Nega xalqaro talabalar ta’lim olish uchun O‘zbekistonni tanlaydi?

2023/2024 – yilgi statistika ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ta’lim olayotgan xorijlik talabalarning umumiy soni 10, 8 mingdan ortiq. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining alohida qayd etilgan bandi ya’ni 2030-yilga qadar 10 ta oliy ta’lim muassasasini dunyoning eng nufuzli “Top – 1000” oliy ta’lim muassasalari reytingiga kiritish belgilangan. Ta’limni rivojlantirish va oliygohlarga dunyo talabalarini jalb qilish aynan, dastur davomida belgilab o‘tilgan.   

Ko‘plab xalqaro oliy ta’lim muassasalari talabalariga qulaylik yaratish, ularni turar-joy bilan ta’minlash masalasi alohida o‘rinda turadi. Shu maqsadda, 2024-yil O‘zebistonga tashrif buyurgan, Malayziyaning Scicom (MSC) Berhad kompaniyasi asoschisi va bosh ijrochi direktori Dato Sri Leo Ariyanayakam O‘zbekistonga xorijiy davlatlardan talabalarni jalb etishga qaratilgan maxsus raqamli platforma va mobil ilovani yaratish taklifini bildirdi. 

Uning aytishicha, ushbu platformani ishga tushirish natijasida O‘zbekistonda tahsil olayotgan xalqaro talabalar sonini hozirgi 10,5 ming nafardan yaqin 3 yil ichida 20 ming nafardan oshirish, elikka yaqin mahalliy mutaxassislar uchun doimiy ish o‘rinlarini yaratish maqsad qilingan. Platforma dastlabki bosqichda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan oliy o‘quv yurtlarining ingliz tilida olib boriladigan o‘quv dasturlari va yo‘nalishlarini qamrab oladi.

“Avlod Media” bugungi kunda, O‘zbekistonda ta’lim olayotgan xalqaro talabalar bilan suhbat olib bordi. Ularning milliy ta’lim tizimimiz haqidagi fikr va mulohazalarini tingladi.

                   Rushana Fozilova (Qozog‘iston Respublikasi) 

  Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika Universiteti xalqaro talabasi   

“Men yoshligimdan xorijiy mamlakatda o‘qishni xohlardim. O‘zbekiston esa mehmondo‘st va ta’lim tizimi yaxshi rivojlangan mamlakat. U yerda istiqomat qiladigan qarindoshlarimiz ham ko‘p. Bu esa boshqa muhitga moslashishimga ancha qo‘l kelardi. Shu kriteriyalar meni Toshkentda o‘qish qaroriga kelshimga sabab bo‘ldi. Toshkent Pedagogika Universiteti ancha imkoniyatlari keng maskan. Turli xil fakultet va yo‘nalishlar bilan birga universitetimizda malakali pedagoglar faoliyat yuritadi. Bu yerda istaganingizcha bilim olishingiz mumkin. Bu o‘zingizga bog‘liq. Hozirgi shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda til va kompyuter tizimini bilish juda muhim. Qaysi sohada bo‘lishidan qat’iy nazar.  Bu ikki omil xorijda o‘qish va yashash uchun ham muhim hisoblanadi. Til bilish yangi bilimlarni egallashga, o‘rganishga keng imkoniyat yaratadi. Kompyuter sohasi esa o‘qishda ancha qulayliklar yaratadi. Qolaversa, xorijiy mamalakada yashaganda kerakli lokatsiyalar shu mamalakat haqidagi ma’lumotlarni ham texnika qurilmalari orqali tez o‘rganib bilib olish mumkin”

                                            Favad Nabiulloh 

   (Afg‘oniston Respublikasi) O‘zbekiston Milliy Universiteti xalqaro talabasi

“Oʻzbekistonda ta’lim olishni xohlaganimning bir necha sabablari bor. Birinchidan, Oʻzbekistonning boy madaniyati va tarixi meni qiziqtiradi. Bu yerda ta’lim olish orqali nafaqat akademik bilimlar, balki madaniy tajriba ham orttirish mumkin. Ikkinchidan, Oʻzbekistonning ta’lim tizimi va universitetlari xalqaro standartlarga mos keladi, bu esa sifatli ta’lim olish imkonini beradi. Tanlagan universitetim menga yetarlicha bilim bera oldi deb o‘ylayman. O‘qish jarayonida ko‘plab amaliy mashg‘ulotlar, ilmiy tadqiqotlar va tajribalar orqali o‘z bilimlarimni kengaytirdim. O‘qituvchilarim professional va malakali bo‘lib, ular bilan muloqot qilish juda foydali edi. Yosh xalqaro talabalarga maslahatlarim:

– Tilni o‘rganing: O‘zbek tilini o‘rganish sizga mahalliy madaniyatga kirish va universitetda muvaffaqiyatli o‘qish uchun yordam beradi;

– Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘ling: Talabalar bilan tanishing, turli ijtimoiy tadbirlarda ishtirok eting. Bu sizga yangi do‘stlar orttirish va tajriba almashish imkonini beradi;

–  O‘z maqsadlaringizni belgilab oling: Ta’lim jarayonida aniq maqsadlar qo‘yish va ularga erishishga intilish muhimdir;

– O‘qituvchilar bilan muloqot qiling: O‘qituvchilaringizdan yordam so‘rashingizdan hech qachon tortinmang. Ular sizning muvaffaqiyatingizda muhim rol o‘ynaydi;

– Mahalliy madaniyatni o‘rganing: O‘zbekistonning madaniyati va an’analarini o‘rganish orqali siz nafaqat ta’lim olasiz, balki hayotingizga rang-baranglik qo‘shasiz”

Ta’lim jarayonlarini yuksaltirish va shu orqali, dunyo mamlakatlari orasida yetakchi o‘rinlarga ko‘tarilish maqsadida eng birinchi e’tibor qaratiladigan jihat oliy ta’lim va uni xorij tajribasi bilan uyg‘unlashtirish. Aynan, hozirgi davrda rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘zimizning milliy ta’lim tizimimizga olib kirishdan boshlanadi.