Assalomu alaykum!
Men Nizomiy nomidagi TDPUda o‘qiyman. Qattiq gripp bo‘lganim uchun davolanmoqchi edim. Lekin, universitet hech qaysi poliklinika bilan shartnoma qilmagan ekan. Asosiy binodagi hamshiralarda ukol qilish huquqi yo‘q ekan. Hamshiralarni o‘zlari aytdi: «Biz nima qilaylik? Universitet hech qaysi poliklinika bilan shartnoma qilmagan. 2500 ta talaba bor. Ularni ukol qilish bizga mumkin emas. Sanitariya ham javob bermaydi». Unda talabalar qayoqqa borish kerak?! Endi talaba kasal ham bo‘lmasinmi?
Qiziq tomoni, talaba kasal bo‘lib darsga bormasa, ustozlar “nb otrobotka” uchun asos so‘raydi. Kasal talaba asosni qayerdan olsin. Hech qaysi poliklinika kirgizmasa. Shunday katta universitet nahot bitta poliklinika bilan shartnoma tuzishi qiyin bo‘lsa. Shartnoma to‘lovlari, kredit to‘lovlari qayoqqa ketyapti. Talabalar hayron.
“Avlod media”ga aynan shu mazmundagi murojaatlar kelgan. Bu holat talabaning huquqlari bilan bog‘liq holatligi sababli, huquqshunos Muhriddin Shamsiddinovdan javob oldik:
“Birinchi navbatda shuni aytib o‘tish lozimki, qonunchilikda hech qaysi universitetda qaysidir poliklinika bilan shartnoma tuzish majburiyati yuklatilmagan.
“Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnomaga ko‘ra, mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi shaxsni ishdan (o‘qishdan) ozod qilish uchun asos bo‘ladigan hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bilan kechadigan kasallanishning hisobi yuritiladigan hujjat hisoblanadi.
Yo‘riqnomaning 9-bandiga ko‘ra, kasallik va shikastlanganlik bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi mehnatga layoqatsiz shaxs murojaat qilgan yoxud davolangan davolash-profilaktika muassasasi tomonidan mehnatga layoqatsizlik aniqlangan kundan boshlab beriladi.
Demak siz bu holatda doimiy yoki vaqtincha turgan joyingizdagi poliklinikaga murojaat qilishingiz mumkin. Ular sizga bergan mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi rasmiylashtirib berishi mumkin. Ushbu hujjat sizni o‘qishdan ozod qilish uchun asos bo‘ladi. Ta’lim olayotgan shaxslar uchun mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi 095\x shaklda beriladi.”
Xullas, talaba doimiy yoki vaqtincha turgan joyingizdagi poliklinikaga murojaat qilishi kerak. Agar tibbiyot muassasasi sizga xizmat ko‘rsatmasa, shundagina tegishli organlarga murojaat qilishlari mumkin
O‘zbekistonda talabalar tibbiy xizmat ko‘rsatish qay darajada?
Shu o‘rinda yurtimizda talabalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi qay darajada ekanligi haqida o‘rganishlar olib bordik.
O‘zbekistonda talabalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish universitetlarning tibbiy bo‘limlari, davlat poliklinikalari va tibbiy sug‘urta tizimiga asoslanadi. Ko‘plab universitetlarda talabalar uchun tibbiy yordam, tibbiy ko‘riklar va sog‘liqni saqlash bo‘yicha maslahat xonalari mavjud. Talabalar davlat tibbiy sug‘urtasi orqali bepul yoki subsidiyalarga xizmatlardan foydalanishlari ham mumkin. Poliklinikalarda talabalar umumiy kasalliklarni davolash, tibbiy ko‘riklardan o‘tish va boshqa yordam olish imkoniyatiga ega. Xususiy klinikalar esa qo‘shimcha to‘lov evaziga xizmat ko‘rsatadi. Tibbiy xizmatlarning sifati va mavjudligi hudud va universitetga qarab farq qiladi. Shuningdek, psixologik yordam va maxsus davolanish talabalar uchun mavjud. Ammo ular psixologlar xizmatidan deyarli foydalanishmaydi.
Biz universitetlardagi bu holatni o‘rganish jarayonida talabalar fikrlarini ham eshitdik. Ularning aksariyati 80% tibbiy xizmatni hududidagi poliklinikalarda olishayotganini, bu borada muammo yo‘qligini aytishgan.
Munira Boltayeva
Chirchiq Davlat Pedagogika Universiteti magistri:
“Universitet yotoqxonasida alohida tibbiyot xonalari mavjud. Talabalarga dastlabki tibbiy yordam shu yerda ko‘rsatiladi. Shirinso‘z, tajribali tibbiyot xodimlari xizmat ko‘rsatishadi. Sog‘ligimiz yuzasidan ularga murojaat qilamiz. Salomatligimizda jiddiyroq muammo bo‘lsa, tumandagi poliklinikaga boramiz, hech ham muammo bo‘lmagan shu paytgacha, tibbiy ma’lumotnomalarni ham shu yerdan olganman.”
Fotima Raimova
Toshkent Davlat Stomatologiya instituti magistranti
“Talabalik yillarimda ham betob bo‘lib qolsam, vaqtinchalik yashayotgan manzilim joylashgan hududdagi poliklinikaga borardim, yaxshi xizmat ko‘rsatardi.
Xorijiy tajriba qanday?
Xorijda talabalar uchun tibbiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha ko‘plab rivojlangan davlatlarda yaxshi tizim mavjud. Tibbiy xizmatlar tajribasi rivojlangan davlatlarda quyidagicha tashkil etilgan:
Amerika Qo‘shma Shtatlari
AQShda talabalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish universitetlar tomonidan tashkil etilgan sog‘liqni saqlash markazlari orqali amalga oshiriladi.
