Qayta topshirish osonmi yoki sessiya?

Yanvar oyida deyarli barcha oliy ta’lim muassasalarida birinchi yarim yillik bo‘yicha yakuniy nazorat imtihonlari bo‘lib o‘tdi. Yuqori kurs talabalari an’anaviy tarzda yozma imtihon topshirgan bo‘lsa, shu yil o‘qishga qabul qilingan birinchi kurs talabalari yangi usulda bo‘lib o‘tdi. Yakuniy nazoratning yangicha usuli haqida “Avlod Media” maqola tayyorlagan edi. https://avlod.media/uz/birinchi-kurs-talabalarining-katta-qismi-sessiyadan-yiqilyaptimi/

O‘quv yilining ikkinchi qismi boshlandi hamda yakuniy nazoratlarni topshira olmaganlar uchun qayta topshirishga ruhsat berildi. Yakuniy nazoratni topshira olmagan talabalar uchun oliy ta’lim muassasalari rektori buyrug‘i bilan bir martalik qayta topshirish imkoniyatiga ruhsat berildi. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari (sirtqi va masofaviy ta’lim shakllaridan tashqari) va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 2024/2025 o‘quv yilining I-yarim yilligi ishchi o‘quv rejalariga kiritilgan fanlardan akademik qarzdor talabalarga istisno tariqasida bir marta fanlarni to‘lovsiz qayta o‘zlashtirish uchun 2025-yil 13-fevraldan 27-fevralgacha yakuniy nazoratlarni topshirish muddatlari etib belgilandi.  

Talaba yakuniy nazorotda qoniqarsiz baho olgan va uzrli sabablarga ko‘ra imtihonga kela olmagan bo‘lsa, ushbu imkoniyat ular uchun beriladi. Qayta topshirish haqida talabalar quyidagi fikrlarni bildirishdi:

“Yakuniydan ko‘pchilik kursdoshlarim qatori o‘zim ham yiqilgan paytim juda qattiq siqilganman. Men endi to‘liq yozgi kreditga qoldim deb o‘ylagan edim, biroq bizga bir martalik bepul qayta topshirishga ruxsat berildi. Imtihon savollari yaxshi xuddi o‘sha avvalgi topshirganimizdek, takrorlanganlariyam bo‘ldi” 

Qizilga tushgan talabalar-chi ularga qayta topshirishga imkon bormi?

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 824-sonli “Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 8-bobi 41-bandiga muvofiq bir fanga ajratilgan auditoriya soatining 25 % ini va undan ortiq soatni sababsiz qoldirgan talaba ushbu fandan chetlashtirilib, yakuniy nazoratga kiritilmaydi hamda mazkur fan bo‘yicha tegishli kreditlarni o‘zlashtirmagan hisoblanadi. Yakuniy nazorat turiga kiritilmagan yoki kirmagan, shuningdek, ushbu nazorat turi bo‘yicha qoniqarsiz baho olgan talaba akademik qarzdor hisoblanadi.

Akademik qarzdor talabalar ta’til vaqtida yoki keyingi semestrlar mobaynida tegishli fanlardan o‘zlashtirilmagan kreditlar miqdoriga mos ravishda bazaviy to‘lov-kontrakt miqdoridan kelib chiqqan holda to‘lovni amalga oshirgandan so‘ng o‘zlashtirilmagan fanlarni o‘z hisobidan qayta o‘qish huquqiga ega bo‘ladi. Demak, siz qizilga tushgan bo‘lsangiz fandan akademik qarzdor hisoblanasiz va avtomatik tarzda qarzdor bo‘lib, yozgi o‘qishga qoldiriladi.

Umuman olganda, qayta topshirish ham sessiya jarayonlari ham qiyin bo‘ladi. Biroq, ko‘pchilik talabalarning ta’kidlashicha qayta topshirish jarayoni osonroq o‘tkazilar ekan. Chunki, buning asosiy sababi, savollar takrorlanishi bo‘lar ekan. Nima bo‘lgan taqdirda ham talabalar har qanday imtihonda o‘z bilimiga ishongani ma’qul shuning uchun sessiyani ham qayta topshirishni ham oson yoki qiyin deya baholab bo‘lmaydi.