O‘zbekiston OTM talabalarining kunlik xarajati qancha?

Talabaning kunlik xarajati qancha?

Talabalikning narxi qancha?

Talabalik – hayotning unutilmas payti. “Oltin davr”deya ham ta’rif berishadi. Afsuski, bugunda, “xarajatli davr” deydiganlar ham topiladi, chunki, ko’pchilik shu pallada moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazishadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bir nafar talabaga Garvardda bir yil o’qish uchun 56 000 dollardan ortiq, uy-joy va boshqa xarajatlar bilan birga qo’shganda, 83 000 AQSh dollari miqdoridagi pul ketadi. Odatda Garvardda o’quv yili taxminan 9 oy davom etadi. 9 oyda taxminan 270 kun bor (9 oy x 30 kun).

Kunlik xarajat: 83,000 dollar / 270 kun = Taxminan 307.41 dollar

Shunday qilib, Garvardda o’qish uchun bir talabaning kunlik xarajati taxminan 307.41 dollarni tashkil etadi. Xo‘sh, O‘zbekistondagi OTM larda-chi?

O‘zbekiston OTM Talabalarining kunlik xarajati qancha?

Xo‘sh, talabaning kunlik xarajati qancha? Ayni savol bilan biz talaba-yoshlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdik. Shuningdek, Instagramdagi sahifamizda ham “Talabaning kunlik xarajati qancha?” degan savol bilan post joylashtirdik va mazkur mavzuni tahlil qilishda ayni post ostida qoldirilgan izohlarni ham hisobga oldik.

Talaba-yoshlardan kunlik xarajatlari haqida so‘raganimizda, ular har xil fikrlar bildirishdi. Ularning fikrlariga ko‘ra, o‘rtacha kunlik xarajatlar 20 ming so‘mdan 100 ming so‘mgacha va undan yuqori bo‘lishi mumkin.

Masalan, O‘zMU talabalari orasida ba’zilaridan so‘raganimizda, kuniga 40 mingdan 150 ming, hattoki 300 minggacha ishlatishi ham mumkinligini aytishgan bo‘lsa, Toshkent Davlat Yuridik Universiteti talabalarining ayrimlari hatto kuniga 500 ming so‘m yetmasligini iddao qilishgan. Bu oliygohning ayrim talabalari kuniga 100-300 ming so‘mgacha ishlatishi haqida ham fikrlar bildirilgan. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATUdagilarning ko‘pchiligi 100 ming so‘m yetishini aytgan bo‘lsa, ayrimlari kuniga bir million ham ketadi deyishgan. Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika universiteti qizlari 70 mingdan 300 ming so‘mgacha ishlatamiz deyishgan. Xullas, hamma har xil, “xarajatiga qarab” deganlaridek talabalar ham cho‘ntagiga qarab “kunlik” xarajatni amalga oshirar ekan.

Kamxarj talaba qayerda?

Eng kam xarj, zamonaviy tilda aytganda “ekonom klass”dagi talabalar yotoqxonalarda istiqomat qilayotganlarning ba’zilari ekan. Ularning aytishicha, oyda bir marta pul sarflab bir oylik yeb-ichadigan mahsulotlar (“produxta”lar) g‘amlab qo‘yiladi, transport kartasi olinadi, o‘qish joyi yaqin bo‘lganligi uchun kunlik obedi yotoqxonaning o‘zida bo‘ladi va kuniga 20 ming yetadiganlari ham bor. Hatto “Kvartiradan qatnamayman, uyda ovqatlanamiz, shu sababli kuniga yo‘lkira uchun 5000 so‘m ketarkan”, deb fikr bildirgan yoshlar ham bo‘ldi.

Ammo xarajatlarning yuqoriligidan shikoyat qilgan talabalar ham uchradi. Masalan, bir talaba “Talabalik oltin davr emas unchalik, o’qish qiyin. Har kuni 40-50 ming ketadi”, deb fikr bildirishgan. Ayrim talabalar xarajatlarning yuqoriligiga qaramay, talabalik davrini “oltin davr” deb atashdi.

Yuqoridagi fikr-mulohazalardan kelib chiqib, Toshkentda talabalarning kunlik xarajatlari juda xilma-xil, bu esa ularning shaxsiy sharoitlariga bog‘liq.

