Talaba auditoriyadan chiqishi bilan yurak urishi tezlashadi. Sababi – u oldidagi 10 daqiqalik tanaffusni to‘g‘ri taqsimlashga majbur: U bu vaqt oralig‘ida ovqatlanishi, hojatxonaga borishi, keyingi dars auditoriyasiga yetib olishi kerak. Oshxonaga yugursa, navbat uzoq. Hojatxonaga o‘tsa, u yerda ham odam to‘la. Zinadan chiqsa – nafas yetishmaydi, liftni kutsa – darsga kechikadi. Oxir-oqibat, hech narsaga ulgurmay yana dars boshlanganini bildiruvchi qo‘ng‘iroq yangraydi.
Bu bilan barcha OTMlarda shunday holat demoqchi emasman, faqatgina O’zJOKUdagi jarayonni misol qilib keltiryapman.
Bu shunchaki tasvir emas, balki aksariyat universitet talabalari har kuni duch keladigan haqiqat. Tanaffuslar jismoniy va ruhiy tiklanish, asosiy ehtiyojlarni qondirish va keyingi darsga tayyorlanish uchun ajratilgan vaqt bo‘lishi kerak. Lekin hozirgi vaziyatda tanaffus auditoriyalar orasida yugurish, navbat kutish yoki shunchaki stress bilan o‘tmoqda.
Odatda, universitetda bitta dars 80 daqiqa davom etadi. Tanaffuslar esa 10 daqiqadan iborat. Kuniga 3-4 ta dars bo‘lishini hisobga olsak, talabalar taxminan 4-5 soat davomida faqat 30-40 daqiqa tanaffus bilan cheklanishadi. Keling, talabalar tanaffus vaqtida nimalarga ulgurishi kerakligini kengroq tahlil qilamiz:
1. Oshxonaga borish va ovqatlanish
Universitet oshxonasida talabalar soni ko‘p, lekin xizmat ko‘rsatish tezligi past. Navbatda turish, ovqat tanlash va iste’mol qilish uchun kamida 20 daqiqa vaqt talab etiladi. 10 daqiqalik tanaffusda esa talaba faqatgina navbatda turishga ulguradi, xolos. Natijada, talabalar fastfud yoki gazak bilan kunni o‘tkazishga majbur. Bu esa ovqat hazm qilish muammolariga olib kelishi mumkin.
2. Hojatxonaga borish
Universitetdagi hojatxonalar soni talabalar oqimiga mos kelmaydi. Navbat ko‘p bo‘lgani sababli 10 daqiqalik tanaffusda hojatxonadan foydalanish ham muammo bo‘lib qoladi.
3. Dars xonasini o‘zgartirish
Ayrim darslar turli binolarda bo‘lib o‘tadi. Tanaffus vaqtida talaba bir binodan boshqasiga o‘tishi kerak bo‘lsa, bu qo‘shimcha stress va kechikishlarni keltirib chiqaradi. Universitet binosi katta bo‘lsa, lift yetarli bo‘lmasa, talabalar zinadan yugurib chiqishga majbur bo‘ladi.
4. Psixologik va jismoniy dam olish
Talaba 80 daqiqalik og‘ir intellektual yuklamadan so‘ng miyani qayta tiklashi uchun hech bo‘lmaganda 10-15 daqiqa kerak bo‘ladi. Lekin qisqa tanaffus tufayli u faqat dars xonasidan chiqib, boshqa xonaga o‘tish bilan band bo‘ladi.
Doimiy shoshilish stressni oshiradi. Bu esa asabiylashish, charchash va motivatsiyaning pasayishiga olib keladi. Darsga kechikkan talaba o‘zini aybdor his qiladi, bu esa uning o‘ziga bo‘lgan ishonchini susaytiradi.
Universitet bunday tizimni nima uchun joriy qilgan?
Ha, qisqa tanaffuslarning ham ayrim afzalliklari bor. Masalan:
– Darslar tezroq tugaydi, shuning uchun talabalar ertaroq uyga qaytib, boshqa ishlarini rejalashtirishi mumkin.
– Darslar orasidagi uzoq tanaffuslar ayrim talabalar uchun vaqtni bekor yo‘qotishdek tuyulishi mumkin.
– 80 daqiqalik uzluksiz dars o‘quv jarayonining yaxlitligini saqlab qoladi va talabaning fikri kamroq chalg‘iydi, asosiysi esa fan doirasidan chiqib ketmaydi.
Universitet rahbariyatining asosiy maqsadi – darslarni iloji boricha optimal tartibda tashkil etish. 10 daqiqalik tanaffuslar esa darslar cho‘zilib ketmasligi va kun tartibi buzilmasligi uchun kiritilgan. Shu tariqa, talabalar erta uyga qaytadi, qo‘shimcha darslarni joylashtirish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Bu nazariy jihatdan mantiqiy tuyulishi mumkin, lekin amaliyotda bu tizim talabalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘diradi. Shunday ekan, ushbu afzalliklar muammoni to‘liq oqlamaydi.
Darsga kechikkan talabalarga o‘qituvchilarning munosabati qanday?
Ko‘plab o‘qituvchilar talabalarni darsga kechikkanini qattiq tanqid qiladi, ba’zilar hatto auditoriyaga kiritmaydi. Ularning fikricha, talaba shunchaki dangasaligi yoki domlaning darsini hurmat qilmagani uchun vaqtida kelmagan deb hisoblashadi. Talabalar esa yetarli vaqt ajratilmagan ehtiyojlari sabab darsga vaqtida yetib kela olmayotganini iddao qilishmoqda.
Muammolarni yechimi sifatida takliflar;
1. Dars jadvalini qayta ko‘rib chiqish
Ayrim universitetlar 2 darsdan so‘ng uzoq muddatli 1 ta katta tanaffus joriy qilish orqali talabalar uchun qulay muhit yaratmoqda. Masalan, har ikki paradan keyin kamida 20 daqiqalik tanaffus qo‘shish mumkin.
2. Mavjud sharoitlarni kengaytirish
Oshxona va hojatxonalar sonini ko‘paytirish yoki mavjudlarini yetarlicha kengaytirish, lift tizimini takomillashtirish kabilar muammoni sezilarli darajada kamaytiradi.
3. Kechikkan talabalarga o‘zgacha yondashuv;
O‘qituvchilar talaba darsga kechikishining sabablari shaxsiy muammolarga bog‘liq emasligini tushunib yetishlari lozim. Ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri jazo berish o‘rniga, muammoni boshqa usul bilan hal qilishga harakat qilish kerak.
Xulosa
Talaba nafaqat o‘qiydi, balki yashaydi. Uning asosiy ehtiyojlari qondirilmasa, bilim olish sifati pasayadi. Universitetning asosiy maqsadi – talabaga qulay muhit yaratish. Buning uchun esa tanaffuslar tizimini qayta ko‘rib chiqish, talabalar ehtiyojlarini inobatga olish lozim. Shundagina ham sifatli va samarali ta’lim jarayoni shakllanishi mumkin.
Maqola muallifi
Sevinch Ashirova
O’zJOKU talabasi