Ta’lim sifati-chi?
Bu yil OTMlarida o‘qish boshlangandan so‘ng forma masalasi “trend”ga chiqqani bor gap. Ijtimoiy tarmoqlarda oliygohlarda majburiy forma joriy etish masalasi ko‘tarilgani va talabalar bu borada norozi ekanligi haqidagi xabarlar tarqaldi. Qolaversa bizga ham aynan shu mavzuda kelayotgan murojaatlarning keti uzilmayapti.
Muhim jihat «Nega “Avlod media” faqat talabalarni forma haqidagi injiqliklari bilan ovora bo‘lib qoldi, ta’limda muhimroq masalalar ham borku» deyishga haqlisiz. Gap shundaki, bizni talabalarni qiynayotgan muammo, qiziqtirgan savol va ularning murojaatlari befarq qoldirmaydi. Shu safar ham talaba—yoshlarni qiynayotgan, “o‘qishdan chalg‘itayotgan” ushbu masala xususida o‘rganish olib bordik. Talabalar ishtirokida so‘rovnoma ham o‘tkazdik.
Natijalarga ko‘ra , “Talabaga forma kerakmi?” degan savolimizga
talabalarning 91,7% forma joriy etilishiga qarshi ekanligini va 8,3% qarshi emasligini ma’lum qilgan.
“Siz o‘qiyotgan oliygohda majburiy maxsus forma talab etiladimi?” degan savolga 42,6 % talabalar bir xil forma tiktirishga pul yig‘ilayotganini, 35,5 % talabalar ichki tartib qoidalarga amal qilgan holda kiyinishini, 21,9% talabalar istagan kiyimida kelishini aytgan.
Barcha oliygohlarda forma kiyish qat’iy belgilanishiga 91,1% norozi ekanliklarini bildirishgan.
“Agar majburiy bepul forma tarqatilsa kiygan bo’larmidingiz?” degan savolga 82. 2 foiz talabalar yo‘q deb javob berishgan bo’lsa, 17,8% talabalar ha deb javob berishgan
Murojaatlarning keti uzilmayapti…
Dastlab pedagogika yo‘nalishidagi OTM talabalari maxsus forma sotib olishga majbur etilyotgani haqida talabalar murojaat bilan chiqishdi. Aytishlaricha, Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika universiteti rahbariyati talabalariga maxsus forma kiyishni talab qilmoqda. Maxsus forma bir xil qilib tiktirilgan, talabalardan pul ham yig‘ilgan.
Keyingi murojaat, Qo‘qon davlat pedagogika institute talaba-yoshlaridan keldi. Unga koʻra, ushbu oliygoh talabalari bir xil maxsus forma tiktirishga majburiy pul yig‘ilgan. Buning uchun 100 ming soʻmdan pul talab qilinmoqda.
E’tibor berilsa, hozirgi kunga qadar, Pedagogika ta‘lim yo‘nalishidagi oliygohlarda, ichki tartibga asosan talabalar oq-qora, ortiqcha ko‘zga tashlanadigan detallardan yiroq bo‘lgan tartibli ko‘rinishda kiyinishgan. Shunday ekan maxsus, bir xil emblemalar aks etgan forma nechog‘liq muhim? Qolaversa, talabalar bu mavsum uchun yetarli kiyim-bosh sotib olishgan bir paytda, bu yana ortiqcha “rasxod” emasmi? Eng yomoni, ushbu formalar bir firma yoki tadbirkorlik obyektidan buyurtma orqali sotib olinishi aytilmoqda. Talabalar formasidan ham biznes qilish qanchalik toʻg‘ri?!
Bundan chiqdi barcha pedagogika yoʻnalishidagi oliy o’quv yurtlarida majburiy maxsus forma joriy etilishi kelishib olingan, degan xulosaga kelayotgan paytimizda, Toshkent Davlat Transport universitetidan ham shu mavzuda murojaat kelib tushdi. Bu haqida oliygoh talabalari bizga yozgan murojaatida maʼlum qilgan. Talabalarning noroziligiga qaramasdan bu tashabbus oliygoh rahbariyati tomonidan majburan joriy etilayotgani aytilmoqda.
Yoppasiga OTMlarida forma joriy etilishi Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tavsiya berilganmi? Bu borada aniqlik kiritish maqsadida mutasaddilar bilan bog‘landik. Dastlab, Qo’qon Davlat Pedagogika Universitetida matbuot xizmati rahbari Oybek Begmatovdan ma’lumot oldik.
