O‘qishni ko‘chirish talabaga nima beradi?

O‘qishni ko‘chirish – bu talabani bir ta‘lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazadigan ta‘lim dasturi. Ko‘plab talabalar turli sabablarga ko‘ra o‘qishni ko‘chirishga qaror qilishadi, masalan, kasbiy qiziqishlarini o‘zgartirish, yaxshiroq ta‘lim olish yoki shaxsiy sharoitlar. O‘qishni ko‘chirishning eng asosiy jihatlaridan biri bu yangi ta‘lim muassasasini tanlashdir. Talaba ta‘lim dasturi, universitet obro‘si, kirish imkoniyati va yangi muassasa taqdim etadigan qo‘shimcha imkoniyatlarni hisobga olgan holda turli xil variantlarni o‘rganishi kerak. Maqola davomida, Qanday tartibda o‘qishni ko‘chirish mumkin? Qishki perevodga kimlarga ruxsat bor? singari savollarga javob olamiz.

Qanday tartibda o‘qishni ko‘chirish mumkin?

O‘zbekistonda talabalar o‘qishini ko‘chirish :

  • Oliy ta‘lim muassasalari ;
  • Tizimida oliy ta‘lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar;
  • Davlat komissiyalari qarorlari bilan amalga oshiriladi.

Xorijiy va nodavlat oliy ta‘lim muassasalaridan o‘qishni davlat universitetiga ko‘chirish faqat yozda amalga oshiriladi. Talabalarning o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalarni topshirish va ko‘rib chiqish har yili 15 – iyuldan 5 – avgustga qadar amalga oshiriladi. Arizalarni oliy ta‘lim muassasasi, tegishli vazirlik yoki Idoralararo komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilish 5 – avgustdan 30 – avgustga qadar amalga oshiriladi. O‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar quyidagi hujjatlarni yig‘ishlari kerak bo‘ladi. Bular:

  • Passport nusxasi;
  • Talabaning reyting daftarchasi;
  • Akademik ma‘lumotnoma nusxalari;
  • Ko‘chirishni istagan ta‘lim yo‘nalishi;
  • O‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan holidagi ariza. Arizada avval o‘qigan oliy ta‘lim muassasasi va ta‘lim yo‘nalishi, ko‘chirish sabablari va ko‘chirish qoidalari bilan tanishilganligi ko‘rsatilishi kerak.

Xorijiy oliy ta‘lim muassasalaridan o‘qishni O‘zbekiston Respublikasi oliy ta‘lim muassasalariga ko‘chirish istagini bildirgan o‘zbekistonlik talabalar oliy ta‘lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarda tashkil qilingan komissiyalarda o‘zlari ta‘lim olgan xorijiy oliygohlardagi o‘qitish tili bo‘yicha muayyan ta‘lim yo‘nalishidagi o‘qishga kirish fanlari bo‘yicha maxsus sinov test yoki yozma ish topshiradi. Natijalardan kelib chiqib, talabaning o‘qishi komissiya qarori bilan ko‘rsatilgan o‘quv shaklidagi guruhlarga o‘tkaziladi. O‘quv rejalaridagi fanlari bo‘yicha farqlar aniqlanganda talaba akademik qarzdor sifatida o‘qishga qabul qilinadi. Joriy semestr davomida akademik qarzdorlik bartaraf etilgan muddatdan boshlab, oliy ta‘lim muassasasi rektorining talabaga o‘rnatilgan tartibda stipendiya berish haqidagi buyrug‘i chiqariladi. O‘qishni ko‘chirish jarayonida kredit-modul tizimi bo‘lganligi sababli fanlar ketma – ketligi tushinchasi mavjud bo‘lib, talaba o‘zining yo‘nalishidan boshqa sohani tanlasa hamda fanlarda 4 tadan oshiq o‘zgarishlar mavjud bo‘lgan taqdirda talaba o‘qishni imtihon topshirib birinchi kursdan boshlab o‘qiydi.

Qishki perevodga kimlarga ruxsat etiladi ?

