Oliy ma’lumotli ishsizlar soni ortmoqda?

Qachon Banklarga ishga kirishda shaffoflik ta’minlanadi?

Vazir aytgan vaqt keldi? Sizni ishga olishdimi?

Gap shundaki, 2023-2024-o‘quv yilini tugatgan 214 ming nafar bitiruvchilarning 41 foizi, ya’ni 88 ming nafari hozirgi kunda korxona va tashkilotlar tomonidan yagona milliy mehnat tizimi orqali mehnat shartnomasi asosida qabul qilingani aniqlangan. Qolgan 59 foizi, 126 ming nafar bitiruvchi hali ish topmagani ma’lum bo‘lgan.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev, ishga joylashmagan yoshlarning muammosini hal qilish uchun avgust-sentabr oylarida tizim tashkilotlari bilan ish olib borilishi haqida ma’lum qilgan:

“Bugungi kunda milliy vakansiyalar bazasida 358 ming bo‘sh ish o‘rinlaridan oliy ma’lumot talab qilinadigan bo‘sh ish o‘rinlari 112 mingtani tashkil etmoqda. Ishsiz bitiruvchilarning tamomlagan soha-yo‘nalishlari bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlariga mos kelishini solishtirib chiqdik, tahlil qildik.

Shunga ko‘ra 95 ming nafar bitiruvchilarni 102 mingta bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashtirish imkoniyati borligi aniqlangan. Hozirgi kunda biz har bir bitiruvchini tuman, shahar kesimida o‘zi turadigan joyiga qarab, avgust oyida ularni ishga joylashtirish bo‘yicha nomma-nom ish olib boramiz”, degan edi.

Shu o‘rinda bir jihat, vazir tahlil qilganidek, mavjud 102 mingta bo’sh ish o’rinlari mavjud bo‘la turib nega soha mutaxassislari ishsiz qolmoqda?

Qolaversa vazir aytgan vaqt keldi, avgust oyida qancha yoshlarni munosib ish bilan ta’minlash amalga oshirildi?

Banklarga ishga kirishda qachon shaffoflik ta’minlanadi?

Bugungi kunda yagona milliy mehnat tizimi orqali vakansiyalar bazasida 139 ming korxona va tashkilotlarning 358 mingta bo‘sh ish joyi haqidagi ma’lumot joylashtirilgan. Shundan 81 mingtasi davlat tashkilotlari, 277 mingtasi esa xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bo‘sh ish o‘rinlarining 96 mingtasi xizmat ko‘rsatish, 56 mingtasi ta’lim, 57 mingtasi sanoat va ishlab chiqarish, 48 mingtasi qishloq xo‘jaligi, 26 mingtasi sog‘liqni saqlash, 32 mingtasi qurilish, 5 mingtasi moliya va sug‘urta, 7 mingtasi aloqa va axborot texnologiyalari, 4 mingtasi madaniyat va boshqa sohalarga to‘g‘ri keladi.

Nega aynan banklar misolida mavzuni davom ettirishimizning sababi, bitiruvchilarning ishga joylashishda muammolarga uchrayotgan asosiy qismi aynan bank yo‘nalishida faoliyat yuritish niyatida bo‘lganlarni tashkil etadi. Ammo ushbu o‘rinlarga joylashish qanchalik shaffof? Bu borada “tizimga ishi” tushgan yoshlarni fikrlari bilan qiziqdik?

Akbarali Ochildiyev

2008-yili Toshkent Iqtisodiyot universitetini tamomladim. Bankda ishlash uchun Markaziy bank va uning hududlardagi filiallariga murojaat qilganman va onlayn hujjat ham topshirganman. So‘nggi bor ijtimoiy tarmoq orqali ish izladim. Banklardagi vakansiyalarga bir emas 4-5 ta bo’sh ish o‘rinlari uchun hujjat topshirdim. Ammo doimgidek natija yo‘q. Men esa oliy ma’lumotli shafyor bo‘lib yuribman”.