- Talabalar tibbiy sug‘urtasi: Ko‘pgina universitetlar talabalar uchun majburiy tibbiy sug‘urta taklif qiladi. Talabalar bu sug‘urtani olishadi va universitet tibbiy markazlaridan xizmatlar oladi.
- Xususiy va davlat klinikalari: Katta universitetlarda sog‘liqni saqlash xizmatlari yaxshi rivojlangan, lekin talabalar ba’zan xususiy klinikalarga ham murojaat qilishlari mumkin.
- Sog‘liqni saqlash markazlari: Universitetlar ichida tez yordam, sog‘liqni tekshirish va maslahatchilik kabi xizmatlar mavjud. Agar talabalar ko‘proq ixtisoslashgan yordamga muhtoj bo‘lsa, ularni shifoxonaga yuborishadi.
2. Yevropa davlatlari (masalan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya)
- Buyuk Britaniyada talabalar ko‘pincha NHS (National Health Service) tizimi orqali sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanadi. Talabalar davlat tibbiy sug‘urtasiga kirishadi yoki universitet tomonidan taqdim etilgan sug‘urta orqali bepul yoki subsidiyalarga tibbiy yordamdan foydalanadilar.
- Germaniya: Germaniyada talabalarga majburiy tibbiy sug‘urta kerak bo‘ladi, bu esa ularga tibbiy xizmatlar va dorilarni subsidiyalangan narxlarda olish imkonini beradi. Universitetlarda ham tibbiy markazlar mavjud.
- Fransiya: Fransiyada talabalarga tibbiy yordam uchun davlat tibbiy sug‘urtasi taqdim etiladi. Talabalar universitetlarda sog‘liqni saqlash markazlaridan foydalanishlari mumkin.
3. Avstraliya
Avstraliyada talabalar uchun tibbiy sug‘urta majburiy bo‘lib, ular Overseas Student Health Cover (OSHC) sug‘urtasini olishlari kerak. Bu sug‘urta talabalar uchun tibbiy xizmatlar, dori-darmonlar va tez yordam xizmatlarini taqdim etadi.
- Universitet sog‘liqni saqlash markazlari: Talabalar universitetlar ichida tibbiy markazlarga ega bo‘lib, u yerda tez yordam, tibbiy ko‘riklar va maslahatlar olishlari mumkin.
- Xususiy klinikalar: Ba’zi talabalar, agar kerak bo‘lsa, xususiy tibbiy xizmatlardan ham foydalanishlari mumkin.
4. Shveysariya
Shveysariyada talabalar uchun tibbiy sug‘urta majburiydir va davlat sug‘urta tizimi orqali taqdim etiladi. Talabalar o‘z sug‘urtasini o‘rnatishlari kerak va bu ularning tibbiy xizmatlardan foydalanishini ta’minlaydi.
- Universitet tibbiy markazlari: Ko‘pgina universitetlar talabalarga sog‘liqni saqlash markazlari orqali yordam beradi. Bularda umumiy yordam, maslahatchilik va oddiy tibbiy xizmatlar mavjud.
5. Norvegiya: Norvegiyada barcha talabalar davlat tibbiy sug‘urtasi bilan qamrab olingan va ular universitetlarining sog‘liqni saqlash markazlaridan foydalanishlari mumkin.
6. Yaponiya: Yaponiya talabalar uchun sog‘liqni saqlash tizimi taqdim etadi. Ko‘plab universitetlar o‘z talabalari uchun tibbiy sug‘urta talab qiladi va bu sug‘urta orqali talabalarga tibbiy xizmatlar taqdim etiladi. Universitetlarda sog‘liqni saqlash markazlari mavjud bo‘lib, ular tez yordam, ko‘riklar va maslahatchilik xizmatlarini taqdim etadi.
O‘zbekistonda talabalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini rivojlantirish uchun takliflar
Talabalar uchun tibbiy xizmatlarni rivojlantirishda xorijiy tajribalardan kelib chiqqan holda quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish mumkin:
1. Tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish: Talabalar uchun majburiy tibbiy sug‘urta tizimini yaratib, bepul yoki subsidiyalangan tibbiy xizmatlarni taqdim etish.
2. Universitetlarda sog‘liqni saqlash markazlarini kuchaytirish: Universitetlarda tez yordam, tibbiy ko‘riklar va psixologik yordam kabi xizmatlarni ko‘rsatish.
3. Davlat va xususiy klinikalar bilan hamkorlik:
4. Xususiy klinikalar bilan imtiyozli xizmatlar tashkil etish, davlat poliklinikalarida esa talabalar uchun maxsus xizmatlar yaratish.
5. Psixologik yordamni kengaytirish:
Talabalarga ruhiy salomatlikni qo‘llab-quvvatlash uchun psixologik xizmatlar va dasturlarni ko‘paytirish.
6. Ma’lumotlarni oshirish va tizimni shaffof qilish:
Talabalar uchun tibbiy xizmatlar haqida aniq ma’lumotlar taqdim etish va tizimni shaffof qilish.
Xulosa shuki, tahlil qilganimizda, O‘zbekistonda talabalarga tibbiy xizmat ko‘rsatishda alohida imtiyozlar deyarli yo‘q va tizimda noaniqliklar ko‘p.
Bu chora-tadbirlar talabalar uchun sifatli tibbiy xizmatlarni yaratishga yordam beradi.