Nega xorijliklar taʼlim olish uchun O‘zbekistonni tanlamoqda?

10 yilda xorijlik talabalar soni qariyb 18 barobarga oshgan

Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yili boshiga respublikamizdagi oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan xorijlik talabalarning umumiy soni 12,5 ming nafarni tashkil etgan.

 Yillar kesimida respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil oluvchi xorijlik talabalar soni:

— 2015/2016 o‘quv yili – 0,7 ming nafar

— 2016/2017 o‘quv yili – 0,6 ming nafar

— 2017/2018 o‘quv yili – 1,3 ming nafar

— 2018/2019 o‘quv yili – 2,7 ming nafar

— 2019/2020 o‘quv yili – 3,6 ming nafar

— 2020/2021 o‘quv yili – 4,2 ming nafar

— 2021/2022 o‘quv yili – 5,1 ming nafar

— 2022/2023 o‘quv yili – 5,0 ming nafar

— 2023/2024 o‘quv yili – 10,8 ming nafar

— 2024/2025 o‘quv yili – 12,5 ming nafar

Statistikaga ko‘ra, xorijlik talabalarning O‘zbekistonga qiziqishi tobora ortib bormoqda. Agar bu tendensiya saqlanib qolsa, kelgusi 5 yilda ularning soni 18,4 mingdan 21 minggacha yetishi mumkin.

Xorijlik talabalarning ko‘payishi taʼlim sifatiga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi, mahalliy universitetlar o‘rtasida raqobatni kuchaytiradi. Tahlillarga ko‘ra yurtimizdagi xorijiy talabalarning asosiy qismi quyidagi respubliklardan o ‘qish istagida kelishgan:

  • Hindiston
  • Pokiston
  • Turkmaniston 
  • Rossiya
  • Qozog‘iston 
  • Tojikiston
  • Qirg‘iz Respublikasi 
  • Afg‘oniston 
  • Xitoy
  • Koreya Respublikasi
  • Kanada

Nega Hindistonlik yoshlar taʼlim olish uchun O‘zbekistonni tanlashmoqda?

So‘nggi yillarda yurtimizda tahsil olayotgan xorijlik talabalarning asosiy qismini tibbiyot yo‘nalishida o‘qiyotgan  Hindistonlik talabalar tashkil etadi. Xo‘sh, nega ular aynan O‘zbekistonni tanlashmoqda? Buning asosiy sabablari quyidagilar:

 – Yurtimizda xorijliklar uchun taʼlim berish ingliz tilida olib borilishidir

 -Hindistondagi tartibga ko‘ra,  chet davlatlardagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlarini bitirgan barcha yosh mutaxassislar eng murakkab imtihonlardan biri

 -Tibbiyot kengashining malaka imtihonidan o‘tishi kerak. Shundan o‘tsagina,  tibbiyot sohasida ishlashga ruxsat huquqi beriladi. Bizning tibbiyot OTM larida tahsil olgan mutaxassislar bu imtihonni muvaffaqiyatli topshirmoqda.

 – O‘zbekiston institutlari Hindiston bo‘ylab tavsiya etilgan oliy tibbiyot bilim yurtlari ro‘yxatiga kiritilgan.

Taʼlim sifati xorijliklarni qoniqtiryaptimi?

“Avlod media” muxbirlari yurtimiz OTMlarida tahsil olayotgan xorijlik talaba – yoshlar bilan suhbatda bo‘ldi va ularning taʼlim muassasasidagi sharoitlar, taʼlim sifati  haqida fikrlarini o‘rgandii.

FathimaJalala

TTA talabasi, Pokiston

“Akademiya bakalavriat va magistratura dasturlarining keng qamrovini taklif etadi, bu esa butun dunyodan turli talabalarni jalb qiladi.

Eng muhim jihatlaridan biri bu xalqaro talabalarni iliq kutib oluvchi inklyuziv muhitdir. Hozirgi vaqtda 5200 dan ortiq xorijiy talabalar TTAda tibbiyot darajasini olishmoqda, darslar ingliz tilida olib boriladi, bu esa ingliz tili ona tili bo‘lmaganlar uchun qulaylik yaratadi. Ushbu muhit taʼlim olish tajribasini yaxshilaydi.

TTAsida 800 dan ortiq tajribali o‘qituvchilardan iborat bo‘lgan taniqli professor-o‘qituvchilar dars o‘tishadi, tan olish kerak, o‘quv dasturi xalqaro standartlarga mos ravishda, tibbiyot fanining so‘nggi yutuqlarini integratsiya qilgan holda puxta ishlab chiqilgan. Bu talabalarning zamonaviy taʼlim olishlarini taʼminlaydi va ularni global tibbiyot sohasida ustun bo‘lishga tayyorlaydi. Akademiya talabalarga  har tomonlama ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun ko‘plab imkoniyatlar taqdim etadi.”

Doktor Nandi

Indoneziya pedagogika universiteti Xalqaro aloqalar boʼlimi boshlig‘I

“Biz Chirchiq davlat pedagogika universitetiga xalqaro konferensiya uchun keldik va “ Ilmiy tadqiqot metodologiyasi” nomli dastur ustida

hamkorlikda ish olib boryapmiz. Shu asnoda men universitetdagi shart-sharoitlar bilan tanishdim, taʼlim sifatini ko‘zdan kechirdim. Endilikda Professor -oʼqituvchilar almashinuvini yoʼlga quyish ustida hamkorlik qilmoqchimiz. Umuman olganda ushbu oliygoh zo‘r!

  Charishma Parla (Hindiston)

Buxoro davlat tibbiyot institut bitiruvchisi

“Buxoro davlat tibbiyot institutida sifatli bilim olishimiz uchun qulay imkoniyatlar taqdim etildi. O‘quv jarayoni xalqaro talablar darajasida tashkil etildi. Biz O‘zbekiston va Hindistonda nashr etilgan darsliklar asosida taʼlim oldik. Nazariy bilimlarimizni tibbiyot muassasalaridagi amaliyot hamda institut o‘quv simulyatsiya markazidagi mashg‘ulotlar davomida boyitib bordik. Bugun men amaliy faoliyat yuritishim uchun sertifikatni qo‘lga kiritib turganimdan baxtiyorman, – dedi  Hindiston fuqarolarining O‘zbekistondagi davlat tibbiyot institutlarini tanlashiga sabab, xorijliklar uchun taʼlim berish ingliz tilida olib borilishidir. O‘zbekiston institutlari Hindiston bo‘ylab tavsiya etilgan oliy tibbiyot bilim yurtlari ro‘yxatiga kiritilgan”.

Xulosa: O‘zbekiston taʼlim sohasida xorijlik talabalar uchun tobora jozibali bo‘lib bormoqda. Sifatli taʼlim, qulay muhit va o‘qishdan keyingi imkoniyatlar O‘zbekistonni xalqaro taʼlim markaziga aylantirishda muhim rol o‘ynamoqda.