Sayohatlar bilimni oshirish va maʼnan yangilanish imkoni

Yozgi taʼtil – chet el sayohatlari, togʻda dam olishlar, dengiz plyajlari, yana kimgadir qishloqning soʻlim tabiati qoʻynida sokinlashish uchun qulay fursat. Sessiya imtihonlarini aʼlo baholarga topshirib, shaharning shovqinli hayotidan qochib ketishni istayotgan talaba-yoshlarga mutaxassislar sayohat qilishni tavsiya etadilar.

Sayohatlar bizga bilimimizni oshirishga va maʼnan yangilanishga, tillarni, anʼana va urf-odatlarni oʻrganishga koʻmaklashadi. Qolaversa sayohat qilishni salomatligimiz uchun ham foydali tomonlari juda koʻp.

Ruhiy zoʻriqish kamayadi

Tadqiqotlarning koʻrsatishicha, depressiyani oldini oladi. Tushkunlik holatini taʼtilingiz boshlanishining 3-kunidayoq yoʻqotadi. Shuningdek, xotirjamlik holati siz uyga qaytib kelganingizdan soʻng yana bir necha haftaga saqlanib turadi.

Immunitetni oshiradi

Koʻp sayohat qiluvchi inson atrof-muhitning doimiy taʼsiriga uchraydi. Organizm kuchli antijismlarni ishlab chiqaradi, natijada immun tizimi mustahkamlanadi. Olimlarning aniqlashicha, ushbu antijismlar organizmimiz turli safarlarda har xil mikroblarga duch kelishi va ularga moslashishi orqali ishlab chiqariladi.

Yurak xastaliklari ehtimoli qisqaradi

Uyda yoki oʻqishda boʻlganimizda, biz doimiy zoʻriqish va xavotirlarga duch kelamiz. Biroq vaziyatni oʻzgartirishimiz bilanoq stress omillari pasayadi.

Umrimiz uzayadi

Birinchidan, sayohat chogʻida biz koʻp harakatlanamiz, bu esa tomirlar va tayanch-harakat apparati faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Biz doim miyamizni ishlashga majburlaymiz va oddiy narsalarga ham xursand boʻlishga oʻrganamiz. Agar biz sayohatni davolanish bilan birga qoʻshsak, turli kasalliklarni profilaktika qilish uchun qulay sharoit yaratamiz! Shu sababli umrimiz ham uzayadi!

Qayerga sayohat qilgan afzal?

Barcha davlatlarga sayohat qilish uchun eng yaxshi vaqt kuzning ilk oyi hisoblanadi. Ammo taʼtil yozga toʻgʻri kelishini inobatga olib manzilni ham ob-havoga moslab tanlagan maʼqul. Bu borada Wanderlust Sayyohlik portali tashrif buyurish uchun eng yaxshi joylarni sanab oʻtgan.

Iyun — Italiyaning Dolomitlaridagi quyoshli choʻqqilar, Maldiv orollari, Malayziya.

• Iyul — Vartius oʻrmonlari (Finlandiya), Vetnam, Norvegiyaning Svalbard shahri.

• Avgust —Tanzaniya/Keniya, Kosta-Rika.

• Sentyabr —Samarqand (Oʻzbekiston), Avstriya.

Ammo unutmaslik kerakki, chet elnikidan qolishmaydigan soʻlim tabiatli jannatmakon yurtimiz bor.

Oʻzbekiston 2024 yilda sayyohlar uchun eng yaxshi manzil

«World of Statistics» Oʻzbekiston 2024 yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi davlatlar roʻyxatiga kiritilganini eʼlon qildi.

Ushbu reyting mashhur «Lonely Planet» sayohat nashri tomonidan taqdim etilgan materiallar asosida tuzilgan.

Shunday ekan, yurtimizda sayohat qilish ham yaxshi variant. Devor bilan oʻralgan shaharlar, dashtlar va «Ipak yoʻli» karvonsaroylari orasidan oʻtayotganingizda bu yerlar sayyohlar bilan ancha gavjumligini koʻrishingiz mumkin. Qadimiy Samarqanddagi temuriylar yodgorliklari-yu, Buxoro, Termiz,kabi tarixiy shaharlarning soʻlim tabiati bilan mashhur dam olish maskanlari aslo xorijnikidan qolishmasligiga guvoh boʻlishingiz mumkin.

Eng asosiysi, hayotiy holatlarga moslashish, yangi insonlar bilan tanishish miyaning moslashuvchaligini oshiradi, shuningdek, fikr teranligini saqlab qoladi!

Shu bois koʻproq sayohat qiling! Oʻzingiz uchun yangi taassurotlar kashf qilib, tanangizning kuchliroq va yanada sogʻlom boʻlishiga yordamlashing!

Internet maʼlumotlari asosida tayyorlandi.