O‘zbekistonda qaysi sohada kadrlar yetishmaydi?

O‘zbekistonda moliyaviy sohada mutaxassislar yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Ish haqi oshganiga qaramay, yuqori malakali kadrlar ulushi o‘zgarmay qolgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, buxgalterlarning o‘rtacha oyligi 3 barobar, bosh buxgalterlar oyligi esa 2,6 barobar oshgan. Lekin korxonalarda yuqori malakali moliyachilar atigi 12% ni tashkil etmoqda. Moliyaviy direktor lavozimiga nomzodlar kutilayotgan maosh ish beruvchilar taklifidan 51% ga yuqori. Xo‘sh, nega moliyaviy kasblar ommabop emas?

Nega mutaxassislar yetishmayapti?

So‘nggi yillarda moliyaviy sohada o‘qiganlar ko‘p bo‘lsa ham, mutaxassislar yetishmayapti. Bu borada ayni yo‘nalishda tahsil olgan va hozirda o ‘z sohasi bo‘yicha faoliyat yuritmayotgan mutaxassislar fikrlari bilan qiziqdik. Ma’lum bo‘lishicha, ta’lim sifati pastligi asosiy muammo. Oliy ta’lim muassasalari nazariyaga ko‘proq urg‘u berib, amaliy ko‘nikmalarni yetarli darajada emas. O‘qituvchilar ham ko‘pincha amaliy tajribaga ega emas. Talabalar amaliyot o‘tashda qiyinchiliklarga duch kelishadi, so‘nggi yillarda bu muammolarga yechim topishga harakat qilinmoqda. 

Past ish haqi sababmi?

Oliy ta’limni bitirgan yosh mutaxassislar ish haqini qoniqarli emasligini aytishdi. Dasturchilar va frilanserlar moliyachilardan ko‘ra ko‘proq daromad olishadi. Shu sababli, ko‘pchilik moliyaviy sohani tashlab, yaxshiroq daromad topishga intilishadi. Moliyachilarning o‘rnini IT sohasining mutaxassislari egallamoqda, bu esa sohada malakali kadrlarning kamayishiga olib kelmoqda.

Tan olish kerak, 6-7 yil avval ko‘proq  “puldor” ota-onalarning farzandlari moliyaviy yo‘nalishlarga o‘qishga kirishgan. O‘qishni tugatgandan so‘ng, bu kasb ularga mos emasligini tushunishgan. Ko‘pchilik o‘z qiziqishlariga mos kelmaydigan sohani tanlaganligi sababli, yaxshi mutaxassis bo‘lib yetisha olmagan. Bu kabi holatlar sohada malakali kadrlar yetishmovchiligiga olib kelgan.

Akbar Ochildiyev

2008-yilda Toshkent davlat Iqtisodiyot Universitetini tamomlaganman. Lekin buxgalterlik  bo‘lib ishlamadim. Bu sohada o‘zimni ko‘ra olmadim. Eng yomoni korrupsion holatlar ham ish topishimga to‘sqinlik qildi. Ba’zi korxonalarda lavozimlar tanish-bilishchilik orqali egallanadi.

Muammoning yechimi qanday? 

Ushbu muammolarni hal qilish uchun “Moliyaviy mutaxassislar forumi – 2025” doirasida 8 ta taklif ilgari surildi:

 1. To‘rt bosqichli malaka tizimini yaratish

Moliyaviy mutaxassislar uchun aniq martaba yo‘li belgilanib, quyidagi darajalar bo‘yicha rivojlanish tizimi joriy etilishi taklif qilinmoqda:

 boshlang‘ich – kichik buxgalter, yordamchi;

asosiy – buxgalter, tahlilchi;

professional – moliyaviy menejer, o‘rta biznes bosh buxgalteri;

ilg‘or – moliyaviy direktor, yirik korxona bosh buxgalteri.

2. Xalqaro professional standartlarga mos tizim yaratish

Xalqaro buxgalterlar federatsiyasi (IFAC) talablariga mos ravishda moliyaviy va biznes boshqaruvi hamda raqamli ko‘nikmalarni o‘z ichiga olgan standartlar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

3. Ta’lim tizimini modernizatsiya qilish

 Korxonalarda majburiy amaliyot joriy etish;

Ta’lim dasturlarini xalqaro sertifikatlashtirish tizimiga integratsiya qilish;

Universitet diplomi va kasbiy sertifikatni birgalikda olish imkoniyatini yaratish.

4. Moliya fanlari o‘qituvchilarini attestatsiyadan o‘tkazish

 Moliyaviy fanlar bo‘yicha o‘qituvchilarni bepul tayyorlash;

Professor-o‘qituvchilarni xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lishini ta’minlash.

5. Mustaqil baholash markazlarini yaratish

Moliyaviy mutaxassislar malakasini aniq belgilash uchun yagona baholash markazlari tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda.

6. Milliy sertifikatlash tizimini joriy etish

Moliyaviy mutaxassislarning asosiy lavozimlari uchun majburiy sertifikatlash tizimini joriy etish;

Boshqa moliyaviy mutaxassislar uchun ixtiyoriy sertifikatlash imkoniyatini yaratish.

7. Yangi qonunchilik bazasini ishlab chiqish

Kasbiy tashkilotlar va malakalar to‘g‘risidagi yangi qonunlar ishlab chiqilib, buxgalteriya hisobi bo‘yicha qonunchilik yangilanadi.

8. Hamkorlik ekotizimini yaratish

O‘zLiDeP, Savdo-sanoat palatasi va Sertifikatlangan moliya mutaxassislari uyushmasi birgalikda 10 mingdan ortiq xalqaro moliyaviy mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha kompleks ekotizim yaratishni rejalashtirmoqda.

Ushbu takliflar O‘zbekistonda moliyaviy sohada malakali mutaxassislarni yetishtirishga yordam beradi. Shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga zamin hozirlaydi.