Nogironligi bo‘lgan talabalar uchun ta’lim olishda belgilangan imtiyozlar

Nogironligi bo‘lgan talabalar uchun dunyo  mamlakatlari bo‘ylab turli imtiyozlar mavjud. Ularning aksariyati ta’lim olishda, sayohat qilishda va kundalik hayotda qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi. 

1. Amerika Qo‘shma Shtatlari:

Amerikada nogironligi bo‘lgan talabalar uchun ta’lim olish jarayonida, masalan, o‘quv muassasalarida maxsus qo‘llab-quvvatlash xizmatlari, individual ta’lim rejalari (IEP) va boshqa yordamlar ko‘rsatiladi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan talabalar uchun maxsus stipendiyalar, talabalar yotoqxonalari va transport tizimlarida imtiyozlar mavjud.

2Yevropa:

Yevropa Ittifoqi davlatlarida  (masalan, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya) nogiron talabalar uchun ta’limni erkinlashtiruvchi muassasalar va dasturlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ular uchun maxsus sinflar, o‘qituvchi yordamchilari va texnologik yordamlar (masalan, maxsus dasturlar yoki apparatlar) taqdim etiladi.
Fransiyada, masalan, nogiron talabalar uchun oliy ta’lim muassasalarida imtiyozli kirish imkoniyatlari mavjud. «Disability Studies Quarterly» nashrida Yevropa Ittifoqida nogiron talabalar uchun mavjud bo‘lgan imkoniyatlar va tadqiqotlar haqida maqolalar chop etiladi.

3Avstraliya:

Avstraliyada nogironligi bo‘lgan talabalar uchun ta’lim muassasalarida qo‘llab-quvvatlash xizmatlari keng tarqalgan. Avstraliya hukumati ta’lim sohasida nogironlikka oid imtiyozlar taqdim etadi, masalan, maxsus yordamchi texnologiyalar, o‘quv rejalari va individual ehtiyojlarga moslashtirilgan kurslar.
Avstraliyada nogironligi bo‘lgan talabalar uchun grantlar va stipendiyalar ham mavjud. 

4O‘zbekiston:

Nogironligi bo‘lgan talabalar uchun dunyo bo‘yicha imtiyozlar ta’lim olishda osonlik yaratadi. O’zbekistonda ham  nogironligi bo‘lgan talabalar uchun qanday imtiyozlar mavjud

Nogironligi bor fuqarolar OTMga hujjat topshirish va talabalikka qabul qilinishda alohida imtiyozlarga ega

2023/2024 yilgi o‘quv yilidan boshlab abituriyentlar uchun mo‘ljallangan qabul tartibiga oid ma’lumotlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay formatda bo‘lishi shart.Bunda videoroliklar surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etiladi.

O‘rta ta’limni tugatgan bitiruvchilar kirish imtihonlarida qatnashish uchun bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravarini (hozir 165 ming so‘m) to‘lashlari kerak. Lekin nogironligi bor abituriyentlar bu to‘lovdan ozod qilingan. 

2 foizlik kvota

Bundan tashqari, nogironligi bor fuqarolarga o‘qishga kirishda ham imtiyoz beriladi.

Oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy soniga nisbatan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalari ajratiladi. Bu imtiyozdan I va II guruh nogironligi bor fuqarolar foydalanishi mumkin. Qo‘shimcha 2 foizli kvota doirasidagi tanlovda qatnashgan, biroq yetarli ball to‘play olmagan abituriyentlar boshqalar qatori umumiy kvota doirasidagi tanlovda ishtirok etadi.

Qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalari har bir ta’lim shakli bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari kesimida ajratiladi va abituriyentlar tomonidan tanlangan 5 ta OTM uchun ham o‘rinli hisoblanadi.

Grant asosidagi 2 foizlik kvota doirasida talaba bo‘lishning yana bir sharti: abituriyent belgilangan maksimal ballning kamida 30 foizini to‘plashi kerak. Masalan, ajratilgan kvota doirasida abituriyent to‘plagan balli bo‘yicha yuqori o‘rinda, biroq uning balli 30 foizdan kam bo‘lsa, unda abituriyent bu imkoniyatdan foydalana olmaydi. Bu yilgi maksimal ball – 189 ball, uning 30 foizi esa 56,7 ballni tashkil qiladi.Ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun oliy ta’lim muassasalari tomonidan maxsus imtihon tashkil etiladi.

Magistraturaga grant

Bundan tashqari, nogironligi bor fuqarolarga 2023/2024 o‘quv yilidan “Maxsus pedagogika, defektologiya” yo‘nalishida magistratura uchun to‘liq davlat granti beriladi.