Uzrli sabablarga ko‘ra talaba qizlar o‘z hududidan boshqa joyda yashovchi shaxsga turmushga chiqganda yoki davlat organlarining xodimlarining ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i, voyaga yetmagan farzandlari o‘qishni ko‘chirish uchun (tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida) mos va turdosh yo‘nalishlari bo‘yicha o’qishni ko‘chirish bahorgi semestrga ruxsat etiladi. Hujjatlarni topshirish 20 dekabrdan 20 yanvargacha, ularlarni tekshirib javob xati yo‘llash 25 yanvardan 15 fevralgacha muddatda bo‘ladi. Aynan oila qurganligi sababi bilan o‘qishini ko‘chirgan talaba Avlod Media uchun intervyu berdi. Keling, o‘qishni ko‘chirish talabaga qiyin bo‘lganmi yoki oson barchasini bilib olamiz.

Zaynabbibi Umirova – O’zbekiston milliy universiteti talabasi

“Men Qashqadaryo viloyatida tug‘ilganman. 2021 – yil Buxoro davlat universitetiga o‘qishga kirganman. 2023 – yil 2 – kurs paytim o‘qishimning qishki semestrda perevod qilganman. Asos nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘imning ishi va propiskasi Toshkent shahrida bo‘lganligi sababli, nikohdan o‘tib keyin o‘qishni ko‘chirganman. Arizam uzog‘i 10 kun davomida ko‘rib chiqilib, ijobiy javob chiqarilgan. Fevral oyida to‘liq Toshkent shahridagi O‘zbekiston Milliy universitetiga o‘qishimni ko‘chirdim. GPA ballim 2,8 ball bo‘lgan va bu ball kelgan bosqichimdan o‘qishni davom ettirishga yetganligi sababli kursdan kursga qoldirilmay o‘qishni to‘g‘ri kelgan kursimdan davom ettirdim. Chunki, bilamiz har bir universitet GPA ballini o‘zi belgilaydi. Bu ballar har qaysi universitetda har xil bo‘ladi. Milliy universitetda bu ko‘rsatkich 2,8 etib belgilangan ekan va omadim kelib o‘qishimni kelgan kursimdan davom ettirib ketganman. Menda o‘qitiladigan fanlar orasida mos kelmaydigan ikkita fan chiqgan. Keyin ularning har biri uchun kredit pulini to‘lab o‘qib imtihon topshirdim va muvaffaqiyatli o‘tdim. Hozir ham aynan shu yerda o‘qishimni davom ettiryapman”

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50 – moddasida belgilanganidek, “Har kim ta‘lim olish huquqiga ega. Davlat uzliksiz ta‘lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta‘lim tashkilotlarining rivojlanishini ta‘minlaydi” .

Umuman olganda, O‘zbekistonda o‘qishni ko‘chirish muayyan qoidalar va tartiblar asosida amalga oshirilishi mumkin. Ta‘limning muvaffaqiyatli o‘tishini va muammolarsiz davom etishini ta‘minlash uchun oldindan rejalashtirish va tayyorgarlik ko‘rish muhimdir. Har bir universitetda transfer talablari va tartiblari turlicha bo‘lishi mumkin, shuning uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta‘lim fan va innovatsiyalar tasarrufidagi barcha universitetlarning rasmiy veb – saytlaridan va ijtimoiy tarmoqlaridan, www.erasmusplus.uz saytini diqqat bilan ko‘rib chiqish yoki qo‘shimcha ma‘lumot olish uchun qabul komissiyalariga murojaat qilish tavsiya etiladi. Har yili qo‘shni respublikalardagi oliygohlarda ta‘lim oladigan o‘zbekistonlik talabalar ham o‘qishini davlat oliy ta‘lim muassasalariga ko‘chiradi. Biz ulardan ogoh bo‘lishlarini va aldanib qolmasligini so‘rab qolamiz. Hozir hech qanday litsenziyaga ega bo‘lmagan xususiy universitetlarga o‘qishni ko‘chirib berish niqobi ostidagi turli firibgar shaxslar paydo bo‘lgan. Shuning uchun talabalar va ularning ota-onalaridan nihoyatda ehtiyot bo‘lishlarini va bunday shaxslarga ishonib qolmasliklarini so‘rab qolamiz.