“Fan tanlov” tizimi qachon ishga tushadi?
Avvalgi oliy ta’lim tizimi va hozirgisida farq bormi?
2020-yil butun dunyoda “COVID 19” pandemiyasi avj olgandan keyin, nafaqat jahon iqtisodiyoti va siyosatiga balki, o‘zimizning ichki jamiyatga ham ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Davlat boshqaruvidan tortib Sog‘liqni saqlashgacha barcha sohalar birdaniga izdan chiqib ketdi. Ularning orasida ta’lim jarayoni eng og‘ir ahvolga tushib qoldi. Kasallanishni oldini olish maqsadida davlat idoralari, OTMlar, kollejlar, maktablar, bog‘chalar yopilib, uyda qolish orqali undan himoyalanish eng yaxshi yechim sifatida ko‘rsatildi. Ish faoliyati, ta’lim jarayonlarining barchasi birdaniga, online bosqichga o‘tkazildi. Vaholanki, bizda online o‘qish yoki ishlash uchun o‘sha paytda tayyor dastur va tayyorgarlik yo‘q edi. Yagona najot, “Internet” va “Telegram gruppalar” edi. Ammo bularning barchasi kutilgan natijani olib kelmadi. Ta’lim yana izdan chiqib, juda og‘ir vaziyatga tushib qoldi. Shularni inobatga olgan holda tizimni butkul yangilash va takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”ga ko‘ra, mamlakatdagi OTMlarning 85 foizi 2030 yilgacha bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tishi belgilangan. Natijada, 2020-21 o‘quv yilining o‘zida mamlakatimizdagi 33dan ortiq yirik OTMlar kredit-modul tizimiga o‘tkazildi. Mazkur OTMlarda asosan ECTS kredit-modul tizimi joriy etilgan. Shu asnoda, kredit-modul butun O‘zbekiston oliygohlariga kirib keldi.
Xo‘sh, kredit-modul o‘zi qanday tizim?
Kredit-modul tizimi dunyoning rivojlangan davlatlarining Oliy ta’lim muassasalarida tan olingan va yo‘lga qo‘yilgan, jahon standartlarining barcha talablariga javob beruvchi o‘quv dasturidir. Tizimga asosan, oliygohlardagi fan uchun o‘qish yuklamasi soniga qarab, kreditlarga ajratiladi. Misol, uchun har bitta fan uchun 5,6 yoki 7,5 kreditlarga ajratilishi mumkin. Talabalar bo‘lsa, har semestr davomida kreditlar to‘plab borishadi va uning miqdoriga qarab bakalavr hamda magistr darajasi beriladi.
ECTS kredit-modul tizimida bir yillik kreditlar miqdori 60ni tashkil etadi. Bir o‘quv yili 2 semestrdan iboratligini hisobga olsak, talaba o‘qishi davomida har semestrda 30 kredit to‘plab borishi kerak bo‘ladi. Bakalavr dasturi odatda 4 yilligi hisobga olinsa, talaba ushbu darajani qo‘lga kiritish uchun jami 240 kredit, magistratura dasturini tugallash uchun esa 120 kredit to‘plashi talab etiladi.
Kreditlar – talaba bajarishi kerak bo‘lgan miqdori belgilangan o‘qish yuklamasini anglatadi. ECTS kredit-modul tizimida 1 kredit o‘rtacha 25-30 soatlik o‘qish yuklamasi bo‘ladi. Bu degani, agar fan 6 kreditli fan bo‘lsa, talaba ushbu fan bo‘yicha belgilangan miqdordagi kreditlarni qo‘lga kiritish uchun semestr davomida 150-180 soatlik o‘qish yuklamasini bajarishi kerak bo‘ladi (25*6=150; 30*6=180).
Tizim to‘liq ishlayaptimi?
Kredit-modulning talabalar uchun bir qancha yengilliklari ham bor. Bular, davomat, darslar jadvali, fanlar resurslari va yana bir qancha ma’lumotlarni online baza orqali ko‘ra olishdir. Yana bitta eng asosiy, jihat shundaki, talabalar o‘zlari va yo‘nalishiga mos fanlarni tanlashlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirliging rasmiy https://lex.uz/ru/docs/-5193564#-5199760 saytidagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini tashkil etish bilan bog‘liq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida nizomga 4-bobi ya’ni Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini rejalashtirish quyidagi bosqichlardan iborat deya keltirilgan. Unga ko‘ra, namunaviy o‘quv rejasi va fanlar katalogini ilg‘or xorijiy universitetlar tajribasi bilan ichki iqtisodiyot tarmoqlarida olib borilayotgan islohotlar, kadrlar tayyorlovini ularni ish bilan ta’minlovchilarning talablari va milliy qadriyatlarni e’tiborga olgan holda tayyorlash va qo‘shimcha ravishda “Tanlov fanlar katalogini shakllantirish” deb yozib o‘tilgan qismi mavjud.
Shu o‘rinda, bitta savol Nimaga bu joyi hozirgacha ishlamaydi? Balki, ayrim muammolar: Talabaning darsga qatnashishi, fanga qiziqishi, yaxshi o‘zlashtirishi, mustaqil izlanishi uchun ham aynan shu bandi ishlashi kerak emasmi?
Aynan hozirgi vaqtni misol qilib aytsak, talabani darsga olib kelib 80 minut (bir para) davomida olib o‘tirish juda qiyin bo‘lib qoldi. Sababi, talabalar darsdan yoki o‘qituvchidan nimanidir o‘rgana olishiga ko‘zi yetmasligini bilgani uchun bormay qo‘ya qolishni afzal ko‘radi. Kredit-modul tizimi oliy ta’lim muassasalariga kirib kelganiga ham uch yildan oshdi. Hozirga kelib deyarli 90 foiz oliygohlarda tizim ishga tushirilgan. Biroq, nimaga boshqa funksiyalari ishlaydi-yu, talaba uchun eng muhim va ahamiyatga ega joyi ishlamaydi. Talabalar orasida “Yana o‘sha o‘qituvchimi?”, “Biror mavzuni ham yaxshi tushuntira olmaydi”, “Shuncha vaqtimizni ustozning hayoti va faoliyatini tinglashga sarflabmiz”, “O‘rniga boshqa o‘qituvchi kirsin!” kabi jumlalar tez-tez quloqqa chalinadi. Dars yoqmasligini ko‘pchilik talabalar o‘qituvchilarning texnikasiga olib borib taqaydi. “Z” avlod yoshlari zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellekt davrida yashayotgani sababli, ular o‘zlaridan ham yuqori malakali o‘qituvchilardan ta’lim olishni afzal ko‘radi. Shuning uchun hozirgi talabalarni uncha-muncha o‘qituvchi qoniqtira olmaydi. Eski tizimdan chiqib, yangisida ta’lim sifatiga nazorat kuchaytirilishi o‘rniga aksincha, orqaga qaytayotgandek emasmi? deb o‘ylab ham qolamiz ba’zida.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, agarda hozirgi talabalar va ularning xohish va istaklari inobatga olinmas ekan, demak ular kimningdir tuzgan yo‘lidan yuradigan va mustaqil o‘z sohasining butkul “Brak” mutaxassisi bo‘lib yetishadi. Biz barcha oliy ta’lim muassasalarida “Fan tanlov” imkoniyati yo‘lga qo‘yilishi hamda talabalar bundan erkin foydalanishi tarafdorimiz. Mutasaddilardan bu muammoga bee’tibor bo‘lmaslikni so‘rab qolamiz. Zora, shu orqali barcha talabalarning ushbu huquqi ham ular uchun ishlasin.