Qadrli talabalar, mana sessiyani yopib, yozgi ta’tilga chiqib olganingizga ham sal kam bir oy bo’lmoqda. Sessiya davri har bir talaba uchun “juda qiyin” va “murakkab” payt. Undan omon chiqish esa uncha-muncha talabaning qo’lidan kelmaydi. “O’sha yugur-yugurlar, tugab ado bo’lmas vazifalar va yaxshigina qiynaydigan yakuniy nazoratlar” – eh, eslasak, “Xayriyat, qutildik” deb yengil nafas olamiz.
Ammo bizni tashvishga solayotgan masala boshqa. Nima uchun bugungi kunda talabalar orasida sessiyasni 3 bahoga yopganlari soni ortib bormoqda? Buning sababini bilish uchun esa biz aynan sessiyani 3 ga yopgan talabalarni topib, ular bilan muloqot qildik.
Temur Erkinov
O’zbekiston Milliy universiteti talabasi
Sessiya men uchun “vahimali narsa” emas, balki yuqori kurs talabasi bo’lganim uchun ham shundaydir. Dastlabki yillar ko’pchilikdan: “Sessiyani qiyin, domlalalar juda “yomon”, oxirida hali seni ko’p qiynashadi, agar o’qimasang, sarson bo’lasan, hech bo’lmaganda darsda faol qatnashib domlalarning ko’ziga “issiq” ko’rinib ol” degan gaplar rosa eshitardim.
Aynan shu sababli o’zim yoqtirmagan fanlarni ham o’qishga majbur bo’lmagan, darsda qatnashganim hisobiga hech bo’lmasa, 4 baho olardim. Keyinroq o’zimni majburlay olmadim, yoqtirmaydigan fanlarimni o’qimaydigan bo’ldim. Davomatimga salbiy ta’sir qilmasligi uchun majburan shu darslarga borardim, ammo darsda o’zim yoqtirgan mashg’ulot bilan shug’ullanardim yoki quloqchinlarimni taqib sevim qo’shiqlarimni tinglab o’tirardim.
Domlalar ham anoyi emas, o’qimasang, nafaqat 4, balki 3 bahoni ham qizg’onishadi. Lekin bir amallab ularning “tilini” topganman. Albatta, turli bahonalar ham bu borada ancha qo’l kelgan. Shu tariqa o’zim qiziqmagan fanlardan baholarim pasayib, 3 ga tushib qolganman.
Yo’q, men to’liq 3 bahoga o’qimayman! O’zim qiziqqan va mutaxassislik fanlaridan hamma baholarim 4-5. Lekin afsuski, sessiyada hatto bir dona 3 bahoying bo’lsa ham, sen uni 3 ga yopgan bo’lasan. Bu universitet qonuni.
Dilafruz Rustamova
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
Men maktabda a’lo baholarga o’qib, qizil diplom va oltin medal bilan tamomlaganman. Mahallamizda hamma meni “A’lochi qiz” deb chaqirardi, sinfdoshlarim ham meni hurmat qilishardi. Ammo universitetda bunday bo’lmadi, chunki o’qishga topshirgan yilim uyimizdan sovchilarning qadami uzilmasdi. Ota-onam bir oilaga meni munosib ko’rib, ularga uzatishga qaror qilishdi. Bu paytda hali o’qishga kirdimmi yoki yo’q, javobi chiqmagan ham edi. Sovchilar: “Agar kirsa, o’zimiz o’qitamiz, kirolmasa yanagi yil yana urinib ko’radi” deb uydagilarning roziligini olishdi. To’yim tezlashib, avgust oyida kelinchak bo’ldim. Qo’shaloq bayram deganlari shu bo’lsa kerak: ham kelin bo’ldim, ham talaba bo’ldim.
O’zimda yo’q xursand, baxtiyor edim. Kelinlik vazifalarimni imkon qadar a’lo darajada uddalashga harakat qilardim. Kelin bo’lib tushgan xonadonim juda katta ko’p kishili oila, tabiiyki, bajariladigan yumushlar, qozon-tovoq ham shunga yarasha edi.
