Nima qilsam “kreativ” bo‘laman?

Nima uchun kreativlik bu qadar muhim?

Bugun ishga kirmoqchi bo‘lgan xodimlardan ham, tanlovda ishtirok etmoqchi bo‘lgan talaba-yoshlardan ham kreativlik talab etiladi. Ko‘plab ish beruvchilar, ayniqsa texnologiya va innovatsiya sohalarida, kreativ xodimlarga talab ortib bormoqda.  Nima uchun kreativlik bu qadar muhim? Sababi, kreativlik – bu muammolarni samarali hal qilish, yangi g‘oyalarni yaratish va rivojlantirish qobiliyatidir. Kompaniyalar va tashkilotlar uchun ijodkor xodimlar yuqori darajadagi samaradorlik va raqobatbardoshlikni ta’minlaydi. Qolaversa, dunyo doimo o‘zgarib borishi natijasida, kompaniyalar  yangi texnologiyalar, yangi mahsulotlar va xizmatlarni yaratish uchun ijodiy fikrlashga ega bo‘lgan mutaxassislarga ehtiyoj sezadi. Kreativ fikrlash va innovatsion g‘oyalar, raqobatchilarni ortda qoldirish va bozorni zabt etish uchun zarurdir.

Kreativ insonni qanday bilish mumkin?

Agar biror kishi yangi fikrlar bilan chiqsa, o‘zini sinab ko‘rishga tayyor bo‘lsa, g ‘oyalarni amalga oshirishdan qo‘rqmasa demak, u kreativ. Bu sifatlar har bir insonda o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘lishi mumkin. Sodda qilib aytganda, kreativlik – bu yangi va innovatsion g‘oyalar yaratish, eski muammolarga yangi yechimlar topish qobiliyati.

Kreativlikni shakllantirish mumkinmi?

 Bugungi kunda kreativlik har qanday sohada muvaffaqiyatga erishish uchun juda muhim omilga aylanib bormoqda. Ayniqsa, yoshlar uchun, shuningdek talaba va yangi ish boshlovchilar uchun kreativlikni rivojlantirish zaruriyatga aylandi. Kreativ fikrlashning yoshlarning kelajakdagi kasb faoliyatida qanday ahamiyatga ega ekanligi, qanday qilib kreativ bo‘lish va uni shakllantirish mumkinligi haqida eng so‘nggi ilmiy tadqiqotlar va nazariyalar asosida tahlil olib boramiz.

Kreativlik tug‘ma bo‘ladimi yoki shakllanadimi?

Kreativlik ko‘pincha tug‘ma xususiyat sifatida qaraladi, ya’ni ba’zi odamlar tabiatan ijodkor va g‘oya yaratish qobiliyatiga ega deb hisoblanadi. Biroq, so‘nggi ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, kreativlik faqat tug‘ma emas, balki shakllanadigan va rivojlanadigan qobiliyatdir. Psixologiyada yetakchi mutaxassislar, masalan,  Teresa Amabile, kreativlikni shaxsiy rivojlanish va tajriba orqali shakllanishi mumkin bo‘lgan jarayon deb ta’riflaydilar. Ular, shuningdek, kreativlikni faqat ijodiy ishlar bilan cheklanmay, muammolarni hal qilishda yangi va innovatsion yondashuvlar topish deb tushunadilar.

Shu bilan birga, kreativlikning shakllanishi uchun muayyan sharoitlar ham zarur. Masalan, ijobiy kayfiyat, muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rqmaslik, va qulay muhit – bularning barchasi kreativ fikrlashni rag‘batlantiruvchi omillardir.

Kreativlikni shakllantirish usullari?

Kreativlikni shakllantirish – bu faqat instinktiv yoki tasodifiy jarayon emas. Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, kreativlikni rivojlantirish uchun bir nechta samarali yondashuvlar mavjud:

Divergent fikrlashni : Joy Paul Guilfordning divergent thinking (turli imkoniyatlarni ko‘rish) nazariyasi, kreativlikni shakllantirishda asosiy tushunchalardan biridir. Divergent fikrlash – bu biror masalaga bir nechta yechimlar topish qobiliyatidir. Bu qobiliyatni rivojlantirish uchun o‘zgacha fikrlash, yangi g‘oyalar ishlab chiqish va takrorlanmas yechimlarni qidirish kerak.

Muammolarni yechishda kreativ yondashuv: Har qanday vaziyatda yangi va noodatiy yondashuvlarni izlash kreativ fikrlashni rag‘batlantiradi. Masalan, o‘zgaruvchan dunyoda ish joyi yoki o‘qish bilan bog‘liq muammolarni ilgari surishda turli yo‘llar va g‘oyalar orqali amalga oshirish ijodkorlikni oshiradi.

