Talaba axborotni qayerdan oladi?

Oliygoh matbuot xizmati qanday ishlashi kerak?

Avvallari Oliy taʼlim muassasalari tashkil etilgandan buyon uning faoliyatiga doir yangilik va xabarlar markazlashgan tartibda, shtat birligi asosida amalga oshirilmagan. Bu vazifa muayyan bir xodimga qoʻshimcha yumush sifatida yuklatilgan. Soʻnggi yillarda prezidentimiz tashabbusi bilan axborot siyosati va matbuot xizmatiga jiddiy eʼtibor qaratildi. Bu borada tegishli qonun, qarorlar qabul qilinib, farmonlar eʼlon qilindi. Oliy oʻquv yurtlarida ham matbuot xizmati faoliyatini tashkil etilib, maqsad va vazifalari belgilab berildi.

Matbuot kotibi oʻz faoliyatini Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda boshqa davlat va nodavlat tashkilotlarining tegishli xizmatlari bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.

Matbuot kotibining vazifalari

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va universitet rahbariyati tomonidan zamonaviy talablarga muvofiq belgilanadigan axborot siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish,

– axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish borasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati hamda davlat va jamoat tashkilotlarining axborot xizmatlari bilan samarali va amaliy hamkorlikni taʼminlash;

– keng jamoatchilikni institut faoliyati, uning sohasiga doir normativ – huquqiy hujjatlari toʻgʻrisida xolisona, sifatli va tezkor xabardor qilish…

Bu roʻyxatni uzoq davom ettirishimiz mumkin. Ularning vazifalari aniq belgilangan. Bu vazifalar haqida deyarli har bir universitet saytida, oʼsha oliygohning matbuot kotibi tomonidan batafsil maʼlumot yozilgan. Biz bu kasb egalarining huquq va majburiyatlari haqida toʻxtalmoqchi emasmiz. «Avlod media» ning asosiy vazifalaridan biri talaba-yoshlarni har tomonlama qoʻllab – quvvatlash ekan, bu yoʻnalishda ularning fikri, ular kerakli maʼlumotni oʻz vaqtida olishyaptimi? Eng muhimi, OTM matbuot xizmati faoliyati ularni qay darajada qoniqtiryapti? Shu savollarga javob izladik va bu borada dastlab talabalar yoshlar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazdik.

Universitetingiz matbuot xizmati faoliyati sizni qoniqtiradimi?

Soʻrovnoma orqali mamlakatimizdagi oliygohlar talabalari qamrab olindi. Taʼlim muassasasining axborot xizmatini taniysizmi degan savolga talabalarning 57,1%

«ha» deb javob berishgan. Bu degani talabalarning yarmidan sal koʻprogʻi matbuot kotibini taniydi.

Soʻrovnomadan maʼlum boʻlishicha atigi talabalarning 50% Universitet ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasidan olar ekan va ijtimoiy tarmoqlarga xabarlarni oʻz vaqtida qoʻyib borilishi yuzasidan ham soʻralganda, talabalarning 50% bu sahifalarda yangiliklar tezkorlik bilan qoʻyib borilishini maʼlum qilgan

Umumiy miqyosida talaba yoshlarning 57,1% axborot xizmati faoliyatidan yetarlicha qoniqishini maʼlum qilgan. Qolgan 42,9% talabalar-chi? Nega ularni matbuot xizmati qoniqtirmayapti? Ular maʼlumotni qayerdan oladi?

(Soʻrovnoma haqida toʻliqroq maʼlum fotoda aks etgan.)

Talabalarni qanday mavzular qiziqtiradi?

Saboxat Tursunboyeva, OʻzMU talabasi

– Toʻgʻrisini aytish kerak, matbuot xizmati faoliyatini qoniqarli deb ayta olmayman. Xabar va yangiliklar berib boriladi, ammo talabaning huquq va majburiyatlariga oid maʼlumotlar kam. Biz oʻz huquq va majburiyatlarimizga oid maʼlumotlarni boshqa manbalardan qidirishga majburmiz.

Fotima Raimova, Toshkent davlat Stomatologiya instituti magistri

– Men universitet veb-saytidan faqat yangilik o‘qiyman, e’lonlar bilan tanishaman. Ilmiy maqolalar kam. Hoxlardim ko‘proq talabalarga, ilm yo‘lidagilar uchun kerakli ma’lumotlar olsa bo‘ladigan materiallar berib borilsa.

