Nega ona-tilimizga befarqmiz?

O‘zbek tili qadrsizlanyaptimi?

Toshkent ko‘chalari bo‘ylab yurarkansiz, ba’zan o‘zingizni qaysidir chet davlatdagidek his qilgan vaqtlaringiz ham bo‘ladi. Bu bilan Ommaviy madaniyatni ta’siri, yevropacha kiyingan yurtdoshlarimiz-u, xorijiy mehmonlarni nazarda tutayotganim yo‘q. Ko‘cha bo‘ylab rus, ingliz va boshqa tillardagi yorliqlar, havolalar, e’lon va shiorlarga e’tibor qaratmoqchiman. Mavzuni Toshkentning birgina Muqimiy ko‘chasi misolida davom ettiradigan bo‘lsak, ko‘chaning Novza metro bekatidan Qatortol ko‘chasi kesishmasi bo‘ylab yurarkansiz, ko‘plab tadbirkorlik obyektlari, ovqatlanish va savdo shoxobchalari, maishiy va ishlab chiqarish obyektlarining nomlari chet tilida nomlanganligiga ko‘zingiz tushadi.

Holatni o‘rganish maqsadida atigi 10 ta zamonaviy tadbirkorlik joylari yonidan o‘tarkanmiz, afsuski bari chet tilida nomlanganiga guvoh bo‘ldik. Masalan: «DISCOSMETIKS», «MISSKAMILLA SHOP», «KIDSS BOTUQUE», «BRANDELITE», «GUNESS», «AISHA SHOP», «NAELOFAR», «LA MIRANDA», «BIG TTRAVEL», «DIVANI.UZ».

Loaql birgina ob’ekt o‘zbek tilida nomlanmagan. Bu nomlarni ichida Oyisha, Nilufar kabi o‘zbek ismlari bordek, ammo bu ismlar xorijcha talqin qilingani sababli, ma’no-mazmun anglash qiyin. Eng yomoni, bugun so‘zlashganda xorijiy so‘zlar, varvarizm, jargonlar bilan so‘zlashish odatga aylangan bir paytda hech bo‘lmasa tilimiz sofligini yozuvlarda asrash kerak emasmi?

«Avlod media» ona-tilimiz sofligini asrash, yoshlar o‘rtasida ommalashtirish borasida ko‘plab tashabbuslar, qator loyihalarni amalga oshirmoqda, bu haqida maqolalar chop etib kelmoqda, xullas, o‘zbek tili rivoji doimiy e’tiborda. Bu gal farzandini maktablarning rus sinfiga berayotgan ota-onalaru, o‘zbekcha bilmaydigan yoshlarimiz haqida emas, tilimiz sofligini asrashdagi yuqoridagi muhim jihatga talaba-yoshlar, jamoatchilik va mutasaddilar e’tiborini qaratmoqchi. To‘g‘ri, Toshkent megapolis shaharga aylanmoqda chet tilidagi yozuvlar sayyohlarga qo‘l keladi dersiz, ammo bu holat millat g‘ururi bo‘lgan ona-tili o‘z yurtida qadrsizlangani emasmi?

Yana bir jihat, haligacha, odamlarimiz milliy atamalarni chetga surib, «Alayskiy», «Farxadskiy», «Ippodrom», «Zeleniy most», «Bulvar», «Dagbitskiy», «Sofiyskiy», «Lunacharskiy», «Vыsokovoltiy» singari atamalarni ishlatishni ma’qul ko‘rishadi.

Biz bu holatni faqat poytaxt misolida qayd etyapmiz, viloyatlar ham bundan mustasno emas, albatta.

Mavzu yuzasidan talaba-yoshlar, mutaxassislar fikrlarini ham o‘rgandik.

Asadbek Xolmurod o‘g‘li, talaba

– Rossiyaning Moskva shahridagi xizmat ko‘rsatish obektlari-yu, savdo shoxobchalari asosan rus tilida nomlangan. Ingliz tilidagi yozuvlarni juda kam uchratasiz.

Bir necha yil muqaddam Gruziyada bo‘lganimda ko‘chalar, binolar, peshtoqlardagi yozuvlarning barchasi gruzincha ekani e’tiborimni tortgandi. Faqat xorijlik turistlarga qiyinchilik tug‘ilmasligi uchun ayrim joylarda ingliz tilidagi bitiklar uchraydi. Lekin yurtimizda o‘zbekcha yozuvlardan ko‘ra rus tilidagi yozuvlar ko‘p uchraydi. Bu kabi kuzatishlarimda «hech bir xalq o‘z ona tilini bizchalik qadrlamas ekan» degan xulosaga kelgandim

Dildora Isoqova, filolog

– Holbuki, bugun o‘zbek tilini xorijliklar ham qiziqish bilan o‘rganmoqda. So‘nggi yillarda yurtimizda ham o‘zbek tilini o‘rganayotgan xorijliklar ko‘pchilikni tashkil etayotgani quvonarli hol. Qolaversa, Xitoyda, Turkiyada, Amerikada, Germaniyada, Hindistonda o‘zbek tili bo‘yicha maxsus tadqiqotlar olib boriladi, ilmiy ishlar himoya qilinadi. Endi o‘zingiz o‘ylang, boshqa millat vakillari bizning tilimizga shu qadar mehr qo‘yishgan, uni astoydil o‘rganayotgan ekan, nega biz o‘zimizning bebaho boyligimiz bo‘lgan ona tilimizga yetarlicha e’tibor qarata olmaymiz?! Bu nomlar

Munira Boltaboyeva, talaba

– Nima qilibti, bugun dunyo taraqqiy etyapti? Yoshlar ayniqsa kamida 2-3 ta tilni bilishadi. Qolaversa, sayyohlar oqimi ham ko‘paymoqda. Toshkent bugun mega shaharga aylandi. Baland binolar, atrofingiz faqat chet tilidagi yozuvlar. Shaharning ana shunday qismida turib, suratga yoki videoga tushib yuborsangiz ba’zan sizni xorijda deb o’ylashi tabiiy, bu xorijiy yozuvlar bilan shahrimiz ham zamonaviy qiyofa kasb etyapti. Men buni ijobiy baholayman.

Internet ma’lumotlariga ko‘ra, har ikki haftada yer yuzida bitta til umuman yo‘qolib ketmoqda. O‘zbek tili so‘zlashuvchilar soniga ko‘ra sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biridir. Bu Yer yuzida har 200 nafar odamdan biri o‘zbek tilida so‘zlaydi, deganidir.

Ko‘rinib turibdiki, o‘zbek tilining xalqaro maqomi havas qiladigan darajada. Bizning tilimiz-ku, hozircha xavf ostidagi, yo‘qolib borayotgan tillar guruhiga kirmaydi. Ammo o‘zimiz ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelgan ona tilimizni asramas ekanmiz, ulkan xavf ostida qoldiramiz. Yuqoridagi holatlarga esa mutasaddilar e‘tibor qaratishiga umid qilamiz.