O’zbekcha gaplashamiz

Maqola yozishdan avval, koʻchada oʻn nafar yoshlar bilan muloqotda boʻldim. Maqsadim ularning oʻzbek tilida soʻzlashuv uslubi, sof ona-tilimizning qonun-qoidalariga qanchalik amal qilishini bilish edi. Oʻn nafar yoshlar bilan gaplashgan boʻlsam, ularning aksariyati talabalardir. Afsuski, muloqotlarda yoshlarning 3 nafari sof oʻzbekchada fikrini aniq ifodalagan boʻlsa, qolgan 6 nafar suhbatdosh yigit-qizlarni jargonlardan foydalanishi, palapartish va kirib keladigan yot soʻzlarni qorishtirib gapirishi, hafsalamni pir qilgan boʻlsa, yana bir yosh millatdoshimni ruscha tili chiqib, shu tilda taʼlim olayotganligi sababli oʻzbek tilini umuman bilmasligi dilimni xira qildi.

Ruscha tili chiqayotgan oʻzbek yoshlari

Ha, bugun rus-tiliga ixtisoslashgan bogʻchalarda taʼlim-tarbiya olgan, maktabda ham rus sinfida tahsil olib, universitetning rus guruhida oʻqigan yoshlar koʻpchilikni tashkil etadi. Ularning aksariyati o’zbekchada umuman so’zlashmaydi. Bunday yoshlarni faxr bilan «zamonaviy yoshlar» deb e’tirof ham etayotganlar yo’q emas. Albatta, chet-tilini bilgan yaxshi ammo oʻzbek tilini bilmaslik qanchalik toʻgʻri? Qolaversa, ularning millati oʻzbek, mahalla-kuy, qarindosh urugʻlari ham oʻzbek-ku?! Bu haqida millat jonkuyarlari, jamoatchilik koʻp bora bong urib kelishyapti. Bu tanqidlar qanchalik inobatga olinyapti bilmadimu, ammo tan olish kerak, bugun farzandi oʻzbek tilida toʻgʻri salomlashishni ham bilmasdan, rus-tilida tilida soʻzlashadigan ota-onalar, bu holatdan xoʻrsinish oʻrniga xursand boʻlishayotgan davrda yashayapmiz! Ona tilimizni kelgusi avlodlarga yetkazuvchi koʻprik yosh avlod emasmi? Qolaversa, millatni yoʻqotishning birlamchi omillaridan biri bu ona-tilni yoʻqotish ekan, farzandlariga oʻzga tilda soʻzlashni oʻrgatayotganlar bilib-bilmay millat zavoliga hissa qoʻshishmayaptimi?! Agar biz oʻz tilimizga shunday munosabatda boʻlar ekanmiz, boshqalardan tilga eʼtiborni talab qilish befoyda boʻladi.

«Jargon» soʻzlar faqat yoshlar orasida ommalashyaptimi?

Qancha bong urilmasin yoshlar orasida ommalashib borayotgan «Jargon» soʻzlashuvlardan foydalanish qancha ortsa ortdiki kamaymaganiga guvoh boʻlamiz. Eng yomoni, tashqaridan kimdir oʻzbekcha soʻzlarni tilimizdan majburan siqib chiqarmayapti, oʻzimizning ixtiyorimiz bilan qilyapmiz buni. Yoshlarning kundalik hayotini «takoy», «zemlyak», «paxan», «dedulya», «bratan», «okey», «karoche», «vopshe» kabi ayrim chet soʻzlarsiz tasavvur qilish qiyin. Adabiy boʻlmagan nutqning bu koʻrinishi «jargon» soʻzlar deb ataladi va ular oʻsmirlar, yoshlar hamda maʼlum bir guruh, soha vakillari orasida tushunarli boʻladi. Ijtimoiy tarmoqlardagi postlarning deyarli asosiy qismini jargon soʻzlardan tashkil topgan «istoriya»lardan iboratligini guvohi boʻlasiz. Videokontentlarni taʼsirchanligini oshirishda, ommalshtirishda ham aynan shunday soʻzlashuv uslubidan foydalanilayotgani sir emas.

