaringiz baxtini ko‘ring. Fazilatli beg‘uborim, soddagina xokisorim, o‘zbegimning asl ayoli, biz uchun doimo qadrli va mo‘tabar insonsiz. Sochlaringizda oq, nurli chehrangizda ajinlar bo‘lsa ham, Anjelina Jolidan-da latofatlisiz, buvijonim! Nabiralaringizning nabiralarini ham yetaklab yuring, har bir baxtli onimizda yonimizda bo‘ling. Sizni yaxshi ko‘ramiz, sizni sevamiz!  Go‘zallar bayrami, go‘zallik bayrami muborak bo‘lsin! Onajonlar bayrami muborak bo‘lsin!

Otaxonov Ramazon, Toshkent davlat transport universiteti 3-bosqich talabasi:

Bolaligimda sho‘xligimni ko‘targan, onam kabi qo‘limdan tutib yurg‘izgan, yutuqlarimni ko‘rib o‘zi erishgandek quvonadigan, opalarim, bayramingiz muborak bo‘lsin! Bola qalbingiz bilan mehr berib erkalagan davringizni hanuz qo‘msayman. Baxtli opa, baxtli ona, baxtli ayol bo‘lib yuringlar. Sizlarning  har bir  quvonchingiz men uchun baxt. Bayramingiz muborak bo‘lsin Sohiba va Madina opajonlarim!

Norkuvvatov Hasan, Samarqand davlat universiteti 3-bosqich talabasi:

Hurmatli kursdosh qizlar, sizlarni 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman! Kelajak rejalaringizga omad tilayman. Chiroyli, hamma havas qiladigan baxt egasi bo‘linglar. Ba’zan sho‘xlik qilsak, kechirdingiz. Konspektlar yozib berganingiz uchun alohida rahmat! Oraliq va yakuniy nazoratlarda ko‘chirtirganingiz, darsga kelmay qolsak, yonimizni olganingiz, “hozir kelyapti ekan” deb nazoratchiga “NB” qo‘ydirmaganingiz uchun minnatdormiz! Oilangiz baxtiga sog‘-omon bo‘ling! Dunyodagi eng ezgu tilaklarim sizlarga atalgan! Boringizga shukr!

Bekpoʻlat BAXTIYOR, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti magistranti:

Bahor gullaridek ochilib, kulsang,
Har kun nigohimda oy kabi toʻlsang.
Ey, yorim, umrimiz gashtin suramiz,
Baxtliman, baxtimga baxtiyor boʻlsang!

Dillarda qolmasa zarracha gʻubor,
Men ila hayotda shodlanib kulsang.
“Begim, baxtliman” deb aytsang-u bir bor,
Baxtliman, baxtimga baxtiyor boʻlsang!

Farzandlarim onasi, bayraming muborak boʻlsin!

Kamoliddin Azzamov Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 2-bosqich talabasi:

Men soʻzga chechan odam emasman. Kishilar oldidagi biyronligimga qarab, “juda gapga usta ekan” deb oʻylashlari mumkin. Aslida eng zarur, eng tayinli gaplarga kelganda, tilimga tushov tushib, tolqon soʻradigan gʻalati odatim bor.

Oʻtgan yigirma yillik umrimni oldimga yoyib qoʻysam, unda bir kaftimni toʻldirmaydigan sanoqli zarur soʻzlar chiqsa kerak. Balki, meni yomon farzand deb oʻylarsiz, chunki ayamga ularni qanchalar yaxshi koʻrishimni juda-juda kam aytgan ekanman...

Hozir suratlarimni birma-bir koʻrib chiqib ham bunga yana bir bor amin boʻldim. Yetti yot begonalar bilan tushgan suratim bor, lekin oʻz ayam bilan tushgan alohida suratim yoʻq ekan. Ayam va men tushgan hamma suratlarda uchinchi kimdir bor, albatta…

Bugun barcha kechikishlarim, soʻzga boʻlgan ziqnaliklarimga birdan badal berishni istayman. Ammo ilojsiz. Shunday boʻlsa ham, butun olam bilsin:

 — Mening men boʻlishimga sababchi inson, borim, kecham va bugunim, ertangi kunim yorituvchisi – aya, sizni yaxshi koʻraman. Men yomonga yaxshi ona boʻlganingiz uchun rahmat!

Bahromov Samarbek, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedogogika instituti 3-bosqich talabasi:

Har bir insonning komil shaxs bo‘lib vovaga yetishida, yetuk kasb egasi bo‘lib jamiyatda o‘z o‘rnini topishida ustoz – muallimlarning o‘rni juda beqiyos. Yuragi g‘ayrat-shijoatga to‘la, yoshlar tarbiyasi yo‘lidagi mas’uliyatli vazifani o‘z zimmalariga olgan ustozlarga minnatdorchilik bildiramiz. Qalbi ezguliklarga yo‘g‘rilgan aziz ustozim, bayramingiz muborak bo‘lsin! Nilufar opa sizni kirib kelgan 8-mart bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman. Baxtimizga doimo sog‘ salomat bo‘ling. Farzandlaringiz baxtini ko‘rib yuring. Biz shogirdlaringizga ilm ulashishdan aslo charchamang!

Sher-Ali Bo’riboyev, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi:

Zuzu, 8-mart “yalmog‘izlar” bayrami bilan tabriklayman! Bo‘yingiz o‘sib eshiklarga sig‘may qoling. Sizga erishadigan baxtiqaro ham tezroq kelsin. Ko‘rish armon bo‘lib qolmasin. Bayram bilan tabriklayman, lekin sovg‘a yo‘q. Sovg‘ani tug‘ilgan kuningizda olasiz. Bayram muborak bo‘lsin!

Abduraximov Alibek. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali 4-bosqich talabasi:

Mening suyukli mehribonim! Sizni kirib kelgan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman! Sizga sog‘liq-salomatlik, baxt va omad, oilaviy tinchlik-xotirjamlik tilayman. Bu go‘zal yuzlaringizdan hech qachon tabassum arimasin. Yaqinlaringiz baxtiga doimo sog‘-salomat bo‘ling. Barcha ezgu niyatlaringizga yetishing. Bahoriy kayfiyat sizni hech qachon tark etmasin! Men sizni yaxshi ko‘raman! Baxt qasriga birga kirish nasib etsin! Doim qalb ardog‘imdasiz!

Muallif: Ravshan Burxonov