Qanchalik orqada o‘tirsang, shunchalik oson ko‘chirasan. Ko‘chirishga yordam beradigan boshqa nayranglar ham mavjud.
Imtihonga bir kundan kam vaqt qolgan-u, siz tayyor emassiz. Bu vaziyatdan chiqishning ikki yo’li bor: bir kechada hamma narsani yodlab olish yoki mo‘jiza ro‘y berishiga ishonish. Afsuski, bunday vaziyatlarda mo‘jiza ro‘y bermaydi.
Chorasiz qolganlar uchun maxsus: qanday qilib sezdirmay, ehtiyotkorlik bilan ko‘chirish mumkinligi haqida aytib beramiz.
1. Badandagi yozuvlar
Eng oddiy va qulay usul. Bunday “shpargalkalar” uchun afzal ko‘riladigan joy – qo’l va barmoqlar orasi. Qizlar oyoqlaridan ham foydalanadilar, shuningdek, “shpargalka” tushirilgan manikyurlar ham mashhur.
2. O‘quv qurollari
Hatto oddiy ruchkadan ham ichiga qog‘oz joylashtirib, yaxshi “shpargalka” sifatida foydalanish mumkin, ichidan “kalendar” chiqadigan ruchkalar esa sizni qutqarib qolishi aniq, chunki bunday ruchkalar ichiga istalgan narsani yopishtirish mumkin.
Bundan tashqari, “shpargalka”ni o‘chirg‘ich yoki chizg‘ichning orqa tomoniga yozib olishadi, shubhani kamaytirish uchun kerakli formulalarni tirnab yozib olsangiz ham bo‘ladi. Yelim kabi narsalar ustidagi yorliqni o‘z matningiz bilan almashtirishingiz mumkin. Agar siz butun boshli qalamdonni olib o‘tishga muvaffaq bo’lsangiz, “shpargalka”ni yashirish muammo bo‘lmaydi. Asosiysi, haddan tashqari berilib ketmang va hushyor bo’ling.
3. Boshqa buyumlar
«Jang maydonida» o‘quv qurollaridan tashqari suv idishlari ham asqatadi. Biz ulardan foydalanishning ikki usulini taklif qilamiz: birinchisi uchun sizga suv solingan, ikkinchisi uchun esa kola solingan idish kerak bo’ladi.
1. Grafik muharrir yordamida yorliqdagi yozuvlarni kerakli matnga o’zgartiramiz va chop etamiz. Agar maxsus qog’oz bo’lmasa, ustidan oddiy skotch yopishtiramiz. Javoblarni yorliqning orqa tomoniga ham yashirish mumkin.
2. Kola bilan esa – kerakli matn idishning tag qismiga qora flomaster bilan yoziladi va zarur bo’lganda idishni to‘ntarib yozuvni ko‘rsa bo‘ladi.
4.«Bomba»
«Bomba» deb imtihon savollariga oldindan tayyorlanib, imtihon so‘ngida xuddi o‘zi javob yozgandek topshirishga aytiladi. Ushbu “shpargalka” turi eng xavfli hisoblanadi, chunki undan foydalanish qiyin va uni faqat barcha savollar oldindan ma’lum bo’lsagina, ishlatishingiz mumkin.
Bir necha usullari mavjud:
1. Javobni siyohi tugagan ruchka bilan yozib, imtihonda izlarning ustidan yozib chiqish mumkin. Boshqa usuli – varaq tagiga yana bitta tozasini qo‘yib, javoblarni ruchkani qattiq bosib yozib chiqish; shunda toza varaqqa hammasining izi tushadi va faqat izlarning ustidan yozib chiqish kerak bo’ladi.
2. Ushbu usul nazorat ishini 12 varaqli daftarga yozib topshiriladigan holatlarda qo‘l keladi. Oldindan ta’kidlaymiz, biroz boshog‘riq bo‘ladi, lekin natija bunga arziydi. Oraliq va yakuniy nazorat ishlari 12 varaqli daftarlarda yozma ravishda topshiriladi. Agar imtihon biletlari ko’p bo’lmasa, javoblari yozilgan daftarlarni oldindan tayyorlab qo‘yishingizni taklif qilamiz, chunki siz baribir ularni sotib olasiz va nazorat ishi kuni olib kelasiz.
O‘zingiz ko‘chirsangiz-ku, mayli, boshqalarga yordam berishga nima deysiz?
Vestminster universitetining uchinchi bosqich talabasi Dilnoza Xodjabekova, qanday qilib sezdirmay boshqa birovga yordam berish mumkinligi haqida hikoya qiladi:
Mendan «ruchka yoki qalam berib turishimni» so’rashganda, “shpargalka”larni osongina uzatib yuboraman. Hammasi oddiy: bir parcha qog’ozga javoblarni yozamiz, uni buklab ruchkaning qopqog’iga yoki uning ichiga joylashtiramiz.
Agar nazorat ishi aniq fanlardan emas, balki gumanitar fanlardan bo’lsa, javobni kichik qog‘ozga joylashtirish imkoni bo‘ladimi?
Videooperator va sahnalashtiruvchi Bunyod Karimiy o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi:
Sizga kerak bo’lgan yagona narsa – simsiz quloqchin va aqlli do’st. Bu “lifehack”dan simlarni kiyim ostidan o’tkazib, simli quloqchin orqali ham foydalanish mumkin. Do’stimizga qo’ng’iroq qilamiz, unga savollarni o‘qiymiz, u esa sizga javoblarni aytib turadi.
Bu usul, ayniqsa, uzun sochli qizlar uchun juda qulay, lekin qayg‘urmang, ular sochi qisqa bo‘lganlarga ham to‘g‘ri keladi: faqat qulog‘ingizni kaftingiz va yonog‘ingiz bilan yoping — bu talabaning odatiy holati. Shuningdek, siz aqlli soatdan foydalanishingiz mumkin, unda javoblarning skrinshotlari ko’z oldingizda bo’ladi.
Umid qilamizki, ushbu maqola sizga yordam beradi va siz imtihonni a’lo baholarga topshirasiz. Mazza qilib ko‘chiringlar, aziz talabalar.