-«Biz forma masalasida yil boshida bir xil emblema aks etgan, milliylik bilan uygʻunlashgan dizayn asosida forma joriy etish tashabbusini qilganmiz va buning uchun talabalardan pul yigʻilmagan. Dastlab grand asosida tahsil oluvchi faqat birinchi bosqich talabalariga bepul maxsus forma tarqatildi. Maqsad oliygoh imijini shakllantirish. Bizda 16 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. Formalar hozircha birinchi kurslargagina berildi, buni kiyish ham ixtiyoriy, ushbu formani kiyish majburiy emas! Oliy ta’lim vazirligi tomonidan bizga majburiy forma joriy etilsin degan topshiriq boʻlmagan»-dedi oliygoh matbuot xizmati rahbari.
Shu o‘rinda bir mulohaza, forma taʼlim sifatiga taʼsir qilmaydi, ammo universitet imijini shakllantirishga xizmat qilishi ham bor gap. Bu haqida kontentlarimizda ayrim oliygohlar misolida to‘xtalganmiz. Masalan: Yuridik universitetini talabalari alohida ajralib turadi. Toshkent davlat Iqtisodiyot universiteti va Diplomatiya kabi oliygohlar ham yillar davomida kiyinish imijini shakllantira olgan. Asosiysi, talabalar ham faxr va iftixor bilan shu tartibda kiyinishni ma’qul ko‘rishadi, hech kim norozi emas. Qolaversa bu bir- ikki yil vaqt ichida shakllangani yoʼq, yillar davomida shakllanganligini inkor etib bo‘lmaydi. Bu borada shu oliygohlar tajribasini joriy etish ham yaxshi fikr!
Biz ayni masalaga aniqlik kiritish maqsadida vazirlik matbuot xizmati bilan bog‘langanimizda, forma masalasi borligini ammo bu borada aniq ma’lumot bermasligini aytishdi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, har bir oliy taʼlim muassasasi oʻzining brendini yaratishi harakatlari boshlangan nazarimizda…
To‘g‘ri, OTM – bu madaniyat oʻchogʻi, qolaversa, «OTM yuqori malakali mutaxassis tayyorlayapti» degan brend, bu nafaqat oʻqituvchilarda, talabalarda ham koʻrinishi kerak. Ammo talabalarning 90 foizi norozi bo‘la turib “brend” yaratishga erishish, majburlab ovqat yedirish bilan barobar mushkul ish emasmi? Qolaversa, bizda “demokratiya degan tushunchalar ham bor! Bugun jahonning nufuzli oliygohlari talabalari Nobel mukofotini olish maqsadida ilmiy ish qilayotgan bir paytda, bizning oliy ta’lim muassasalari talabalari qanday qilib bo‘lsada, majburiy formani kiymaslik borasida bosh qotirishi qanchalik to‘g‘ri? Bu ketishda qachon Ibn Sino, Beruniy, Farobiy-u Al-Xorazmiydek buyuk ajdodlarimizga munosib avlod bo‘la olamiz. Ta’lim sifati kiyimga qarab baholanmasligi, bilim eng birinchi omil ekanligini unutmaslik lozim. Biz vazirlik qarorini tanqid qilmoqchi emasmiz. Talabalarning qarashlarini bo‘lishdik xalos. Taklifimiz shuki, forma “bekitincha” joriy etmasdan, talabalar o’rtasida avval tushuntirishlar olib borib, ularning fikrini, xohishlarini inobatga olgan holda, yo‘lga qo‘yilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Qolaversa bu amaliy ishlarga yangi o‘quv yili avvalida harakat boshlanishi lozim, talabalar joriy o‘quv yili uchun kiyim olib yana bir muhim jihat, vazirlik bu borada OAVga ochiqroq bo‘lishi kerak, shundagina talabalarga formaning oliygoh brendini yaratishdagi mohiyatini kengroq, batafsilroq tushuntirish imkoniyati kengayadi. Bu esa albatta ularning to‘g‘ri qaror qabul qilishlari uchun muhim vosita bo‘ladi. Biz ushbu tashabbus qanchalik o‘zini oqlashi yoki oqlamasligidan qat‘iy nazar, bu borada talabalarning fikrlari muhimligi va inobatga olinishi kerakligini eslatmoqchimiz.