Talaba darsini qilsinmi yoki farroshlik? Ularni oshxona va hojatxonalarga navbatchilik qildirish qachon tugaydi?

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Milliy Universitetiga tegishli Talabalar turar joylarida yarim kechasi navbatchilik qilish uchun talabalarni majburlashayotgani aks etgan video tarqaldi. Kun sovuq, yotoqxonalarga kelayotgan suv oppoq xlor yana kamiga ovqat qilib yeyishga ham erinib och uxlayotgan bechora talabani uyg‘otib yarim tunda navbatchilik qildirish qaysi normada ko‘zda tutilgan?

Umuman olganda, nafaqat bu oliygoh yotoqxonalarida balki yana boshqa oliygohlar talabalarini ham navbatchilik qilishga majburlashadi. Shu o‘rinda bir qancha savol: “TTJ larda farroshlar bor-ku! Tozalash ularning ishi emasmi? Talabalar majburiy navbatchilik qilishi qayerda belgilangan?” – deb o‘ylab qolamiz.

“Talabalar turar joyi to‘g‘risida”gi nizomda:

  • Navbatchilik jadvaliga binoan yashash xonalarida, qavatlarda, umumiy foydalanish joylari (hojatxona, yuvinish xonasi, oshxona va boshqa joylar) da navbatchilik qilish tartibi belgilangan.

Nizomdan kelib chiqar ekanmiz, talabalar turar joyida yashovchi talabalar uchun kun davomida bir marta navbatchilik qilish majburiyati belgilangan, biroq ularni yarim kechasi sovuqda bunga undash ko‘zda tutilmagan. Demak, yarim kechasi talabani navbatchilik qilishga chaqirish yoki undash mumkin emas.  

Talaba yotoqxonani tozalasa farroshlar nima ish qiladi?

Farroshlar yo‘q emas, bor. Faqat ular kunduz kuni kelib bir marta  oshxona va hojatxonalarni tozalab ketishadi. Biroq, kechki payt talabalar yana navbatchilik qiladi va kunduz kuni farrosh olib chiqib tashlashi kerak bo‘lgan chiqindilarni o‘g‘il bolalar kechqurun sovuqda olib chiqib tashlaydi. Qizlar issiq suv kelgan bo‘lsa-ku mayli agar issiq suv yo‘q bo‘lsa,  sovuq suvga pol latta yuvib zax joylarni tozalaydi. Yana bitta yarimta qiz shamollab kasal bo‘lsa, darrov tyutor va o‘qituvchilar telefon qilib darsga kelishi kerakligini aks holda bitta fandan qizilga tushsa uni ochtirish uchun “Davlat poliklinikalaridan olingan QR kodli ma’lumotnomadan boshqasi o‘tmaydi” deb do‘q qilishadi. Kamiga davlat shifoxonalaridagi ahvol hammaga ma’lum, tuzalay deb xususiy shifoxonaga borgan talabaga boshqacha ma’lumotnoma berilsa, “Bu bo‘lmaydi” – deb turib olishadi.

Shu bitta navbatchilikning orqasidan shuncha mashmasha kelib chiqadi. Kamiga hali kichkina kurs talabalari endi universitet darslariga moslashayotgan bir paytda ularga o‘qish o‘rniga bunday ishlarni qildirish qanchalik o‘rinli?

Bu masalalarga yechim sifatida ushbu takliflarni bermoqchimiz!

Talabalar tunda emas balki tushdan keyin soat 17:00 yoki 18:00 lar atrofida navbatchilik qilishsa to‘g‘ri bo‘ladi.

Spravkani ham qaysi poliklinikada davolanishidan qat’iy nazar (xususiy yoki davlat) hammasini bazaga tizimlashtirish va talabaga qulaylik uchun har ikkalasining ham ma’lumotnomasini oliy ta’lim muassasalari qabul qilishi zarur!