Bulling atamasi ruhiy zo‘ravonlik ma’nosini anglatib, ta’lim jarayonida ham talabalarga nisbatan professor-o‘qituvchilar tomonidan ham bosim o‘tkazilish holatlari uchrab turadi. Ayniqsa, eskirgan metodikaga asoslangan ta’lim usullari, professor o‘qituvchilarning talabalarga nisbatan ruhiy zo‘ravonlik qilishining bir ko‘rinishi deb qarash mumkin. Tan olish kerak, bugunda yurtimizdagi OTMlarda, talabaga dars jarayonida fan bo‘yicha qandaydir yangilik o‘rgatish o‘rniga butun hayoti va ko‘rgan-kechirganlarini hikoya qilib, behudaga vaqt sarflaydigan, talabani qiziqtirgan savoliga javob berish o‘rniga uni aqli yo‘qqa chiqaradigan eski tizim davridan qolgan narsalarni aytib darsni o‘tkazadigan o‘qituvchilar uchrashi hammamizga ayon. Maqsadimiz ta’lim sifatini oshirish ekan, bunday ustozlardan voz kechish davri allaqachon kelib bo‘ldi.
Ekspertlar fikriga ko‘ra, bunday muloqot shakli ta’lim oluvchilarining ruhiy sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatib, uning ta’lim jarayonida o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarining susayishiga, ruhiy tushkunlikka tushish va umuman olganda ta’lim olish va yangi g‘oyalar ketidan izlanishga nisbatan ishtiyoqini butunlay yo‘qotib yuborish holatlarigacha olib kelishi mumkin. Bunday muammolarni oldini olish maqsadida oliy ta’lim muassasalarida professor o‘qituvchilar va talabalar uchun alohida treninglar hamda qiziqarli amaliy topshiriqlar joriy etish ancha samarali bo‘ladi.
Misol uchun:
1. Ochiq muloqotlar tashkil etish;
– Talabalar va professor o‘qituvchilar erkin fikr almashishlari mumkin bo‘lgan muhitni yaratish. Erkin fikrlaydigan talaba tanqidiy fikr bildirsa, uni “duxini sindirmaslik”
– Talabalar o‘z taklif va muammolarini bildirishlari mumkin bo‘lgan muntazam uchrashuvlar yoki muhokamalar o‘tkazish.
2. Empatiya va tushunish;
– O‘qituvchilar talabalarning ehtiyojlari va muammolarini tushunishga, ularning tajribalariga hamdardlik va qiziqish ko‘rsatishga harakat qilishlari zarur.
– Talabalarni murakkabliklarni tushunishga o‘rgatish ham mumkin.
3. Qulay muhit yaratish;
– O‘quv muhitida o‘zaro hurmat va tushunishni ta’minlash.
4. Qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish;
– Talabalar va o‘qituvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni talab qiladigan qo‘shma darslar, loyihalar yoki tashabbuslarni tashkil qilish.
5. Psixologik yordam;
– O‘qituvchi va talabalar orasida psixologik resurslar va maslahat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash hamda ikkala tomon uchun ham stressga chidamlilikni boshqarish usullarini o‘rgatish.
6. Muvaffaqiyatlarni birgalikda nishonlash;
– Yutuqlarni nishonlash, shu bilan ijobiy umumiy tajriba yaratish
– Bu ikkitomonlama rishtalarni mustahkamlashga va ruhiy holatni oshirishga yordam beradi.
Aynan bugungi davrda, talabalar va ularning yangi g‘oyalar-u, maqsadlarini tinglash, qo‘llab-quvvatlash hamda kerak bo‘lsa har qanday vaziyatda yordam qo‘lini cho‘zish ularga ruhiy va jismoniy zo‘riqishning kamayishiga sabab bo‘ladi. O‘quv jarayonlarini samarali yo‘lga qo‘yish va do‘stona muloqotni shakllantirish, odob-axloq qoidalari bilan talaba va professorlarni tanishtirish orqaligina bu masalaga yechim berish mumkin.