Talaba bilim olish istagidami yoki «NB» olishdan qoʻrqib darsga qatnashadimi?

Oʻrinli savol, bugunning talabalari orasida bilim olish istagida emas balki «NB» olishdan qoʻrqib darsga qatnashayotganlari koʻpchilikni tashkil etishi bor gap. Ha, ular yosh, talabalarga qoʻyib bersang nimalarni istamashmaydi dersiz. Ammo ular shu jarayon ishtirokchisi, ular yashab oʻtyapti hayotining shu qismini. Talaba darsda oʻtirishini qatʼiy belgilagan amaldor yoki shunday bo ʼlishini xohlagan ota-onalar emas. Biz shu savollar bilan talaba-yoshlar oʻrtasida kichik soʻrovnoma oʻtkazdik, ularning ayrimlarini fikrlarini keltiramiz

Talabalar nima deydi?

Gulshoda Murtazayeva, Oʻzbekiston Milliy Universiteti talabasi

– Men universitetdagi darslarga faqat nb olmaslik uchun boraman, toʻgʻrisi. Maʼruzalardan koʻra amaliyotda koʻproq bilim va koʻnikmalarga ega boʻlaman. Talabalarga darsdan koʻra amaliyot soatlarini koʻpaytirish lozim. Maʼruzalardagi bilimlarni amaliyotda koʻrib, sinab oʻrganish ustuvorlik kasb etadi.

Sabohat Tursunboyeva, Oʻzbekiston Milliy Universiteti talabasi

– 50/50. Ham NB tushirmaslik uchun ham bilim olish uchun darsga boraman. Oʻzim maʼqul koʻrgan ayrim professor – oqituvchilarning maʼruza darslarida qatnashish uchun boraman, chunki ularning darslaridan kerakli bilim ololaman. Shuning uchun oʻqituvchilarni talabalarni oʻzlari tanlashsa oʻqishga qiziqish ham ortardi degan fikrdaman.

Xusniddin Jamolov Oʻzbekiston Milliy Universiteti talabasi

Albatta NB tushurmaslik uchun boraman. Maʼruzаlar davomida oladigan bilimni internet orqali yoki kitobdan ham oʻqib olishimiz mumkin. Chet elning ayrim oliygohlarida davomat tushunchasi yoʼq, shunga qaramay ular darsga qiziqib boradilar. Sababi dars uslubida deb oʻylayman. Bizda ham talabalarga erkinlik berish kerak, talaba darsga kelish kelmasligidan qatʼiy nazar oʻzlashtirsa boʻlgani, bahosini qo ʼyib berish lozim

Fotima Raimova Toshkent Davlat Stomatologiya universiteti talabasi

Men masofaviy taʼlim tarafdoriman. Ota-bobolarimiz ham madrasa-yu, ilm dargohlarida bevosita ustozlaridan bilim olishgan deb maʼruza darslariga undash xatо deb oʻylayman. U davrlarda internet, qolaversa kitoblarni xilma-xil nusxalariyu, telefon qurilmalari mavjud boʻlmagan. Agar boʻlganda ham ular vaqtdan unumli foydalanishardi, albatta. Maʼruzalarni onlayn tinglab, amaliyot darslariga bevosita qatnashgan bo‘lishardi deb oʻylayman. Oʻzim maʼqul koʻrgan ustozlarimni yaʼni bilim olish mumkin boʻlgan oʻqituvchilarning darslariga bilim uchun qatnashaman, qolganlariga nb olmaslik uchun, boraman. Ammo bunday ustozlar kam.

Darsga kelmagan talaba haydaladimi?

Biz faqatgina mavzu yuzasidan talaba-yoshlar fikrlarini oʻrgandik, Xoʻsh aslida tartib qanday? Darsga qatnashmagan talaba jazolanadimi?

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi «Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish, talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisida»gi qaroriga koʻra, bir semestr davomida 74 soatdan ortiq uzrli sabablarsiz dars qoldirgan talaba oʻqishdan chetlashtirilishi mumkinligi belgilangan.

Toʻgʻri, ilm olish istagida darsga qatnashayotgan talabalar yoʻq emas, ammo ular kamchilikni tashkil qiladi. Bunday talabalarni professor-oʻqituvchilarning malakasi, mahorati, darsga talabani qiziqtira olishi, va oʻziga xos uslubigina darsga undayapti desak xatо boʻlmaydi. Shunday ekan qachon OTMda talabaning o‘zi o‘qituvchini tanlashi amaliyoti joriy etiladi?

Qolaversa, aksariyat talabalar esa erkinlik berilishi kerakligini, talaba darsga kelish-kelmasligidan qatʼiy nazar oʻzlashtirsa boʻlgani, bahosini bilimiga qarab qoʻyib berish lozim ekanligini aytishdi. Xullas barcha talaba-yoshlar maʼruza darslarini online va seminar dars soatlarini esa offline shaklda boʻlishini tarafdori. Toʻgʻri, masofaviy taʼlim shaklida ba ʼzi talabalar uchun bunday imkoniyat mavjud, ammo bu barcha uchun emas. Bu. taklif Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan qanchalik eʼtiborga olinadi bilmadik

Biz esa shunchaki talabalarni, nb olishdan qoʻrqib emas balki, bilim olish uchun darsga kelishlari tarafdorimiz