Sog‘lom turmush tarzi – kasalliklarning oldini olish va salomatlikni mustahkamlashga qaratilgan, inson hayotining turli jabhalarida zarur bo‘luvchi, ularga uzoq umr ko‘rish va ijtimoiy funksiyalarni to‘liq bajarish, mehnat, oilaviy va maishiy, umuman olganda har qanday ish faoliyatida faol bo‘lish uchun ko‘maklashuvchi, bir so‘z bilan aytganda baxtli hayot kechirish uchun amal qilish kerak bo‘lgan hayot tarzidir.
– O‘z sog‘lig‘iga eʼtiborli bo‘lish, boshqalarning sog‘lom turmush tarziga daxl qilmasdan hayot kechirish;
– Turli xil kasalliklarga chidamlilik, immunitetning mustahkamligi;
– O‘ziga nisbatan ishonch, his-tuyg‘ular, fikrlar hamda harakatlarni erkin boshqara olish insonning sog‘lom turmush tarziga amal qilishidan darak beradi.
Hozirgi kunda sog‘lom turmush tarziga rioya qilmaslik o‘zi bilan bir qancha muammolar, jumladan, turli zararli odatlar, giyohvand moddalarga ruju qo‘yish, shuningdek, ruhiy qaramlikni keltirib chiqarmoqda.
Psixotrop moddalar — giyohvandlikning “zamonaviy” ko‘rinishi
Zamon rivojlanishi va texnikaning taraqqiy etishi hatto giyohvandlikka ham o‘z taʼsirini ko‘rsatmay qolmadi. Avvaliga og‘riq qoldiruvchi dori sifatidagina qo‘llanilgan bu moddalar, keyinchalik kasallik sifatida ro‘yxatga olinib, iste’moli taqiqlangan. Endilikda ruhiyat va bevosita miya faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan psixotrop dori vositalari giyohvand moddalar kabi taʼsir ko‘rsatib, giyohvandlik va ruhiy qaramlikni keltirib chiqarmoqda.
Psixotrop moddalarga nisbatan yoshlarda eng ko‘p uchraydigan holatlardan biri ruhiy qaramlikdir. Odatda nosog‘lom do‘stlar davrasida, yengil hayotga intiluvchi o‘smir bolalar guruhida jamoaviy tarzda psixotrop moddalarni qabul qilish kuzatiladi. “Aravasiga tushdingmi, raqsiga ham tushasan” deganlaridek, “Jamoadamisan, totib ko‘rishga majbursan!” qabilida ish tutiladi va o‘smirlar do‘stlarining mayliga ko‘ra majburiy-ixtiyoriy tarzda bu yo‘lga kirib qoladi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, o‘smirlar psixotrop dori vositalarini asosan:
– qiziqishdan, «qaysidir» o‘rtog‘idan eshitgan “kayf” hissini tuyish, zavq olish uchun;
– ota-onaga qarshi noroziligini bildirish: “bu mening hayotim va men qanday yashashni o‘zim bilaman!” deyish uchun;
– o‘zini ko‘rsatib qo‘yish va energiya olish uchun, – qabul qilishadi.
Oiladagi nosog‘lom muhit, bolalikdagi ruhiy jarohatlar, ota-ona bilan muloqotga kirisha olmaslik, ish yoki o‘qish bilan bog‘liq holatlar sabab o‘zini “yengil” his qilish, muammolarini “unutish” uchun ham psixotrop moddalarni qabul qiluvchilar talaygina.
«Tsss, hech kim bilmasin!«
Xo‘sh, farzandining bu yo‘lga kirib qolganini ota-ona payqamaydimi? Yoki taʼlim berayotgan murabbiylar sezmasligi mumkinmi? –degan savol tug‘iladi shu o‘rinda.
Jurayev Azizbek
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti talabasi
Darslarimiz doirasida ko‘plab shifoxonalarda amaliyot o‘taganmiz, jumladan, psixiatriya va narkologiyada ham bo‘lganmiz.
Ota-onalar bilan suhbatlashganimizda ular farzandlarining bu yo‘lga kirib qolganliklarini sezmay qolishganini aytishadi. Ammo, buni payqamaslikning imkoni yo‘q.
Psixotrop moddalar bevosita ruhiyat bilan bog‘liq va ularni qabul qilganda o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqning yo‘qolishi, kayfiyatidagi o‘zgaruvchanlik, uyqusizlik, ko‘zlarning o‘zgarishi, jahldorlik, jizzaki bo‘lib qolish, o‘zini idora qila olmaslik holatlari kuzatiladi. Bunday vaziyatlarda esa avvalo yaqinlar, ayniqsa ota-ona muloqotni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishi, sog‘lom turmush tarziga amal qilishi va turli nosog‘lom do‘stlar davrasidan uzoqlashishi kerak.
Psixotrop moddalar qabul qilishni mutlaq to‘xtatib, o‘zini qo‘lga olganlarda ham do‘stlar davrasiga qaytish natijasida takror shu yo‘lga kirib qolganlik holatlari kuzatiladi.
Qonun bunga nima deydi?
Qonunchilikka muvofiq 2018-yilning 22-oktyabridan boshlab giyohvandlik vositalarining analoglarini noqonuniy tayyorlash, xarid qilish, saqlash, sotish va boshqa harakatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi. Muomalada bo‘lishi taqiqlangan giyohvandlik vositalarining ro‘yxati tuzilgan, dorixonalarda esa faqatgina shifokor retseptiga ko‘ra dori vositalari taqdim etiladi.
