Talaba chiqindidan dizel olish uchun yangi texnologiya yaratdi

Farg‘ona politexnika instituti Kimyo-texnologiya fakulteti 2-bosqich talabasi Sardorbek Xolmamatov yaroqsiz shinalarni qayta ishlash orqali muqobil yonilg‘i olish texnologiyasini kashf etdi. Yangi loyiha atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelgan bir qancha omillarni bartaraf etish imkonini beradi.

“Hozir insoniyat duch kelgan eng katta muammolardan biri bu – energiya tanqisligi. Neft va neft mahsulotlarini ishlatyapmiz ammo o‘rnini qoplovchi mahsulot yo‘q. Biz ushbu muammoni hal qilish maqsadida, qattiq jismdagi mahsulotlar ya’ni shinalardan foydalanib yoqilg‘i olish texnologiyasini joriy qildik. Avtoshinalarning tabiatda to‘planishini, issiqxonalarda yoki tabiatda yoqib yuborilishini oldini olamiz. 1 tonna avtomobil shinasi yoqilsa atmosferaga 750 metr kub turli gazlar ajralib chiqadi. Bu gazlar inson salomatligiga ta’sir qilishi mumkin, shuning uchun bunday hududlarda yashovchi aholi orasida rak kasalliklari vujudga keladi.

Avtoshinalar tabiatda yaroqsiz holatda turgan payti quyosh nuri ta’sirida kichik dispers moddalariga aylanib ekin maydonlariga, suv havzalariga va inson salomatligiga zarar keltirishi mumkin. Shularni oldini olish maqsadida, ustozim Mirzaqulov G‘ulomqodir Rahmatullayevich bilan avtoshinalardan peroliz jarayoni orqali yoqilg‘i olish texnologiyasini joriy qildik. Ushbu jarayonda biz bittagina qattiq chiqindi orqali to ‘rtta mahsulot olishimiz mumkin.

  • Birinchisi, olingan yoqilg‘i, ushbu mahsulotdan biz dizelning o‘rnini bosuvchi yoqilg‘i sifatida foydalanishimiz mumkin;
  • Ikkinchisi, mustahkam po‘lat buni ham sanoatning katta qismida qo‘llashimiz mumkin.
  • Uchinchisi, gaz. Olingan gazdan biz tabiiy gaz o‘rnini bosuvchi sifatida foydala olamiz.
  • To‘rtinchisi, sirt faol modda ya’ni atsarment. Bu modda sanoatda juda ham qimmat modda hisoblanadi.

Ushbu texnologiyadan hech qanaqa chiqindi ortib qolmaydi. Bu dunyo sanoati uchun eng muhim omil sanaladi”         

Yosh kashfiyotchi talabaga omad tilaymiz hamda kelgusida shunday kashfiyochi talabalar qatorining ko‘payishini tilab qolamiz!