Stressni boshqarish: Mashhur psixolog Teresa Amabilening tadqiqotlariga ko‘ra, ijobiy kayfiyat va stressni boshqarish, kreativlikni oshiradi. Stress va tashvishlar odamni yakkalanishga olib kelishi, g‘oya yaratishga to‘sqinlik qilishi mumkin. Shuning uchun talabalar uchun o‘qish davomida, hissiy holatlarni boshqarish va stressdan xalos bo‘lish yo‘llarini topish juda muhimdir.

Ko‘p o‘qish: Turli mavzularda o‘qish, yangi bilimlarni olish, turli sohalarda ko‘nikmalarni rivojlantirish, ijodkorlikni oshirishga yordam beradi. Yangi g‘oyalar va yondashuvlar olish uchun kreativ shaxslar doim yangiliklarga ochiq bo‘lishlari kerak.

Xatoliklardan foydalanish: Innovatsion fikrlash xatoliklardan va muvaffaqiyatsizliklardan o‘rganishni talab qiladi. Bunda growth mindset (rivojlanish qarashlari)ni qo‘llash muhim: ya’ni xatoliklarni muvaffaqiyatga erishish yo‘lida bir bosqich sifatida ko‘rish.

 Kreativlik qonimizda bor. Kreativlik tushunchasi bugun paydo bolgani yo ‘q. Buyuk ajdodlarimiz ijodida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Tarixda ko‘plab buyuk shaxslar, ayniqsa O‘rta Osiyoda yashagan allomalar, o‘zlarining kreativ fikrlash qobiliyatlari bilan ajralib turdilar. Ularning asarlari va ilmiy ishlarida kreativlikni yaqqol ko‘rish mumkin.

 Alisher Navoiy nafaqat buyuk shoir, balki uning asarlari va gazallarida kreativlik, ijodkorlik va insoniy his-tuyg‘ularning chuqur tahlili mujassam bo‘lgan.U yaratgan o‘ziga xos lirik uslub va falsafiy fikrlar hozirgi kunda ham ilhom manbai bo‘lib qolmoqda. Amir Temur nafaqat shoh ajoyib strateg, ijodkor sifatida ham tanilgan.  Temurning yaratgan imperiyasi ilmiy va madaniy merosga boy edi, bu esa uning kreativ yondashuvining natijasi edi. Mirzo Ulug‘bek, astronomiya, matematika va fan sohalaridagi izlanishlari bilan tanilgan. Ulug‘bekning kreativligi uning ilmiy qarashlarida va yangi ilmiy metodlarni yaratishda ko‘rindi. Uning o‘z davrining eng ilg‘or astronomik asboblarini ishlab chiqishi, yangi yulduz xaritalarini yaratishi va ilm-fan sohasida yangi yondashuvlar ilgari surishi, uning kreativlik qobiliyatining yorqin namunasidir.

Ali Ibn Sino (Avicenna, 980-1037): Ali Ibn Sino, yirik mutafakkir va shifokor, uning ilmiy asarlari va tibbiyot sohasidagi kreativ ishlari butun dunyo ilm-faniga katta ta’sir ko‘rsatdi.  Ibn Sino, o‘z asarlarida tajriba va amaliy bilimlarni yaratishda yuqori kreativlikni namoyish etdi. Ilm-u fan rivojida kreativlikni ahamiyati beqiyos. Bu buyuk allomalarimiz  kreativlikning qanday kuchli va mustahkam motivatsion manbai bo‘lishini ko‘rsatib berdi.

 Bugunning talabasi kreativlik bo‘lishi kerak?

Talabalar uchun kreativlikni rivojlantirish nafaqat o‘qish davomida, balki kelajakdagi kasbiy faoliyatlarida ham muvaffaqiyatga erishish uchun zarur. Talabalar, yuqoridagi metodlarni amalda qo‘llash orqali o‘zlarining ijodiy qobiliyatlarini oshirishlari mumkin. O‘quv jarayonida yangi g‘oyalar yaratish, so‘zlashuv va muloqotda yangi yondashuvlarni izlash, innovatsion loyiha va tadbirlarni tashkil etish orqali kreativlikni rivojlantirish mumkin.

Xulosa

Kreativlik – bu nafaqat tabiatan berilgan qobiliyat, balki uni rivojlantirish mumkin bo‘lgan jarayon. Talabalar, yoshlar va har qanday mutaxassis uchun kreativlikni shakllantirish – bu  emotsional jarayonlarning to‘g‘ri uyg‘unlashishi bilan bog‘liqdir. Innovatsion fikrlash va ijodkorlikni rivojlantirish orqali talaba nafaqat o‘zining akademik muvaffaqiyatini, balki kelajakdagi kasbiy faoliyatini ham mustahkamlashi mumkin. Kreativ fikrlarni qabul qilish, muammolarga yangi yondashuvlar topish va o‘zgaruvchan dunyoda muvaffaqiyatga erishish uchun kreativlikni shakllantirish muhimdir.