Siz ham kontraktda o‘qiysizmi? Ha, to‘lov kontrakt asosida tahsil olayotgan talaba yoki ularning ota-onasiga moliyaviy jihatdan oson emas, lekin unutmaslik kerakki, ilm olishga sarflangan sarmoya eng zo‘r sarmoyadir.
Faqat shartnoma pulini to‘lashga kelganda ikkilanmasangiz kifoya! Hamma talabaning ham sharoiti davlat OTMlari yoki xususiy oliy o‘quv yurtlari tomonidan belgilangan mablag‘ni to‘lashga mos kelmasligi mumkin. Biroq bu pullar kelajakda qanday mutaxassis bo‘lishingizga 90 foiz taʼsir ko‘rsatishi mumkinligini inobatga olish darkor.
Dunyodagi eng qimmat universitetlar
Talaba va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tuziladigan to‘lov shartnomasi, «kontrakt» dir. Internetdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, dunyodagi eng qimmat OTMlari ichida aksariyati AQShda joylashgan
Harvi Madda kolleji dunyodagi eng qimmat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Kollej 1955 yilda tashkil etilgan bo‘lib, talabalarga tabiiy va aniq fanlar, IT va informatika yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislarni yetishtiradi. Bundan tashqari, bitiruvchi an’anaviy ravishda biologiya, farmatsevtika va genetik muhandislik bo‘yicha kuchli mutaxassis bo‘lib yetishadi. Kontrakt to‘lovi 80 000 dollar atrofida belgilangan xarajatning 44 000 dollarini turli stipendiyalar, grantlar va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlar, shu jumladan OTM oldidagi maxsus xizmatlari orqali qoplashi mumkin. Qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan muhtoj talabalar uchun ham imtiyozlar mavjud. Bundan tashqari, Jon Xopkins universiteti 69 000 dollar to‘lovi, Kolumbiya universiteti 66 400 dollarni, Sara Lourens kolleji 65 000 dollar, Nyu-Yorkdagi Parsons dizayn maktabi 67 266 dollar to‘lov kontrakt asosida o‘qish mumkin .
Qaysi oliygohlar mutlaqo bepul?
Mutlaqo bepul o‘qitadigan OTMlari haqida eshitganmisiz? Dunyoning ayrim davlatlarida faqatgina mahalliy aholi bepul, xorijiy sayyohlar esa kontrakt to‘lovi to‘lab o‘qiydi. Shunday davlatlar borki, hatto sayyohlar ham mahalliy aholi ham kontrakt to‘lamasdan oliy ta’lim olishlari mumkin. Bunday oliygohlar davlat oliygohlari hisoblanib, xususiy OTMlaridagina kontrakt summasi to‘lanadi. Masalan, Argentina, Avstrya, Braziliya, Chexiya, Daniya, Misr, Finlandiya, Germaniya, Islandiya, Keniya, Lyuksumburg, Marokash, Norvegiya, Panama, Polsha, Urugvay, Gretsiya kabi davlatlarda mahalliy aholi uchun o‘qish bepul, xorijliklar uchun pulli hisoblanadi. Yana bir muhim ma’lumot, nafaqat mahalliy aholi qolaversa, xorijliklar uchun ham mutlaqo bepul o‘qitadigan oliygohlar mavjud.
O‘zbekistondagi eng qimmat davlat OTM qaysi ?
Biz O‘zbekistondagi eng qimmat kontrakt to‘lovi qaysi OTMsida ekanligini aniqlash uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatiga murojaat qilganimizda, kontrakt to’lovi har yili qayta belgilanishi va o‘tgan o‘quv yili uchun barcha yo‘nalishlar bo‘yicha to‘lov-kontrakt miqdorlari oshirilmasdan, eski narxlarda to‘langani ma’lum bo‘ldi.
Haa, talabalar va ularning ota-onalariga yengillik yaratish hamda aholining to‘lov qobiliyatini inobatga olgan holda, 2023/2024-o‘quv yili uchun barcha bosqichdagi talabalarning to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdori davlat oliy ta’lim muassasalari, jumladan, moliyaviy mustaqillik berilgan oliygohlarda ham bazaviy to‘lov-kontrakt qiymati 2022/2023-o‘quv yili uchun belgilangan miqdorlarda saqlab qolingan. Unga ko‘ra, jahon siyosati, huquq, jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar, sog‘liqni saqlash, AKT sohasida iqtisodiyot va menejment yo‘nalishlarining kontrakt to‘lovi yuqori hisoblanadi. Bunday oliygohlar sirasiga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent Tibbiyot Akademiyasi, TATU kabi OTMlar kiradi. Ushbu ta’lim muassasalarining to’lovi 9-10 million atrofida. Bu ma’lumot davlat OTMlar misolida, yurtimizda xususiy va xorijiy OTMlari filiallari borki, ularning to’lovi ancha qimmat.
Nega xorijiy va xususiy OTMlari qimmat?
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari soni yil sayin ortib bormoqda. Ularning asosiy qismi xususiy oliygohlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng qimmat oliygohlar ham aynan xususiy OTM lari hisoblanadi. Ammo narxi baland bo‘lsada o‘zbek yoshlarining aksariyati aynan shunday oliygohlarda bilim olishmoqda. Xo‘sh, nega ? Demak bu borada yoshlarning fikrlari bilan qiziqamiz.
