Nega shifokorlarning dastxati tushunarsiz?

Siz ham ular yozib bergan “retsep”ni o‘qiy olmaysizmi?

Shifokorning dastxati tushunarsiz bo‘lishiga deyarli har birimiz duch kelganmiz. Ko‘pchilik bu holatni tabiiy qabul qiladi, xuddi shunday bo‘lishi kerakdek. Nega bunday ekanligi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

Olimlarning tadqiqotiga ko’ra, inson miyasida ma’lumot ko‘p bo‘lsa, uning yozuvi xunuklashadi. Аmaliyot davrida ayrim shifokorlarda shakllanadigan shoshma-shosharlik, taʼsirchanlik, doimiy horgʻinlik his qilish kabi xususiyatlar ularning xatida uchburchak elementlar va qiyshaygan harflarning paydo boʻlishiga olib keladi.

Shifokor yozuvining tushunarsizligi psixologiya nuqtai nazaridan ham o’z izohiga ega. Shifokorlar bemorlarning azoblanishini ko’rgach, atrofdagi odamlarga kamroq e’tibor beradi, o’zi va bemori o’rtasida qandaydir bir to’siq qo’yadi. Shifokor o’z mulohazalari va xulosalarini xolisona bildirishi kerak, chunki u bemorning salomatligi uchun javobgardir.

Shifokor yozuvining tushunarsizlik darajasi uning mehnat staji, mutaxassisligiga bevosita aloqador. Masalan, jarrohning yozuvi boshqa yo‘nalishdagi shifokor yozuvidan yomonroq bo‘lishi mumkin, negaki jarroh bemorning kulfatiga ko’proq to’qnash keladi, uning diydasi ancha qotib ketgan.

Britaniyalik olimlarning tadqiqotiga ko‘ra, har 20 – holda shifokorning retsepti noto‘g‘ri o‘qilishi mumkinligini aniqladi. Har 6 – retseptda qandaydir xatolik mavjud (masalan, sana, aniq doza yoki shifokorning imzosi yo’q) va 15% hollarda shifokorning qo’lyozmasini o’qish qiyin yoki deyarli mumkin emas. Xo‘sh bu borada mazkur kasb egalari nima deydi?

Ilmira Bositxonova Sog‘likni saqlash vaziri o‘rinbosari

Shifokor hayotida – bemorni ko‘rikdan o‘tkazish, amaliyot bajarish va davolash jarayonlari muhim. Yozuv-chizuvlar ikkinchi o‘rinda. Ammo shifokor ikkisini ham bilan parallel ravishda olib borishi shart. Shifokor butun umri davomida ushbu ikki vazifani bajarishda qaysi biriga ko‘proq e’tibor qaratishi zarurligi to‘g‘risida hech qachon o‘ylamaydi, chunki – bemor manfaati ustuvor! Bemorga eng asosiysi bu – e’tibor, husnixat esa – bo‘lganicha. Menimcha, shunday!

Nurmamat Iskandarov, “Shifokor-82” korxonasi direktori:

Shifokorlar tushunarli yozsa, uni bemor o‘qib, o‘zining kasalini aniq bilib yanada yomon ruhiy ahvoli yomonlashishi mumkin. Shuning uchun ham shifokorlar xunuk emas, tushunarsiz qilib yozadi, faqat uni ularning o‘zigina tushunadi. Men ham talabaligimda chiroyli yozardim, hozir tezlashib ketgani uchun xunuklashgan, ya’ni boshqalar o‘qishi qiyinlashgan.

Sevara Ubaydullayeva, Tibbiyot fanlari doktori, dotsent:

Yozuv xunuklashishi bor va noaniq yozuv bor. Yozuvlar xunuklashishi bu ko‘p holatlarda insonni ruhiy holatiga ham bog‘liq bo‘lishi mumkin, yoki biron kasallik oqibatida tananing qo‘l qismida o‘zgаrishlar hisobidan yoki miya jarohatidan kuzatilishi mumkin.

Noaniq yozuv esa insonni yozishni o‘rganish davrida shakllanishi mumkin, yoki yozuvni o‘rganishda chiroyli yozishga o‘rgangan bo‘lsa, davomida yozuvni o‘zgarishi ish tarzidan kelib chiqib, kuzatilishi mumkin.

Olimlar o‘tkazgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, yozuvlarni yomonlashib noaniq bo‘lib borishiga, ko‘p aqliy qobiliyat bilan shug‘ullanadiganlarda kuzatilishi mumkin ekan. Ya’ni, inson miyasida ma’lumotlarni ko‘pligi uni fikrlash qobiliyatini tezlatadi, shu bois ma’lumotlarni qog‘ozga tushirish maqsadida yozuvlar ham o‘zgarishi va noaniqlashishi mumkin.

Demak, shifokorlar yozuvi noaniqlashadi deb xulosa qilsa bo‘ladi. Bunga sabab, ba’zi shifokorlar doimiy o‘z ustida ishlaganligi bois ma’lumotlarni tahlil qilishda miya faoliyati va qo‘llar bir-mutanosiblikda saqlanishi uchun shoshilish oqibatida shunday bo‘lishi mumkin.

Hamma shifokorlarda ham yozuv xunuk emas, ya’ni noaniq emas, imkon qadar bemorlarga tavsiyalarni tushunarli yozishga harakat qilaman.

