Soat 23:12. Yig‘layapman.
2 oydan keyin 22 ga kiraman. Men qilgan rejalarim, orzu umidlarim bo‘yicha allaqachon bir necha davlatlarga sayohat qilgan, kamida dadasiga mashina olib berib, uy olishga tayyorlanayotgan qiz bo‘lishim kerak edi.
Lekin… Hali ham 2 ta ishda ishlayotgan bo‘lsam ham oylikdan oylikka qarab yashayman. Kontraktimni to‘lashim kerak. Kompyuterimni ustaga ko‘rsatishim kerak, bugun juda qattiq qolib, asabimni buzdi. Unga pul, bunga pul…
Ishlarimning ikkalasi ham qiyin emas aslida, behisob shukur, buning uchun minnatdorman, biror marta og‘ir ish qilmaganman, lekin ba’zan ishlash shunaqangi jonimga tegadiki, bir deganda hammasidan bo‘shab ketgim keladi. Lekin… pulsiz qolib ketaman.
Ba’zan agar erga tegsam muammolarim yechilib qolar deb orzu qilaman, umuman ishlamayman, erim bergan pulga maza qilib yashayman deb. Lekin… atrofimdagi turmushga chiqqanlarning hayotiy voqealarini eshitib erga tegish degan narsani ham xohlamay qolaman. Ortiqcha xo‘jayin kerakmas hozir. O‘zi umuman nimaga ko‘pchilik erkaklar ayoliga boshliqday, xuddi unga “xo‘jayindek” munosabat qilishadi, do‘stona yashasa, bir biri bilan chiroyli munosabatda bo‘lsa kimdir kelib ularni urishadimi? Tushunarsiz, umuman tushunarsiz…
Hozir dadam telefon qildi. Qizim yaxshimisan dedilar. Men… Men qanday qilib yoq dada, men qiynalyapman, charchadim, o‘qigim ham, ishlagim ham kelmayapti deb aytaman. QANDAY? Hammasi yaxshi dedim. Hammasi yaxshi. Yaxshi…
Hozir tinmay yig‘i kelyapti ko‘zimga, boshimni olib qayerlargadir ketgim kelyapti. Lekin qayerga bormay, bilamanki, muammolarim men bilan boradi, ularni tashlab ketish ilojsiz.
Soat 23:30 kvartiradagi qizlar uxlay demaydi, birov ertaga erta turadi balki uxlashga yotdi demaydi, baland baland ovozda gapiradi yana. Yoki menga shunday tuyuladimi? Umuman men bilan birga yashayotgan qizlarni yaxshi ko‘raman, lekin mana shunaqa paytlarda o‘ta asabim chiqadi, cho‘ntak ko‘tarsa bitta uyda bir o‘zim yashasam, faqat o‘zim. Birovni g‘ing degan gapini eshitmasdan. Lekin…
Men irodali bo‘lishim kerak. O‘zimni qo‘lga olishim kerak. Bu qiyin. Menimcha hayotda nimadirlar qilayotgandayman, lekin natija ko‘rmayapman go‘yo. Birov bilan taqqoslamay deyman, lekin nafs o‘lgur qara bu dugonang bu joyga sayohatga ketdi, bunisi chet elga grant yutdi, bunisi unashtirildi, yana bittasi erga tegdi, yana bittasida allaqachon ikkinchi farzandini tug‘di deydi. Ey Xudo, o‘zing kechir, kechir men noshukur bandangni…
Yana yig‘lab boshladim.
Boshim og‘rib ketdi…
Qani edi miyamni o‘chirib qo‘ya olsam.
Erta balki hammasi yaxshi bo‘lib ketar.
Bo‘lmasa-chi?
Agar shu uxlashim bo‘yi qaytib ko‘zimni ochmasam-chi, bira-to‘la hammasidan qutularmidim?
Menimcha ko‘pchilik o‘z joniga suiqasd qilganlar ham shu vaziyatdan o‘tgan, va shu nuqtaga kelib, bu dunyoni tark etish qarorini berishgan.
Lekin… Lekin men o‘lmasligim kerak.
Ota-onam azoblanadi. Axir shuncha yil unib o‘stirgan katta farzandiman, ular bunga chida olishmaydi. Boshqalar-chi? Balki boshqalar boshida hayron qolishar, bitta ikkitasi yig‘lashi ham mumkin, lekin yana hayotlarida davom etishadi, o‘rnimga boshqa ishchilar bir haftaga qolmay ish boshlashadi (balki undan ham oldin), kursdoshlarim xursand bo‘lib bakalavrni bitirishadi, qarindoshlarim ham oilam ham taqdirga tan berishdan boshga chorasi qolmaydi.
Lekin ota-onamga qiyin bo‘ladi, ayniqsa onamga.
Balki hammasi yaxshi bo‘lib ketar. Aytgancha, bugun sana to‘qqizinchi, erta indin oylik tushadi, tezroq tushsa qolsa edi…
Balki ertaga atlas ko‘ylagimni kiyarman, kayfiyatim ko‘tarilardi. Ha shunday qilaman.
Hozir chuqur nafas olaman va uxlashga yotaman.
Ha menimcha shunisi yaxshi, ha mayli hammasi bir gap bo‘lar. Hammasi Xudoning nazorati ostida.
Alloh esa bandalarini ularning onalaridan ham ko‘proq yaxshi ko‘radi, shuning uchun hech nimadan qayg‘urmay uxlasam ham bo‘ladi.
Shu qizlar tezroq uxlay qolsa ekan endi. Ovozlaridan uxlab bo‘lmaydi.
Mayli tinchlanamiz.
Xayr.