Vazirlar Mahkamasining “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazish tartibini, shuningdek, ularning muomalada bo‘lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to‘g‘risida” qarori mavjud, ammo dorixonalarda noqonuniy tarzda dori sotuvchilar ham, shifokor retseptisiz dori so‘rab keluvchilar ham topiladi.
Ibrohimbek Ahmedjonov, farmatsevt
Qonunchilikda bu turdagi dori vositalarini retseptsiz sotish taqiqlanadi, buni nazorat qilish uchun nazorat tadbirlari ham o‘tkazilib turiladi, ammo shunga qaramay:
Dorixonaga ko‘plab yoshlar bu turdagi dori vositalarini so‘rab kelishadi. Baʼzan ular orasida maktab o‘quvchilari ham uchrab turadi. Ularga dorini taqdim eta olmasligimizni aytganimizda iltimoslar, qo‘shimcha pul taklif qilish, hatto baʼzan tahdidlar ham uchrab turadi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi, agarda maktab o‘quvchilari ham dori so‘rab kela oladigan bo‘lsa, unda bu moddalarning bahosi qancha?
Aslida bu turdagi dori vositalari miya faoliyati va ruhiyat bilan bevosita bog‘liq bo‘lganligi uchun qimmat, ammo ko‘p holatlarda bu turdagi dori vositalari davlatga turli noqonuniy, aylanma yo‘llar yoki dorining nomi va qadoqlari o‘zgartirib kiritilishi natijasida qiymat pasayadi.
Hozirgi kunda hatto turli dori vositalarini qo‘shish orqali psixotrop moddalar tayyorlayotgan “farmatsevt”lar ham talaygina.
“Kel, bir sinab ko‘r, hech narsa qilmaydi…”
Odatda sizga dori vositasini taklif qiluvchilarning o‘ziga xos “afsonalari” bo‘ladi:
– bu dori emas, shunchaki energiyani oshiruvchi vosita, sinab ko‘rsang, o‘zingni kuchli his qilasan;
– bu dori seni “umuman” o‘ziga o‘rgatib qo‘ymaydi;
– dorining hidi bo‘lmasa, qabul qilganingni kim ham bilib qolardi?!
Bu turdagi daʼvatlar do‘stlar davrasida ko‘plab uchrab turadi. “Ha” desangiz qopqonga tushdingiz, “Yo‘q” desangiz-chi? Avvalo, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish va do‘stlarni to‘g‘ri tanlay bilish lozim. Agar sizga turli xil takliflar tushsa, avvalo o‘ylang:
— Siz kimsiz va qadriyatlaringiz qanday?
— Kelajagingizni barbod qilishni istaysizmi?
— Baxtli hayot kechirish uchun shu davra va shu muhit sizga kerakmi?
— O‘zingiz mustaqil qaror qabul qila olasiz, shundaymi?
— Bir umrlik ruhiy qaramlikka tayyormisiz?
Agar javobingiz “Yo‘q” bo‘lsa, istamasligingizni bildiring va bu turdagi do‘stlar davrasini tark eting.
Sog‘lom turmush tarzi — giyohvandlikka qarshi!
Turli xil kasalliklarga chalinmaslik, ishda, o‘qishda va boshqa turli jabhalarda faol bo‘lishning eng samarali vositasi bu sog‘lom turmush tarzidir.
Firuza Xalilova, shifokor
Sog‘lom turmush tarzini “moda”ga qaytarish kerak.
Biz kun kun davomida ish, o‘qish va boshqa yumushlar bilan band bo‘lamiz, ko‘chada ovqatlanish, piyoda sayrga vaqt yo‘qligi, gadjetlarga bog‘lanib qolish, turli stresslar, umuman olganda, kun tartibimizdagi barcha ishlarimiz o‘zimizni o‘zimiz kasal qilishga olib keladi. Kun davomida energiyaga to‘lib yurish uchun aslida ko‘p narsa kerak emas. Shunchaki, organizm uchun zarur bo‘lgan yumushlarni bajarishning o‘zi kifoya:
Ko‘proq suv iching. Biz kun davomida toza suv ichishni unutib qo‘yamiz. Suv organizmni tozalaydi, qahva, turli gazli ichimliklar suvning o‘rnini bosmaydi.
To‘g‘ri ovqatlaning. O‘z vaqtida ovqatlanmaslik, fast food, tayyor, yarim tayyor ovqatlar, qattiq botuvchi va hazm bo‘lishi qiyin bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qilish oshqozon faoliyatiga jiddiy zarar yetkazadi.
Tiniqib uxlang. Ko‘p holatlarda gadjetlar, telefon va boshqa turdagi qurilmalarga chalg‘ib, kam uxlash boshda og‘riq, tez charchoq va asabiylikni keltirib chiqaradi.
Yomon odatlaringizdan voz keching. Spirtli ichimlik iste’mol qilish, tamaki chekish nafaqat o’zingiz, balki atrofdagilarning ham sog‘ligiga jiddiy zarar yetkazadi.
Piyoda sayr qiling. Ko‘proq piyoda yurish qon aylanishini yaxshilaydi va mushaklarning yengil harakat qilishiga yordam beradi.
Eng asosiysi, o‘zingizni yaxshi ko‘ring va sog‘ligingizga e’tiborli bo‘ling!
Muallif: Azizabonu Jaloliddinova