Odatda tilni buzib gapirishda yoshlarni koʻproq ayblab kelamiz. Afsuski, yoshi kattalar ham oʻz nutqini nazorat qilmasligi, oʻzini «madaniyatli» qilib koʻrsatmoqchi boʻlishi, oʻzini ruschani ham bilishini namoyish etishga intilishi orqasidan nutqimizga chet soʻzlar kirib kelmoqda. Achinarli jihati bunga quloqlarimiz ham oʻrganib qolmoqda. Misol uchun, «peshaxodda toʻxtang», «ochirid kutdim», «karochi», «ajidaniyaga tushdingiz», «problema sozdavat qilma», «chyotkimi hammasi», «uje hal boʻldi», «zakaz oldim» kabilarni koʻplab keltirish mumkin.

Yana bir ogʻriqli tomoni, Oʻzbekistonda yashab, masʼul vazifalarda ishlab turib, shu yurtning tilini bilmaydigan rahbarlar ham bor, bu ijtimoiy tarmoqlarda koʻp bora muhokamalarga sabab boʻlgan.

Xoʻsh, nima qilish kerak?

Dildora Isoqova, filolog:

– Til palapartish va kirib keladigan yot soʻzlar hisobiga qashshoqlashadi. Keyingi paytlarda shu salbiy hodisa kuzatilyapti, odamlarda tilimizga boʻlgan eʼtibor pasayib ketyapti. Bu muammolarni bartaraf etishda yoshlar muhim oʻrin tutadi. Buning uchun har bir yosh hozirdanoq harakatni boshlash kerak. Ularga quyidagi tavsiyalarni bera olaman:

– Chet tilini bilgan yosh avlod faxrimiz qachonki, oʻz ona-tilini bilgan holda boshqa chet tilini bilishi maqsadga muvofiq. Shuning uchun farzandlarimizni yoshligidan ona-tilimizni ham oʻrgatishimiz lozim.

– Soʻzlayotganda, nomaqbul soʻzlarni ishlatmaslik,

– Nutqda ravonlikka erishishda koʻproq kitob oʻqish, badiiy kitoblar mutolaasi bilan tizimli ravishda mashgʻul boʻlish, nutqqa beparvolik bilan qaramaslik

– internetda ham oʻzbekcha kontentlarni koʻpaytirishga hissa qoʻshish

– oʻzbek tilidagi badiiy filmlar tomosha qilish.

Bu jihatlarga eʼtiborli boʻlsak, tilimizni asrab-avaylash va saqlashga erishishimiz mumkin.

Oʻzbek tili yoʻqolib ketish xavfi bormi?

Yana bir jihat. YUNESKO maʼlumotiga koʻra, bugungi kunda sayyoramizda 7 ming atrofida til mavjud boʻlib, ularning 90 foizi yoʻqolib ketish arafasida turibdi. Oʻtmishda 9 mingdan ortiq til mutlaq yoʻqolib ketgan. Til saqlanib qolishi uchun unda kamida bir million kishi soʻzlashishi lozim. Bunday tillar dunyoda atigi 250 tani tashkil etadi. Bugungi kunda oʻzbek tilini dunyo boʻyicha 30 milliondan koʻproq odam ona tili deb biladi. Unda soʻzlasha oladiganlar soni esa taxminan 50 millionga yetibdi. Bundan koʻrinadiki, tilimiz yoʻqolib ketmaydi, ammo buzilib ketayotgani koʻngillarda xavotir uygʻotadi. Demak uni sofligini saqlashga har birimiz masʼullikni his qilishimizlozim. Qanday deysizmi? Faqatgina oʻzbek tilida soʻzlashish va yon atrofimizdagilarni ham shunga daʼvat etish orqali bunga oz boʻlsada hissa qoʻshgan boʻlamiz. Shunday ekan keling sof o’zbek tilida gaplashaylik!