Fevral oyida ikki buyuk shoir va mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy, undan so‘ng, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur bobolarimizning tavallud ayyomlarining keng nishonlanishi, ularning bitmas tuganmas maʼnaviy xazinalariga murojaat etishimiz ongu shuurimizga muhrlangan. Ilm-fan taʼlim tarbiyani rivojlantirish “Ziyo Forum” xalqaro fondi ham adabiyotimizning ustunlari bo‘lmish ikki ijodkorning maʼnaviyatimiz xazinasiga qo‘shgan ulkan hissasi bilan yaqindan tanishish, ularni sheʼriy ijodidan bahramand bo‘lish maqsadida “Sheʼriy jang” loyihasini tashkil etdi.

“Sheʼriy jang” loyihasi doirasida tashkil etilgan bellashuv davomida ishtirokchilar Navoiy va Bobur satrlarini jonlantirishdi. Ikki buyuk shoirning sheʼriy misralarini ifodali o‘qib, monologlar ijro qilishdi. Hakamlar hayʼati esa talaba – yoshlar chiqishlarini baholab borishdi.

Maʼlumotlarga koʼra, Alisher Navoiy 10-12 yoshlaridan sheʼr yoza boshlagan. Tarixchi Xondamir eʼtirofiga koʼra, mavlono Lutfiy yosh Navoiyning isteʼdodidan mamnun bo‘lib, uning:
«Orazin yopqoch, ko‘zumdan sochilur har lahza yosh,
Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh»
matlaʼli g‘azalini tinglab: «Agar muyassar bo‘lsa edi, o‘zimning o‘n-o‘n ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu g‘azalga almashtirardim…» degan.
Sheʼriy jang ham ayni misralar bilan boshlandi. Bellashuvda Navoiyning “Qaro koʼzim”idan to Boburning “Jonimdan o‘zga vafodor topmadim” kabi g‘azallari ohangi qalblarga yetib boradigan darajada ifodali ijro etildi.
Har bir ijrochining chiqishi Hakamlar hayʼati tomonidan belgilangan nizom talablariga asosan baholab borildi. Natijalarga ko‘ra, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti talabasi Sardorbek Hamzayev 1-o‘rinni, Toshkent Davlat Transport Universiteti talabasi Xusanova Nihola Baxtiyor qizi 2-o‘rinni, Volontyorlar maktabi aʼzosi, universitet madaniyat markazi kordinatori Hulkaroy Rajapova 3-oʼringa loyiq deb topildi.
Faol ishtiroki va betakror ijro uchun esa 4-qo‘shimcha o‘rin isteʼdodli talaba Shahloxon Temirovaga nasib etdi. G‘oliblarga fond tomonidan qimmatbaho sovg ʼalar topshirildi.
Sardorbek Hamzayev

Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti, 2-bosqich talabasi, tanlov g‘olibi.
“ Men Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti, 2-bosqich “Iqtisodiyot va moliya” yo‘nalishi talabasi. Volontyorlar maktabi aʼzosi, universitet madaniyat markazi kordinatoriman. Blog yuritaman instagramda, tashkiliy ishlarda, projest menejmentda yaxshiman, sheʼr yozib turaman, omma oldida nutq so‘zlash, volontyorlik kabi mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanib turaman. Sportning Badminton turi bilan muntazam shug‘ullanib turaman. Ingliz, rus, o‘zbek tilini bilaman. Kitob o‘qishni yaxshi ko‘raman. Ko‘p sayohat qilaman. Litsey talabasi bo‘lgan vaqtim, Zakovat turnirining respublika bosqichida ishtirok etganman. Bugungi sheʼriy jang menda katta taassurot qoldirdi ”

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ona-tilimizni targʼib qilish, ulug‘ ajdodlarimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodini chuqur o‘rganish, maʼnaviy-maʼrifiy merosini asrab avayla, yoshlar orasida targ‘ib qilishga bo‘lgan eʼtibor tubdan kuchaydi. Shu maqsadda Ziyo Forum ham bir qator loyihalarni amalga oshirib, tadbirlar tashkil etishga katta eʼtibor qaratib kelmoqda. Bunday loyihalarni muntazam ravishda o‘tkazilishi talaba-yoshlarni buyuk ajdiodlarimiz ijodi bilan yaqindan tanishishtirishda va ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.