Kunlik Xarajatlar

Oliy ta’lim olish – kelajak sari qo’yilgan muhim qadam, lekin bu qadam moliyaviy jihatdan qanchaga tushadi?

Quyida o’rtacha kunlik xarajatlar:

  • Kontrakt (kundalik): O’rtacha yillik kontrakt (bakalavriat, davlat universiteti) – 15 mln so’m deb olsak, bir kunlik xarajat (o’quv yili 9 oy) – taxminan 55 ming so’m.
  • Ijara (kundalik):
    • Yotoqxona (agar nasib qilsa) – 150-200 ming so’m/oy (kundalik 5-7 ming so’m).
    • Kvartira (4 kishi bo’lib ijaraga olinsa, Toshkent shahrida) – 800 ming – 1.2 mln so’m/oy (kundalik 27-40 ming so’m).
    • O’rtacha – 35 ming so’m (kvartira narxidan kelib chiqib).
  • Ovqatlanish (kundalik):
  • Uyda ovqat tayyorlash (eng tejamli variant) – 20-30 ming so’m.
  • Ko’chada tushlik (oshxona, fast-food) – 25-40 ming so’m.
  • Nonushta (bulochka, choy) – 10-15 ming so’m.
  • Kechki ovqat (uyda/kafe) – 30-50 ming so’m.
  • Umumiy – 75 ming so’m (o’rtacha hisobda, uyda ovqatlanish va ko’chada ovqatlanishni hisobga olib).
  • Transport (kundalik):
  • Jamoat transporti (kartada) – 1700 so’m x 2 (borish-kelish) = 3400 so’m.
  • Taksi (o’rtacha) – 15-20 ming so’m (faqat zarurat tug’ilganda).
  • Umumiy – 5 ming so’m (jamoat transportidan foydalanishni hisobga olib).
  • Boshqa xarajatlar (kundalik):
  • Internet (mobil) – 5-10 ming so’m (agar oylik paket olinsa, kundalik 3-5 ming so’m).
  • Gigiyena vositalari, daftarlar, ruchkalar – 2-3 ming so’m.
  • Madaniy hordiq (kinoteatr, kafe – hafta oxirida) – 5-10 ming so’m/kun (o’rtacha hisobda).
  • Umumiy – 10 ming so’m.

Kunlik xarajatlar

55 000 (kontrakt) + 35 000 (ijara) + 75 000 (ovqat) + 5 000 (transport) + 10 000 (boshqa xarajatlar) = 180 000 so’m.

Oylik xarajat: 180 000 so’m/kun  30 kun/oy = 5 400 000 so’m

Xulosa:

Toshkentda talabalarning kunlik xarajatlari juda xilma-xil bo‘lib, ularning shaxsiy sharoitlari, turmush tarzi va moliyaviy imkoniyatlariga bog‘liq. Talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar shuni ko‘rsatdiki, kunlik xarajatlar 20 ming so‘mdan 500 ming so‘mgacha va undan yuqori bo‘lishi mumkin.

Umumiy hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘rtacha talabaning bir kunlik xarajati (kontrakt, ijara, ovqatlanish, transport va boshqa xarajatlarni inobatga olganda) taxminan 180 000 so‘mni tashkil etadi. Ammo, bu raqam yotoqxonada yashovchi va tejamkorlik qiladigan talabalar uchun kamroq bo‘lishi, kvartirada turadigan va ko‘proq xarajat qiladigan talabalar uchun esa yuqoriroq bo‘lishi mumkin.

Albatta, grant asosida o‘qish, stipendiya olish, yotoqxonada yashash, yeyish va ichishni qisqartirish, ko‘ngilochar tadbirlardan voz kechish orqali bu xarajatni ancha kamaytirish mumkin. Lekin shunda ham 2 mln so‘mdan kamiga bir talabani bir oy davomida ta’minlashning amalda iloji yo‘q.

Ma’lumot o‘rnida: Narxlar statistik tadqiqotlarga emas, hayotiy kuzatuvlar va so‘rovlarga asosan shakllantirilgan. Umuman, bu borada biror rasmiy tadqiqot olib borilgani ma’lum emas.