2023 yilda qabul qilingan prezident qaroriga ko‘ra, o‘qiyotgan nogironligi bo‘lgan talabalarga ta’lim jarayonida ko‘maklashish uchun uning yaqinlaridan biriga OTMda yonida birga bo‘lish uchun sharoit yaratilishi kerak.

Stipendiya olishdagi imtiyozlar

Bugungi kunda nogironligi bo‘lgan talabalar uchun stipendiya to‘lash, nogironligi bo‘lgan talabalarni talabalar turar-joylari bilan ta’minlash, ularga to‘siqsiz bir muhit yaratish bo‘yicha bir qator imtiyozlar taqdim etilgan. Shunday imtiyozlardan biri bu nogironligi bo‘lgan talabalar uchun 50 foizlik ustamali stipendiyaning joriy qilinganligidir.

Ma’lumot: bugungi kunda umumiy stipendiya miqdori 517 880 so‘mni tashkil etadi. Oliy ta’lim muassasasida ta’lim olayotgan nogironligi bo‘lgan talabaga esa, 517 880 so‘mga 50 foizlik ustama qo‘shib to‘lanadi. Ya’ni, nogironligi bo‘lgan talaba har oy o‘rtacha 776 820  so‘m miqdorida stipendiya oladi.

Nogironligi bo‘lgan talaba stipendiyasiga 50 % lik ustama olish uchun kimga murojaat qilishi lozim?

Nogironligi bo‘lgan talaba 50 foizlik ustama qo‘shib to‘lanadigan stipendiya olishi uchun nogironlik to‘g‘risidagi hujjatni o‘zi ta’lim olayotgan oliy ta’lim muassasasi buxgalteriga taqdim etishi shart. Bunda oliy ta’lim muassasasi buxgalteri nomiga ariza bilan murojaat qilish talab etilmaydi. Nogironlik haqidagi hujjatni taqdim etish kifoya. 

Nogironligi bo‘lgan talabalarga beriladigan 50 % lik ustamali stipendiya qaysi guruh nogironligi bo‘lgan talabalarga beriladi?

Ustamali stipendiya olish imtiyozi soha doirasidagi qonunchilik amaliyoti bo‘yicha faqat I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalargagina tatbiq etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda I va II guruh nogironligi bo‘lgan to‘lov-kontrakt asosida ta’lim oluvchi talabalarga stipendiya to‘lovlari O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Avvalgi o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlaridan qat’i nazar I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalarga stipendiyaning bazaviy miqdoriga nisbatan 50 foiz oshirilgan miqdorlarda stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi.

Semestr yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatgichiga qaramasdan  stipendiya to‘lanadimi?

Nogironligi bo‘lgan talaba fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga nisbatan belgilangan standartlarni bajara olmasa, o‘tilgan fanlar doirasida tashkil etilgan yakuniy nazorat ishlaridan muvaffaqiyatli o‘ta olmasdan ikkinchi semestrga qolib ketsa, nafaqat ustamali stipendiya balki, stipendiya olish huquqidan ham mahrum bo‘ladi. 

Qonunchilikka ko‘ra, davlat granti asosida ta’lim olayotgan talaba fanlarni o‘zlashtirish darajasi belgilangan standartlarga javob bermasa, keyingi semestrdan o‘sha talaba stipendiya olish huquqidan foydalana olmaydi. Bu bevosita nogironligi bo‘lgan talabalarga ham taalluqli hisoblanadi. Talabalarning fanlarni o‘zlashtirish standarti deganda, “2” bahodan yuqori ball olish ko‘rsatkichi nazarda tutiladi. Ya’ni, nogironligi bo‘lgan talaba o‘tilgan fanlarni o‘zlashtirish darajasi 3 baho ko‘rsatkichida bo‘lsa ham qo‘shimcha ustamali stipendiya olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ikkinchi mutaxassislikka o‘qiyotgan nogironligi bo‘lgan talabalar-chi?

Ikkinchi mutaxassislikka o‘qiyotgan nogironligi bo‘lgan talabalarga ham ustamali stipendiya beriladimi?

Ushbu imtiyoz ikkinchi mutaxassislikda o‘qiyotgan nogironligi bo‘lgan talabalar uchun ham taalluqlidir. Misol uchun nogironligi bo‘lgan shaxs Universitetni  bitirgan ishga kira olmaganligi uchun ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha O’zbekiston Davlat  Jahon tillari universitetiga o‘qishga kirdi. Mana shu holatda ham nogironligi bo‘lgan talabaga ustamali stipendiya beriladi.

