Qaysi fanlardan milliy sertifikat olish mumkin?

Abituriyentlar uchun imtihonda tayyor ball, o‘qituvchilar uchun ustama olish kabi imkoniyatlarni taqdim etuvchi milliy sertifikat mavzusiga yana to‘xtaldik. Bu safar sizga qaysi fanlardan imtihon topshirib sertifikat olish mumkinligi haqida batafsil ma’lumot beramiz. Abituriyentlar quyidagi fanlar bo‘yicha sertifikat uchun imtihon topshirib oldindan ballni naqd qilib qo‘yish mumkin:

  1. Matematika
  2. Biologiya
  3. Kimyo
  4. Fizika
  5. Ona tili va adabiyot
  6. Tarix
  7. Geografiya
  8. Rus tili va adabiyoti
  9. Qoraqalpoq tili va adabiyoti
  10.  Ingliz tili
  11.  Huquqshunoslik

Bu ro‘yxatga huquqshunoslik fani ham qo‘shildi. 3-may kuni ilk marta huquqshunoslik fanidan sertifikat uchun testlar aprobatsiyasi bo‘lib o‘tdi va endilikda xohlovchilar ushbu fandan ham sertifikat olishlari mumkin.

Oliy ta’lim va undan keyingi (magistratura va doktarantura) uchun milliy sertifikat darajalari Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov qatnashgan matbuot anjumanida shu yilning (08.05.2024) kuni yangilangani butun jamoatchilikka ma’lum qilindi. Unga ko‘ra:

– ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar uchun sertifikat talabi bekor qilinadi;

– soha xususiyatidan kelib chiqib madaniyat, san’at, sport, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ishlab chiqarish, muhandislik ishi, qishloq xo‘jaligi, veterinariya, arxitektura va qurilish, fizika va tabiiy fanlar, transport xizmatlari yo‘nalishlari bo‘yicha sertifikat talabi bir pog‘ona – B1 darajasiga tushiriladi;

– xorijiy tillar yo‘nalishlarida – C1;

– aniq fanlar, biologiya, matematika, huquq, jurnalistika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va iqtisodiyot yo‘nalishlarida – B2 darajasi saqlanadi.

Milliy sertifikat imtihonlari har yili ikki bosqichda birinchi yarim yillik (sentyabr, oktyabr, noyabr, dekabr) va ikkinchi yarim yillik (yanvar, fevral, mart, aprel, may) oylarida Bilimni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladi. Talabgorlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz sayti orqali kirib ro‘yxatdan o‘tishadi va imtihon to‘lovini amalga oshiradi.

Milliy sertifikat imtihonini topshiruvchi talabgorlar uchun muhim eslatmalar

  1. Test o‘tkaziladigan kun talabgor shaxsini tasdiqlovchi hujjatining asli (fuqarolik pasporti) bilan ruxsatnomada ko‘rsatilgan vaqtdan kechikmasdan kelishi shart;
  2. Shaxsi tasdiqlanmagan va kechikib kelgan talabgor test sinoviga qo‘yilmaydi;
  3. Test sinovlari bo‘lib o‘tadigan binoga va auditoriyaga har qanday qo‘llanma, adabiyotlar, telekommunikatsiya va texnika vositalarini olib kirish qat’iyan man etiladi. Test sinovini o‘tkazish jarayoniga turli xatti-harakatlar bilan salbiy ta’sir qilish: boshqa talabgorlar bilan muloqot qilish, savollar kitobi varaqlarini yirtish, savollar kitobini boshqa talabgorlarga berish, test sinoviga ajratilgan vaqt tugagandan so‘ng yozishda davom ettirish, boshqa talabgorga birorta buyum uzatish taqiqlanadi. Ushbu talablarga rioya qilmagan talabgor sinovdan dalolatnoma bilan chetlatiladi;
  4.  Auditoriyaga ustki kiyimlar, sumka, papka va boshqalarni olib kirish taqiqlanadi;
  5. Auditoriya mas’ul kuzatuvchisi test boshlanganini ma’lum qilmasdan oldin savollar kitobini ochish ta’qiqlanadi;
  6.  Mas’ul kuzatuvchiga test sinovi paytida savol berish taqiqlanadi (test sinovlari o‘tkazilishi bo‘yicha barcha savollar mas’ul kuzatuvchiga imtihon boshlanishidan oldin beriladi);
  7. Mas’ul kuzatuvchi ruxsatisiz auditoriyani tark etish taqiqlanadi;
  8. Test materiallarini auditoriyadan olib chiqish man etiladi;
  9. Sizga noto‘g‘ri, talabga mos bo‘lmagan test materiallari berilgan deb hisoblasangiz yoki test topshiriqlari nuqsonli bo‘lsa auditoriya mas’ul kuzatuvchisiga test boshlanishidan oldin zudlik bilan xabar berishingiz so‘raladi;
  10.  Test sinovini topshirish vaqtida guruhdan zarurat bilan chiqqan talabgorga qo‘shimcha vaqt belgilanmaydi;
  11. Javoblar (test va yozma ish) varaqasi raqamlarini solishtiring, ular bir xil bo‘lishi kerak. Raqamlar bir-biridan farq qilsa, auditoriya mas’ul kuzatuvchisiga murojaat qiling;
  12.  Test sinovlari paytida sog‘ligingiz yomonlashsa, zudlik bilan auditoriya mas’ul kuzatuvchisini ogohlantiring;
  13.  Talabgor test sinoviga kechikkan yoki sababsiz kelmagan hollarda, to‘lovning 50 foiz miqdori qaytariladi;
  14.  Test sinovi o‘tkazilishi jarayonida talabgorga bir vaqtda faqat bitta umumta’lim fanidan test topshirishga ruxsat etiladi.

TEST SINOVLARI NATIJALARI

Sertifikat test sinovi natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 3 yil muddatga beriladi.Test sinovi natijalari ular yakunlangan kundan boshlab o‘n ish kunidan kechikmay. Bilimini baholash agentligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Sertifikat test sinovidan ijobiy (60 va undan yuqori foiz) natijaga erishgan talabgorga test sinovi natijalari e’lon qilingan kundan boshlab bir hafta mobaynida elektron shaklda beriladi. Talabgor sertifikatni shaxsiy kabineti orqali yuklab olishi mumkin.

Maqola muallifi: Jayron Berdiyeva