Bugungi globallashuv davrida talabalar asosiy manba sifatida ijtimoiy tarmoqqa murojaat qiladi. Shunday ekan, universitetning rasmiy veb-saytida axborotni tezkorlik bilan joylashtirish va oʻz vaqtida yangilab borish, internet tarmogʻidagi veb-resurslarni, shu jumladan, ijtimoiy va mobil tarmoqlarni rivojlantirishdan tashqari ularning taklifi xohish va istaklaridan kelib chiqqan holda aniq, xolis maʼlumotlar joylab borish maqsadga muvofiq. Shundagina talaba boshqa manbalarga kamroq murojaat qiladi.

Qaysi oliygoh matbuot xizmati OAV uchun ochiq

Ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish, doimiy hamkorlikda ishlaydigan jurnalistlar doirasini shakllantirish, axborot xabarlarini tarqatish, universitetda ommaviy tadbirlarni tashkil etish. Bu jihat matbuot kotibining asosiy vazifalaridan biridir. Har bir universitet oʻz nufuzi va PR uchun ham davlat va nodavlat telekanallarda chiqish qilishni, tadbirlarini yoritishga katta ahamiyat berib kelmoqda. Ammo oliygoh matbuot xizmatidan maʼlumot olishda aniqliklarga duch kelayotgan OAVlari ham yoʻq emas. Bu borada Universitetlar matbuot xizmatidan maʼlumot olish jarayonida duch keldik.

Talabalar hayotiga oid, ularni qiziqtirgan mavzularni oʻrganishimizda, Muhammad-al Xorazmiy nomidagi TATU, Yangi Oʻzbekiston universiteti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, TTA, Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti, Turin Politexnika Universiteti, Toshkent shahridagi INXA universitetlarining matbuot xizmatlari tomonidan bizga kerakli maʼlumotlar vaqtida taqdim etildi. Bundan koʻrinib turibdiki, ushbu oliygohlarda bu tizim faoliyati qoniqarli va OAVlari uchun ochiq. Ammo Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika universiteti matbuot xizmatidan tayinli maʼlumot ololmadik. Bu mas’uliyatsizlik bir necha bor davom etdi. Murojaatlarimiz javobsiz qoldi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati oʻrnak boʻlishi kerakmi?

Tizim matbuot xizmati faoliyati haqida gap ketganda Oliygohlar vazirlik tarkibida ekan vazirlik matbuot xizmati faoliyati oʻrnak boʻlarli darajada tezkor, xolis aniq va albatta ochiq boʻlishi kerak. Xoʻsh shundaymi? Vazirlik matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarga kerakli yangiliklar, voqea-hodisalarni vaqtida joylash bilan birga tadbirlarni tashkil etib kelayotgani ayni haqiqat. Biz ayni jihatni eʼtirof etmoqchi emasmiz. Aytmoqchi boʻlganimiz, Vazirlik matbuot xizmati boshligʻi Nazokat Abduqunduzova ijtimoiy tarmoqlar orqali, OTM faoliyati haqida bildirilgan kamchiliklar, talabalarda uchrayotgan muammoli masalalarga tezkor munosabat bildirish, kamchiliklarni bartaraf etishda faollik koʻrsatib kelmoqdalar. Bunday misollarni ijtimoiy tarmoqlar orqali koʻplab keltirish mumkin. Bu fikrlar ham talabalarning bahosi, eʼtirofi. Ushbu ish uslubini har bir oliygoh matbuot xizmati uchun andoza qilish maqsadga muvofiq.

Maqoladagi barcha tahliliy yondashuvlar talaba-yoshlarning fikrlari, tajribamizdagi kuzatuvlar va albatta mutaxassislarning xulosalariga asoslangan holda yozildi. Toʻgʻri bu tizimda tilga olarli qoniqarli va qoniqarsiz jihatlar koʻp. Ammo biz talaba-yoshlarning qarashlarini istaklarini inobatga olib yondashdik xolos, mavzu yuzasidan yana oʻrganishimizni davom ettiramiz. Mavzuga yana qaytamiz.