O’qishim boshlanguncha charchasam ham, hammasiga ulgurib, barcha ishlarni “do’ndirib” oyijonimning maqtovlarini eshitib yurdim. Ammo o’qishim boshlangach, haqiqiy qiyinchilik shunda boshlandi. Agar o’qishga borsam, uyda darslarimni qilsam, uy ishlari qolib ketadi, agar uy ishlarini qilsam, darslarimni qilishga vaqtim bo’lmay, dasrlarga ham kechikib boradigan bo’lib qoldim.
Mendek maktabda faqat a’lo baholarga o’qigan “A’lochi qiz” uchun universitetda yaxshi baholarga o’qiy olmaslik juda alam qilardi. Boshida bunga ko’nika olmadim. Ammo keyinroq ikkalasidan birini ustunroq qo’yishim kerakligini anglab yetdim va oilam tinchligi hamda kelinlik vazifalarimni to’liq bajarish uchun o’qishga “jiddiy” yondashishni to’xtatdim.
Bo’sh vaqtim bo’lsa darslarimni qilaman, bo’lmasa, darslarga shunday boraveraman. Ba’zan uyda ishlar ko’payib ketsa, paralarga bormay qolishim ham mumkin. Lekin o’zim tanlagan sharq tilini mustaqil ravishda bo’lsa ham, astoydil, puxta o’rganmoqdaman. Birinchi navbatda – oila! Baho hech narsani hal qilmasligini anglab yetdim, muhimi egallangan bilib: xoh u universitetda bo’lsin, xoh u mustaqil ravishda bo’lsin.
Azamat Lutfullayev
Toshkent farmatsevtika instituti
Menga necha baho olishim ahamiyatsiz, bu yerga faqat diplom olish uchun kirganman. To’g’ri bu biroz “g’alati” eshitilishi mumkin, ammo bu yerdagi ko’plab yoshlar shu maqsadda o’qishga kirgan. Kimdir buni tan oladi, kimdir esa yo’q.
Men tibbiyot kollejini tugatganman, kollejni tamomlab dorixonada sotuvchi bo’lib 2 yil ishladim. Bu orada ancha tajriba oshirdim, dori-darmon bo’yicha bilmagan ancha narsamni o’rgandim. Kollejda asosan nazariy bilim berilgan, amaliy darslar “qotirib” o’tilmagan. Shu sababli dorixonada ishlash men uchun yangi bir olam edi. O’zimdan oldin kelgan akalar va opalardan ancha narsa o’rgandim, men ishga kirgan dorixona poytaxtdagi eng katta dorixonalardan biri edi. Bu yerda ancha malaka va tajribaga ega bo’ldim.
Nihoyat menda o’zimning shaxsiy dorixonamni ochish istagi payd bo’ldi va bu borada ma’lumot to’plab, shu sohada faoliyat yuritayotgan tajribali insonlardan maslahatlar oldim. Shaxsiy dorixona ochish uchun o’rta maxsus diplomi o’tmasligi, yo men institutda o’qishim kerakligini yo diplomi bor boshqa odam nomiga ochishim mumkinligini aytishdi.
Ko’p o’ylab oxiri o’zim o’qishga qaror qildim va o’qishga hujjat topshirdim. Birinchi urinishimdayoq talaba bo’ldim, lekin ishimni tashlamadim, chunki ishim o’zimga juda yoqadi. Ishdan bo’sh paytim bo’lsa, o’qishga boraman, band bo’lsam bormayman. Shunday ekan fanlardan baholarimni aytmasam ham bo’laveradi. Har doim sessiyani 3 ga yopaman. To’g’ri oxirida biroz qiynalaman, lekin bir amallab yopib olaman. Tez orada o’qishni bitirsam, albatta, shaxsiy dorixonamni ochaman!
Xulosa o’zingizdan!
Mana do’stlar, biz qahramonlarimizning har biri bilan bu borada suhbatlashdik. Ularning har birida sabablar turlicha. Biz bu sabablarni arzirli yoki o’rinsiz deya olmaymiz, chunki har kimda vaziyat har xil, har kim o’qisa, o’zi uchun o’qiydi. Lekin biz bir narsani aniq ayta olamiz:baho uchun emas, olinadigan bilim uchun o’qish lozim va oliygoh – o’z nomi bilan oliygoh, unda mustaqil hayot uchun poydevor qurishga barcha sharoitlar muhayyo! Azizlar, bilim, malaka va amaliyot o’rganishdan aslo to’xtamang!