Biroq, nogironligi bo‘lgan talaba ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olayotganligi uchun to‘lov kontrakti asosida o‘qiydi.

Nogironligi bo‘lgan talabalarni moddiy rag‘batlantiriladimi?

Har bir oliy ta’lim muassasasida talabalarni moddiy rag‘batlantirib borish bo‘yicha oliy ta’lim muassasasi qoshida “talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi” tashkil etilgan. Mazkur jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish, jamg‘arma mablag‘lari hisobiga talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, oliy ta’lim muassasasining kengashi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq amalga oshiriladi. Jamg‘arma mablag‘laridan davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga to‘lov qaysi shaklda (stipendiyali yoki stipendiyasiz) amalga oshirilishidan qat’i nazar, belgilangan mezonlar asosida rag‘batlantirish to‘lovlari tayinlanadi. Oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan (stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda ekanligidan qat’i nazar), o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari “a’lo” baho (reyting ko‘rsatkichi 86 ball va undan yuqori) bo‘lgan talabalar stipendiyaning bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan 20 foiz miqdorida Jamg‘arma hisobidan rag‘batlantiriladi. 

Masalan, nogironligi bo‘lgan talaba Universitetda ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida ta’lim oladi, u semestrni hamma fanlar bo‘yicha a’lo baholar bilan tugatdi. Bunda umumiy stipendiya miqdoriga nisbatan moddiy yordam sifatida 20 foiz qo‘shimcha pul olishi mumkin. 

Ma’lumot: Bugungi kunda stipendiya miqdori 517 880 so‘m deb oladigan bo‘lsak, fanlarni o‘zlashtirish darajasi yuqorida keltirilgan talablarga to‘g‘ri keladigan talabaga moddiy yordam sifatida umumiy stipendiya summasiga nisbatan 20 foizli moddiy yordam puli ajratiladi. Nogironligi bo‘lgan talaba umumiy stipendiya miqdorining 20 foiziga teng keladigan moddiy yordam pulini olishi uchun o‘tilgan fanlar imtihonlaridan a’lo darajali o‘tib, semestrni ijobiy yakunlagan bo‘lishi shart.

Oliy ta’lim muassasalari qoshida tashkil etilgan “talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi” tomonidan stipendiyaning asosiy miqdoriga nisbatan 50 foizlik qo‘shimcha moddiy yordam belgilanishi mumkin. 50 foizlik moddiy yordamga ega bo‘lishi uchun nogironligi bo‘lgan talaba alohida bir qobiliyatini ta’lim jarayonlarida namoyon qilishi talab etiladi. 

Masalan: jamiyat uchun foyda keltiradigan qurilmalar, ilovalarni ommaga taqdim etgan bo‘lishi kerak. 

Jamg‘arma hisobidan beriladigan moddiy yordam bir marotabalik xususiyatga ega bo‘lib, nogironligi bo‘lgan shaxslar stipendiyasiga qo‘shiladigan ustamadan tashqari belgilanadigan summa hisoblanadi. Bu turdagi moddiy yordamni olish uchun talaba “talabalarni rag‘batlantirish jamg‘arma”si rahbari nomiga ariza bilan murojaat qilishi talab etiladi. 

Nogironligi bo‘lgan talabalar ham  yotoqxona bilan ta’minlanadi?

Nogironligi bo‘lgan talabalar talabalar turar-joylari bilan ta’minlanishdagi imtiyozli shaxslar sanalishadi. Talabalar turarjoylari bilan ta’minlashda ularning holatlari birinchi navbatda inobatga olinadi. Nogironligi bo‘lgan talabalarning talabalar turarjoylariga joylashishlari va undan foydalanishdagi to‘lovlarda ham o‘ziga xos imtiyozlar qonunchilikda nazarda tutilgan. Bu masala Oliy ta’lim muassasalari talabalar turar joyida yashashning umumiy qoidalari Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 376-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglament asosida amalga oshiriladi.

Bugungi kunda talabalar turar joyida yashash umumiy to‘lovi – 250 ming so‘mni tashkil etadi. I guruh nogironligi bo‘lgan talabalar talabalar turarjoylarida davlat hisobidan bepul turishadi. II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar talabalar turargohida yashash uchun belgilangan umumiy to‘lovning 50 foiz miqdorida to‘lovni amalga oshirishadi. Bu bugungi kunda 125 ming so‘mni tashkil etadi.