2020-yil, 15-mart. Menimcha bu sana ko’pchilikka tanish, ayniqsa ayni shu yil oralig’ida maktab o’quvchisi, institut talabasi yoki abituriyent bo’lganlarga. Shu yilda ko’proq aynan shu 3 ta qatlam vakillari oydan tushgan odam kabi bo’lib qolishgan. Bu, albatta, tabiiy hol, chunki shu vaqtgacha hali ular biror marta online ta’limga murojaat qilishmagan edi. Aynan shu yildan boshlab maktab o’quvchilari, talaba va abituriyentlarda raqamli immunitet hosil bo’lishni boshlagan, ya’ni ular birinchi o’rinda Zoom platformasidan ro’yxatdan o’tishni, darslardan so’ng esa turli xil saytlardan berilgan vazifalarni topib, ulardan unumli foydalanishni o’rganishgan. Bu, shubhasiz, juda yaxshi holat.
Ho’sh, bizda raqamli immunitetni rivojlantirgan onlayn ta’limning qanday avzallik va kamchiliklari bo’lgan? Ular haqida nimalarni bilamiz?
Ushbu maqolada bu savollarga javob topasiz degan umiddamiz.
Avzalliklaridan boshlasak. Ular:
- Qulaylik.
Har qanday joyda o’qish imkoniyatining mavjudligi, endi siz yomg’ir, qor, to’fon, sel kabi tabiat ofatlarini yengib institutga bormagan holda uyingizda, ishingizda yoki o’zingizga qulay bo’lgan joyda o’qishingiz mumkinligi, uxlab qolmaslik sharti bilan, albatta. Kimga ham yoqmaydi deysiz?
- Bir umrlik darslar.
Darsda bo’lgan vaqtingizda, biror bir mavzuga tushinmay qolishingiz bu keyinchalik ustozdan yurak yutib so’rashingizga tog’ri kelishi demakdir, agar ustozingiz haqiqatan badjahl bo’lsa. Ammo onlayn ta’limda bu keyinchalik siz platformaga yuklangan, yozib olingan darslarni yodlab olguningizcha ko’rishingiz mumkin degani.
- Ko’proq vaqt – ko’proq rivojlanish imkoniyati.
Siz endi darsga borish uchun uyingizdan 500 metr uzoqda bo’lgan avtobus bekatiga piyoda borib, avtobusda yarim soat tiqilinchda yurishingiz va darsga qatnashib, yana shuncha vaqt sarflab, uyga qaytib kelishingiz shart emas. Bu ko’proq rivojlanishni istagan insonga to’g’ri kelmaydi. Yaxshisi, onlayn o’qib, yo’lga ketadigan vaqtga qo’shimcha yana biror bir bilim o’rganadi.
Guruch kurmaksiz bo’lmagani kabi, online ta’limning ham o’ziga yarasha kamchiliklari mavjud. Ular:
- O’quvchiga e’tiborning kamligi.
Darslar internet orqali bo’lganligi uchun hamisha ham auditoriyaning e’tiborini ushlab qolishning imkoni bo’lmaydi va bu o’z navbatida talabalar bilan individual ishlash imkoniyatini yaxshigina kamaytiradi.
- Texnik nosozliklar.
Telefon yoki kompyuter dasturiy ta’minotida kuzatiladigan nosozliklar, internet tezligining pastligi yoki chiroq o’chib qolishi. Bunday nosozliklar o’zingizga kerakli va o’zingiz qiziqqan mavzuni o’rganyotganingizda sodir bo’ladi odatda. Darslardan qolib ketmaslik uchun bunday vaziyatlarning oldini olib qo’ygan yaxshi. Hech bo’lmasa powerbankni to’ldirib qo’yishni unutmaslik zarur.
- Qiziqarli bo’lmagan darslar.
Statsitika ma’lumotlariga qaraganda 5% insonlar o’rganish uchun boshlagan onlayn kurslarini oxirigacha tugatishar ekan. Bunga sabab esa darslarda to’g’ridan to’g’ri ustoz va o’quvchining ikki tomonlama aloqasi bo’lmasligida. Odatda onlayn darslarda, faqat ustoz gapiradi, siz esa o’rganasiz. Buning ustiga onlayn darslarda o’quvchilar bir biri bilan muloqot qilib, tadqiqot o’tkazadigan qiziqarli o’yinlarni tashkil qilish deyarli imkonsiz.
Bu qism maqolamizning so’ngi qismi edi. O’zingizga kerakli bilimlarni oldingiz degan umiddamiz.
Raxmonberdiyev Islomjon Shodiyor o’g’li.