Pareto qonuni: Talabalar kam harakat bilan qanday ko‘proq natija olishlari mumkin? 

Tasavvur qiling: ikki nafar talaba imtihonga tayyorlanmoqda. Biri tun bo‘yi o‘qib chiqadi, ikkinchisi esa faqat eng muhim mavzularni tahlil qilib o‘rganadi. Natijada kim yaxshiroq baho oladi? Ajablanarlisi shundaki, aksariyat hollarda ikkinchi talaba! Nega? Chunki u Pareto qonuniga amal qilgan. 

Agar siz ham samarali o‘qishni, vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni va stressdan qochishni istasangiz, 80/20 qoidasini hayotingizga tatbiq eting. 

Pareto qonuni nima va nega u muhim

Italiyalik iqtisodchi Vilfredo Pareto bir kun bog‘idagi no‘xat o‘simliklarini kuzatar ekan, qiziq faktni aniqlaydi: no‘xatlarning 80% i atigi 20% urug‘lardan yetishtirilgan! Bu qonun hayotning boshqa sohalarida ham ishlashini tushunib yetadi. 

Bugungi kunda bu tamoyil biznesdan tortib ta’limgacha har joyda qo‘llaniladi. Uning mohiyati shundaki: 

•Natijalarning 80% i harakatlarning faqat 20% idan kelib chiqadi. 

•Sizning eng yaxshi yutuqlaringiz hayotingizdagi faqat 20% eng muhim harakatlaringizdan kelib chiqadi. 

Shunday ekan, nega biz ham ushbu qonunni talabalar hayotida ishlatmasligimiz kerak? 

Pareto qonuni talabalarga qanday yordam beradi? 

Ko‘p emas, to‘g‘ri o‘qish! 

Ko‘pchilik talabalar o‘qish jarayonida muhim va ikkinchi darajali narsalarni farqlay olmaydi. Natijada, vaqtini ortiqcha narsalarga sarflaydi va oxir-oqibat charchab qoladi. 

  Darslikdagi axborotning atigi 20% i butun fanni tushunish uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Imtihon savollarining 80% i darslikning faqat 20% eng muhim bo‘limlaridan chiqadi. 

•O‘qishdan oldin o‘zingizga savol bering: “Bu ma’lumotning eng muhim 20% qismi qaysi?” 

•Konspekt tayyorlang, ammo faqat eng kerakli faktlarni yozing. 

•Avval eng muhim mavzularni o‘rganing, keyin tafsilotlarga o‘ting. 

Imtihonga tayyorgarlik: Ko‘proq vaqt emas, to‘g‘ri strategiya! 

Ko‘pchilik imtihondan oldin 10-12 soatlab o‘qishga harakat qiladi, lekin bu har doim ham natija bermaydi. Sababi, inson miyasi cheklangan va samarali o‘rganish uchun diqqat bilan  yondashish kerak. 

    Imtihonga tayyorgarlikning 80% samarasi faqat 20% vaqt sarflash bilan keladi. Savollarning katta qismi darslikning faqat kichik bir qismini qamrab oladi. 

•Avval o‘tgan yilgi testlarni tahlil qiling – qaysi mavzular ko‘p tushganini ko‘ring. 

•O‘qish jarayonini qisqa, lekin samarali bloklarga bo‘ling (masalan, Pomodoro texnikasi – 25 daqiqa o‘qish, 5 daqiqa dam olish). 

•Yodlashga emas, tushunishga harakat qiling. 

  Vaqtni boshqarish: Hammasiga ulgura olmasligingizni qabul qiling! Talabalar hayotida vaqt juda qadrli. Lekin ba’zilar har bir vazifani bajarmoqchi bo‘lib, oxir-oqibat hammasini chala qoldiradi. 

Pareto qonuniga ko‘ra: Sizning samarali ishlashingizning 80% i kunning faqat 20% da sodir bo‘ladi. Eng muhim topshiriqlaringizning 20% ini bajarish orqali umumiy natijangizni sezilarli darajada oshirishingiz mumkin. 

• Eng muhim topshiriqlarni avval bajaring. 

•“Busy” (band) emas, “productive” (samarali) bo‘lishga harakat qiling. 

•Kam natija beradigan ishlarga ortiqcha vaqt sarflamang (masalan, ijtimoiy tarmoqlarda soatlab o’tirish). 

    Kam stress – yuqori natija! 

Ko‘p o‘qish doim ham yaxshi natija bermaydi, balki stressni oshiradi. Pareto qonuni orqali siz ortiqcha bosimdan xalos bo‘lib, kamroq harakat bilan ko‘proq natijaga erishishingiz mumkin.  

•O‘zingizga yuklamang – “barcha darslarni ideal o‘zlashtirishim kerak” degan fikrdan qutuling. 

•Vaqtingizni boshqaring – dam olish va o‘qish orasidagi balansni toping. 

•Qanday natija olishingizni emas, samarali strategiyani o‘ylang. 

Xulosa: Hayotingizni 80/20 qoidasiga asoslang! 

Pareto qonuni shunchaki ilmiy nazariya emas – u hayot tarzingizni butunlay o‘zgartirishi mumkin. Agar siz kamroq harakat bilan ko‘proq natija olishni istasangiz, ushbu tamoyilga rioya qiling:

•Ko‘p emas, eng muhim qismini o‘rganing. Imtihon oldidan butun darslikni o‘qish shart emas. Avval oldingi yillardagi test savollarini tahlil qiling va eng ko‘p takrorlangan mavzularni o‘rganing. Masalan, agar siz tarix fanidan tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lsangiz, avval eng asosiy davrlarni va muhim voqealarni o‘rganing, keyin esa tafsilotlarga o‘ting. 

•Vaqtingizni natija beradigan narsalarga sarflang. Har kuni 5 soat davomida kitob qarshisida o‘tirish samaradorlikni oshirmaydi. O‘rniga Pomodoro texnikasi (25 daqiqa o‘qish, 5 daqiqa dam olish) yoki Feynman usuli (mavzuni boshqalarga tushuntirish orqali mustahkamlash) kabi samarali o‘rganish usullarini sinab ko‘ring. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarga ortiqcha vaqt sarflamaslik uchun “digital detox” qilish ham foydali bo‘lishi mumkin. 

•Ortib ketgan stressdan qutuling va samaradorligingizni oshiring. O‘qish jarayonida stressni kamaytirish uchun reja tuzing: har kuni 2-3 muhim vazifani tanlab bajaring. Masalan, ertalab matnni o‘qish, tushlikdan keyin konspekt tayyorlash, kechqurun esa test ishlash. O‘z maqsadlaringizni yozib boring, chunki yozilgan reja miyaga “bajarish kerak” signali beradi va sizni tartibli bo‘lishga majbur qiladi. 

Shunday qilib, siz ham Pareto qonunini sinab ko‘rmoqchimisiz? Ushbu usulni qo‘llaganingizda qanday natijalarga erishganingizni biz bilan bo‘lishing! 

Zebo