Oliygohlarda Registrator ofisi ish boshlaydi

Uning qanday afzalliklari bor?

Registrator ofisi nima?

Registrator ofisi (yoki registrar’s office) — bu oliy ta’lim muassasalarida talabalarning o‘quv jarayoni bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar, hujjatlar va xizmatlar yuritiladigan bo‘limdir. U talabalar va oliygoh o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘taydi.

Registrator ofisining paydo bo’lish tarixi

Registrator ofisi tushunchasi 19-asrning oxirida, aynan 1880-yillarda AQShda paydo bo’lgan. Xususan, bu tushuncha ilk bor Garvard Universitetida (Harvard University) qo’llanila boshlangan. Oliy ta’lim tizimi 19-asrning ikkinchi yarmida, ayniqsa AQShda tez sur’atlar bilan rivojlana boshladi. Universitetlar soni va talabalar soni keskin oshishi, o’z-o’zidan talabalarning o’quv jarayonini boshqarish va ularning akademik ma’lumotlarini yuritish uchun yangi tizimga ehtiyoj tug’dirdi. Shuningdek o’quv dasturlari yanada murakkablashib, talabalarning individual o’quv rejalari va ularning baholarini yuritish qiyinlashdi.

Hujjat aylanishi: Talabalarga beriladigan hujjatlar (diplomlar, transkriptlar va boshqalar) soni ham ko’paydi. Shu sababli, Garvard Universiteti bu muammolarni yechish uchun alohida bir bo’limni tashkil qilishga qaror qildi. Ushbu bo’lim talabalarni ro’yxatga olish, ularning akademik yutuqlarini kuzatib borish va ularga rasmiy hujjatlarni berish kabi vazifalarni o’z zimmasiga oldi. Keyinchalik, bu bo’lim “Registrar’s Office” (Registrator Ofisi) deb nomlana boshlandi.

Bugunda Registrator ofisi ko’plab rivojlangan davlatlardagi oliygohlarda, shu jumladan AQSh, Kanada, Yevropa va Osiyo mamlakatlarida keng tarqalgan. O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda ko‘plab oliy ta’lim muassasalarida, xususan: 

Prezident maktablari va O’zbekiston xalqaro islom akademiyasida

Inha universiteti

Toshkent shahridagi Vestminster universiteti

Toshkent shahridagi Singapur menejmenti universiteti

Toshkent davlat texnika universiteti va boshqa ko’plab oliygohlarda tashkil etilgan.

Registrator ofisining afzalliklari:

Talabalar uchun qulaylik:

O’quv jarayoni bilan bog’liq barcha ma’lumotlar bir joyda jamlangan.

Hujjatlarni rasmiylashtirish va olish osonlashgan.

O’quv jarayonidagi savollarga tezkor va aniq javoblar olish.

O’quv dasturlari va tanlash fanlari haqida ma’lumot olish imkoniyati.

Oliygoh uchun samaradorlik:

O’quv jarayonini samarali boshqarish.

Talabalarning ma’lumotlarini tartibli saqlash va boshqarish.

Hujjatlarni tez va sifatli tayyorlash.

O’quv jarayoni haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilish imkoniyati.

Oliygohning xalqaro reytinglardagi o’rnini yaxshilashga yordam beradi.

Shaffoflik va adolat:

Talabalarning akademik ma’lumotlari shaffof va adolatli tarzda yuritiladi.

Hujjatlarni tayyorlashda korrupsiyaviy holatlarning oldi olinadi.

Zamonaviylik:

Registrator ofislar ko’pincha zamonaviy texnologiyalar (elektron platformalar, onlayn tizimlar)dan foydalanadi.

Bu o’z navbatida talabalar va o’quv muassasalari o’rtasidagi aloqalarni yanada samaraliroq qiladi.

Xalqaro standartlarga moslik:

Registrator ofisi xalqaro standartlarga mos keladigan oliy ta’limni boshqarish modelidir.

Bu oliygohning xalqaro hamkorlikni rivojlantirishiga yordam beradi.

Xulosa

Moliyaviy mustaqillik berilgan 40 ta oliygohda Registrator ofisi tashkil qilindi. Natijada dekanat va bo‘limlarda shtatlar 20 foizga qisqarib, 30 ta xizmat turi raqamlashdi. Endilikda oliygohlarda Registrator ofislarini ishga tushirilishi, oliy ta’limda talabalarga qulayliklar yaratish, o‘quv jarayonini boshqarish samaradorligini oshirish, shaffoflikni ta’minlash va xalqaro standartlarga moslashishga yordam beradi. Ushbu ofislar oliygohlarning o’quv jarayonini optimallashtirishda va sifatli ta’limni ta’minlashda muhim rol o’ynaydi.