Lekin tan olishim kerak, menda harflar bir tekis chiqmasligi mumkin, risoladek chiroyli yozilmaydi, ammo o‘qish uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi. Shunday bo‘lsa-da men yana tushunarli bo‘ldimi deb bemorlardan so‘rab olaman hamda tushuntirib berishga harakat qilaman.

Bobur Alimxonov-pediatr:

– O‘qish davridagi “nagruska” bilan bog‘liq deb o‘ylayman. Darsda ham ma’lumotarni, murakkab mavzularni tezda yozib olishga shoshilardik. Murakkab kasb bo’lganligi uchun, shifokorlar 8-yillab o‘qishadi. Men ham maktablik vaqtida shoshmasdan, chiroyli yozar edim.

Marjona Berdiyeva, Toshkent Tibbiyot Akademiyasi Urganch filiali 2-bosqich talabasi:

Tibbiyot sohasida oʻqishning boshqa sohalarida oʻqishdan asosiy farqi bu oʻqitish jarayoni choʻzilganligi yaʼni boshqa sohalarda asosan 4 yil oʻqib mutaxassis boʻlib chiqish mumkin boʻlsa shifokorlar 5-6 yillab oʻqishadi. Shunday ekan tibbiyot instituti talabalariga leksiya darslari koʻp oʻtiladi. Leksiyalarda berilgan mavzular asosan ogʻzaki yoki ma’ruza boʻyicha oʻtiladi. Talabalar kerakli maʼlumotlarni yozib ulgurish uchun ham tez yozishlari natijasida ularning husnixati xunuklashadi deb o‘ylayman. Hozircha mening yozuvim chiroyli. Qolaversa shifokorlarning oʻz alifbosi mavjud. Shuning uchun ham boshqa soha vakillari ushbu husnixatni yaxshi tushunishmaydi.

Shifokorlar yomon dastxati tufayli javobgarlikka tortiladimi?

Eng qizig‘i nega odatda, dorixonadagi sotuvchilar shifokor yozuvini osongina tushunadi. Ammo ba’zi shifokorlar shoshilganidan dori miqdori (dozasi)ni ko‘p yoki kam qilib yozib yuborishi mumkin. Bu esa ko‘ngilsiz holatlarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun ayrim shifoxonalarda asta-sekinlik bilan elektron yozuvlarga o‘tilgan.

Hindistonning Uttar-Pradesh shtati poytaxti Lakxnauda Ollohobod okrugi Oliy sudi uch nafar shifokorni yomon dastxati uchun 5 ming rupiya (taxminan 67 dollar) jarimaga tortilgan. Sudga uchta jinoyat ishi kelib tushdi, qurbonlarning tibbiy tekshiruvi natijalari Sitapur, Unnao va Gondadagi tuman kasalxonalaridan kelib tushdi. Uchta hisobotni ham ularni yozgan shifokorlarning xunuk dastxatlari tufayli «o‘qib bo‘lmagan».

Sud fikricha, bu sud organlari ishida to‘sqinlik qilgan. Shifokorlar ishlari o‘ta ko‘pligi tufayli hisobotlarni shoshib yozganliklarini da’vo qilgan.

Tushunarsiz yozuvni o‘qiy oladigan platforma

AQShda shifokorlarning tushunarsiz yozishini o‘qiy oladigan platforma ham ishlab chiqilgan. E’tiborlisi ushbu ixtiro egasining otasi onkolog bo‘lgan, u otasining ish faoliyatini kuzatib, qog‘ozlarga ko‘milib qolganini sezdi va portal yaratish fikri tug‘ildi.

Unga ko‘ra, shifokor bemorga tashxis qo‘yadi, qanday muolaja qilishni, ukol va dorilarni nechi mahal qabul qilishni og‘zaki aytadi, bularning bari kompyuter ekraniga matn shaklida chiqadi. An’anaviy amaliyotda esa, bilasizki, shifokor avval og‘zaki tushuntiradi, so‘ng yozib beradi. Yangi texnologiya esa jarayonning yarmini qisqartiryapti.

DeepScribe platformasi sun’iy intellekt asosida shifokorning so‘zlarini transkripsiya qiladi. U shifokorni qog‘ozbozlikdan, bemorlarni esa tushunarsiz husnixatdan asraydi.

Shifokorlarning o‘ziga xos husnixati boshlayotgan muammolar o‘limgacha borib yetayotgani bu platformaning afzalligini oshiradi. Aslida u tibbiyotchilarning vaqtini tejash, tashxis bayoni va retsept yozish bilan ortiqcha band qilmaslik maqsadida o‘ylab topilgan.

Demak, shifokorning dastxati tushunarsiz bo‘lishiga turli sabablarni ko‘rsatish mumkin. Ularning aksariyati bu holatni ish hajmi ko‘pligi, ma’lumotlar ko‘pligi  bilan izohlashdi. Kasb egalarining asosiy e’tibori bemorni tuzatishda ya’ni, amaliy jarayonlarda bo‘lishi bois, yozuvga e’tibor berishmaydi. Hatto ayrim soha egalari nega tushunarsiz yozishi haqida o‘ylab ham ko‘rishmagan. Shunisi aniqki, barcha shifokorlar ham birdek tushunarsiz yozuv egasi emas, bu kasb egalarining yozuvi yillar davomida, yuqoridagi omillar sabab xunuklashib borar ekan degan xulosaga kelish mumkin.