Oliygohlarning 2023-yilgi milliy reytingi e‘lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta‘lim fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2023 – yil uchun oliy ta‘lim muassasalari milliy reytingi e‘lon qilindi. Ushbu reytingga yurtimizdagi 76 ta oliy ta‘lim muassasasi kiritilgan bo‘lib, ularning barchasi 2023 – yilgi faoliyati bo‘yicha baholangan. Reytingning birinchi o‘rnini “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti egalladi va O‘zbekistondagi yetakchi oliygohga aylandi. Ikkinchi o‘rin O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga berildi. Uchinchi o‘rin esa Namangan muhandislik – texnologiya institutiga nasib etdi. Bundan tashqari, kuchli o‘ntalikdan Buxoro davlat tibbiyot instituti, Farg‘ona politexnika instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya institutlari o‘rin oldi. Milliy reytingda universitetlar quyidagi to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha baholandi:

– ilmiy – tadqiqot faoliyati va fan – ta‘lim ishlab chiqarish integratsiyasi;

– o‘quv – metodik ishlar faoliyati va o‘qitish sifati:

– talabalar bilimi va bitiruvchilar sifati:

– sportni rivojlantirish.

Bundan tashqari, baholashning ijtimoiy – gumanitar yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta‘lim muassasalarining reytingi ham baholangan bo‘lib, unga ko‘ra;

1. O‘zbekiston milliy universiteti – 59,98 foiz natija bilan yetakchi bo‘ldi.

2. Samarqand davlat universiteti – 55, 45 foiz natija bilan ikkinchi o‘rinni oldi.

3. Toshkent moliya instituti – 53,77 foiz natija bilan uchinchi o‘rinni egalladi.

4. Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti – 53,36 foiz to‘rtinchi o‘rin.

5. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi – 53,31 foiz bilan beshinchi o‘rin bo‘ldi.

Professsor o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati ko‘rsatkichlari;

1. Toshkent moliya instituti – 57,9 foiz

2. O‘zbekiston milliy universiteti – 56,5 foiz

3. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi – 54,1 foiz

4. Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti – 54 foiz

5. Samarqand davlat universiteti – 53,4 foiz

Scopus bazasiga ko‘ra professor – o‘qituvchilarning ilmiy maqolalari soni ko‘rsatkichlari;

1. O‘zbekiston milliy universiteti – 402

2. Samarqand davlat universiteti – 135

3. Urganch davlat universiteti – 89

4. Qoraqalpoq davlat universiteti – 65

5. Toshkent moliya instituti – 62

Scopus bazasiga ko‘ra professor – o‘qituvchilar nashrlariga iqtiboslar soni ko‘rsatkichlari;

1. O‘zbekiston milliy universiteti – 3146

2. Qoraqalpoq davlat universiteti – 497

3. Toshkent moliya instituti – 305

4. Samarqand davlat universiteti – 255

5. Namangan davlat universiteti – 218 shu kabi natijalar qayd etildi.

Ko‘rsatkichlarning barchasi O‘zbekiston Respublikasi vazirlar mahkamasi huzuridagi ta‘lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tayyor infografikalar holatiga keltirilgan va natijalar shu asnoda taqdim etilgan. Oliy ta‘lim muassasalarining filliallari reytingi ham baholangan bo‘lib, birinchi o‘rinni TATUning Samarqanddagi filiali, ikkinchi o‘rinni TIQXMMIning Buxoro filiali, TDYUning ixtisoslashtirilgan filiali egalladi. Aytib o‘tishimiz lozimki bu yilgi reyting natijalarining sarhisobiga ko‘ra uchta ko‘rsatkich (ijtimoiy-gumanitar, scopus bazasiga ko‘ra o‘qituvchilarning ilmiy maqolalari, scopus bazasiga ko‘ra professor o‘qituvchilarning ilmiy maqolalariga iqtiboslar) bo‘yicha O‘zbekiston milliy universiteti yetakchilik qilgani tahsinga loyiq. Bu ko‘rsatkichlar har yili yangilab boriladi. Bir yil yuqori pag‘onani egallagan oliygoh ikkinchi yili pastga tushishi yoki ko‘tarilishi ham mumkin. Ma’lumotlardan xabardor bo‘lib turishni istasangiz O‘zbekiston Respublikasi vazirlar mahkamasi huzuridagi ta‘lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining rasmiy saytidan yoki ta‘lim yangiliklari rasmiy telegram kanalidan topsangiz bo‘ladi.