Osmon Inoyatov, Rossiyadagi MGIMO talabasi
Rossiyaning MGIMO universitetida 2-kursda o‘qiyman. Kontrakt to‘lovi 114 million. Dunyoning taniqli, insonlari aynan shu oliygohda tahsil olgani meni e’tiborimni tortdi. Diplomi butun Yevropaga o‘tadi. Ta’lim uslubi ham o‘ziga xos. Menimcha, ilm olishga sarflangan sarmoya eng yaxshi sarmoya.
Madina Abdurahmonova pedagog
Menimcha, jahon miqyosidagi talabgir kadr bo‘lish uchun kontrakt to‘lovi baland bo’lsada, nufuzli OTMda o‘qish kerak. Masalan, Toshkent shahridagi Webster universiteti kontrakti 50 million atrofida.
Men bakalavrni bitirib Toshkentdagi Webster universitetida magistratura bosqichini o‘qishni niyat qilganman. Negaki, u yerda magistraturada 2 yil emas, balki 1-yil ichida diplom bilan birga, sertifikatga ega bo‘lishingiz mumkin. «Tesol» sertifikatni afzalligi, muddat chegaralanmagan, doimiy amalda bo‘ladi. Bu sertifikat bilan o‘qituvchi bo’lib ishga kirsangiz oyligingizga 50 foiz ustama qo‘shiladi. Qolaversa, bu OTM ta‘lim tizimi rivojlangan malakali professor-o‘qituvchilar bilan birga xorijiy soha vakillari ham dars berishadi.
Yurtimizdagi kontrakti yuqori oliygohlar
Tahlillarga ko‘ra, yurtimizdagi eng qimmat kontrakt to‘lovi mavjud oliygohlar quyidagilar
1. Toshkentdagi Akfa universiteti 2019 yilda tashkil etilgan. Unda ta’lim 6 yil muddatni tashkil etadi. Akfa universiteti Janubiy Koreyaning Ganjon universiteti bilan hamkorlikda uning andazasida tashkil etilgan. Universitetning tibbiyot yo‘nalishida kontraktning umumiy summasi yillik — 58 000 000 so‘m / semestr uchun 29 000 000 (yigirma to‘qqiz million) so‘mni tashkil etadi.
2. MGIMO Toshkent filiali (Московский государственный институт международных отношений). 2019 yil sentyabr oyida faoliyatini boshlagan
To‘lov kontrakti miqdori — 52 230 000 so‘m.
3. Toshkent shahridagi Inha universiteti 2014 yilda Koreaning Inha universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Universitetda tahsil olish uchun bir yillik kontrakt summasi 30 million so‘mni tashkil etadi.
4 Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti. 2002 yilda London Vestminster universitetining Bakalavriat uchun to‘lov kontrakti summasi 32 993 400-49 490 10 30 million so‘mni tashkil qiladi.
5. Singapur menejmentni rivojlantirish instituti (MDIS). To‘lov kontrakti summasi — 32 256 000-57 416 000UZS
6. Turin politexnika universiteti. Italiyaning Turin shahridagi Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan bu ta’lim muassasasi Bir yillik to‘lov kontrakti miqdori 2 15 000 000-30 000 000UZS
7. Toshkent shahridagi Puchon universiteti. Puchon universiteti to‘lov kontrakti miqdori yiliga 30 000 000 so‘m atrrofida
8. Toshkentdagi Vebster universiteti. To‘lov kontrakti summasi so‘m.50 million so‘m atrofida.
9. Yodju texnika instituti. Kontrakt to ‘lovi 18 000 000-26 000 000UZS
10. Toshkent shahridagi «Amity» universiteti kontrakt to‘lovi 12 627 170-15 344 490UZS
Talabalar nimalarni xohlaydi
Kontrakt narxi qimmatmi? degan savolga deyarli barcha talaba belgilangan summani pasaytirilsa yaxshi bo‘lardi deyishi aniq.
O‘zbekiston yoshlar uchun keng imkoniyatlar yurti. Ayniqsa kontraktda o‘qiyotgan yoshlar uchun ham imtiyozlar har yili beriladi. Birgina 2023-2024-o‘quv yili uchun 193 ming 421 nafar abituriyent talabalikka qabul qilingan. bo‘lsa, to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan talabalar uchun shartnoma to‘lovlarini o‘quv yili davomida teng ulushlarda to‘rtga bo‘lib to‘lash imkoniyati taqdim etilgan. Qolaversa, magistraturada tahsil oluvchi xotin qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar ham doimiy e’tiborda. Asosiysi har yili kontrakt summasi yil boshida qayta belgilanib, oshirib boriladi. E’tiborlisi o‘tgan o‘quv yili davomida ham bu summa o‘zgarishsiz qoldi ya’ni oshirilmadi. O‘ylaymizki, yangi o‘quv yilida ham davlat OTMlari kontrakt narxini oshirmaydilar! Xo‘sh, siz-chi? Bu borada nima deysiz?