O‘ral Oqbo’tayev

Men ham bankdagi vakansiyalar bo’yicha ko‘plab banklarga hujjat topshirganman. Xususan “Bankirlarga ish” telegram kanali orqali ham. Ammo foydasi yo‘q bu kanalni 90% majburiyat va talab uchun.”

Dilshodbek Axmedov

Men 2024-Farg‘ona davlat universitetini tamomladim va telegram kanalda bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha e’lon orqali ish topganman va bot orqali hujjatlarimni yuborib suhbatga chaqirilganman. Mikromoliya MCHJga suhbatni ertasi kuni ishga chaqirishgan. Talabaligim uchun yarim stavkada ish boshlaganman, oyligim 3,5 million. Ikki hafta avval oliygohni tugatib, diplom oldim, endi to‘liq stavkada ishlamoqchiman”.

Tahlillarga ko‘ra, bank tizimida ishga joylashish istagida hujjat topshirganlarning deyarli katta qismi muammolarga duch kelayotganini inkor etib bo‘lmaydi.

Bugun vakansiyalar bilan tanishish va onlayn hujjat topshirishda ijtimoiy tarmoqlar yetakchilik qilayotgan ekan, biz ham bitiruvchi-yoshlarni fikrini o‘rganish maqsadida aynan Bank yo‘nalishida vakansiyalarni e’lon qilib boruvchi “Bankirlarga ish” telegram kanalini kuzatdik. 19 mingdan ortiq a’zolari bor bu kanal boti orqali nomzod sifatida hujjat ham topshirib ko‘rdik. Natija yo‘q. Kanaldagi postlardan keltiramiz, foydalanuvchilar shunday yozadi.

Quralbayevich:

Ish boʻlsa diplom kerak deyishadi diplom boʻlsa staj deyishadi biz qachon ishli stajli boʻlarkanmiz?! Foydasi yo‘q “prosta reklama”. Men junatdim na xabar bor na daragi bor. Kadrlar sistemasi yaxshi ishlamaydi, hammasi korrupsiya

Zamira:

Bu turishda hech qachon bo‘lmaydi, o’zlarini tanish bilishlaridan ortsa ish o‘shanda tanlovdan o‘tib qolsayiz kerak

Azizjon Norqulov:

Foydasi yo‘q hujjat yuborganni ham, bosh ofisiga borgandiyam

Xullas, deyarli barcha fikrlar salbiy. Izohga hojat yo‘q xulosa o’zingizdan!

Kuzatuvchilarimizdan faqatgina onlayn ishga kirish istagida bo‘lganlarni fikrlarini inobatga olibsizlar degan e’tirozlar bildirilishi ham mumkin. Yo‘q! “Avlod media” bu borada “offline” bitiruvchilarning ham fikrlarini o’rgandi, inobatga oldi. Masalan ismi sharifi oshkor etilmasligini so‘ragan sobiq bitiruvchini so‘zlarini keltiraman:

Xalq bankining Toshkent shahridagi filialiga borib uch oy amaliyot o‘tab, endi ishga buyrug‘im chiqishi arafasida, bank rahbariyatiga bitta telefon bilan vakant joyga umuman boshqa xodim kelib joylashdi. Hech kim lom -lum deya olmadi. Qani haqiqat!

Xullas bu birgina holat xolos. Bu kabi o‘nlab banklarda qanchadan-qancha yoshlar ishga kirishda shaffoflik yo‘qligidan ishsiz qolishyapti, kelajakka bo‘lgan ishonchi so‘nayapti. Natijada yurtimizda oliy ma’lumotli ishsizlar, haydovchilar, yoki migrantlar ko‘paymoqda.

“Argos.uz” orqali ishga kirish shaffoflashganini inkor eta olmaymiz. Ammo bank tizimida bu jarayon mukammal emasligi yuqoridagi misollar orqali o‘z isbotini topadi.

Shunday ekan Markaziy bank tomonidan tizimga munosib xodimlarni ishga qabul qilishda shaffoflik ochiqlikni ta’minlash eng ustuvor vazifa bo‘lib qolaveradi.