Nega oliygohlardagi elektron kutubxonalar ishlamaydi?

Kutubxonalar ziyo manbai, zulmatni yorituvchi chiroqdek ko’ngillarni nurafshon etuvchi, maskandir. Internet rivojlansada kitobning bilim ulashishdagi ahamiyati yo’qolmaydi, aksincha uning zamonaviy shakllari paydo bo‘laveradi.

 Kitoblar qay shaklda bo‘lmasin insoniyatga ilm ulashishda yetakchi manbadir. Bugun Oliy ta’lim dargohlarida ta‘lim sifatini oshirish haqida gap ketganda, elektron kutubxonalarni joriy etish muhim ahamiyatga ega.

Shu boisdan xorijiy OTMlaridagi axborot-resurs markazlari allaqachon, elektronlashtirilgan. Misol uchun: MDH davlatlari, jumladan Rossiya Federatsiyasi oliy taʼlim muassasalarida IRBIS 64+, MEGAPRO, RUSLAN, MARK-SQL, Belarus Respublikasida MARK-SQL, «ALIS WEB» va IRBIS 64+, Qozogʻiston Respublikasida RABIS, IRBIS 64+, KABIS kabi avtomatlashtirilgan kutubxona tizimlaridan foydalanilmoqda.

Bizdachi?

Zamon talablariga javob bermas zamonaviy kutubxonalar

Ha, afsuski, Respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalari tomonidan hozirda foydalanib kelinayogan ARMAT, KARMAT va KADATA avtomatlashtirilgan kutubxona tizimlari zamon talablariga javob bermaydi va samarasiz, aksariyati esa ishlamayapti. 55 ta oliy taʼlim muassasalariga avtomatlashtirilgan kutubxona tizimlari oʻrnatilgan, 11ta oliy taʼlim muassasasidagi avtomatlashtirilgan kutubxona tizimining texnik taʼminoti toʻxtatilgan boʻlib, 8ta oliy taʼlim muassasasida eskirgan. 47ta oliy taʼlim muassasasida avtomatlashtirilgan kutubxona tizimi mavjud emas. Qolaversa, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti, Buxoro davlat pedagogika instituti, Buxoro davlat universiteti, Buxoro muhandislik texnologiya instituti, Termiz davlat pedagogika instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali, Guliston davlat universitetlarida avtomatlashtirilgan kutubxona tizimlari texnik taʼminoti toʻxtagan va eskirgan. Ushbu holatlar yuzasidan Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalarni rivojlantirish vazirligining quyidagicha ma’lumot berdi:

– Hozirda Vazirlik huzurida «Elektron kutubxona» platformasi yaratildi. Hozirda professor-oʻqituvchilar va talabalarni aʼzo qilish yuzasidan targʻibot ishlari olib borilmoqda, oʻquv va ilmiy-tadqiqot jarayonini zamonaviy darslik, oʻquv qoʻllanma va adabiyotlar, shuningdek, ilmiy nashrlar, oʻquv-uslubiy, ilmiy-metodik qoʻllanmalar bilan taʼminlash, talabalar uchun ilgʻor elektron maʼlumotlarbazalaridan foydalanish yuzasidan sharoitlar yaratilmoqda.

Tan olish kerak, davlat oliy taʼlim muassasalarida axborot-kutubxona xizmatini koʻrsatish sohasida bir qator muammolar saqlanib qolmoqda:

 axborot-resurs markazlarida barcha kitoblar, jurnallar va boshqa hujjatlarni qayd qilish, kutubxonaga aʼzo boʻlganlarni roʻyxatga olish, buyurtmalarni roʻyxatlashtirish, kirim qilinayotgan kitoblarni roʻyxatga olish kabi ishlar qogʻoz shaklda yuritilmoqda;

 adabiyotlarga klassifikator boʻyicha indekslar qoʻyish; bibliografik qidirish,yigʻma elektron kataloglarni yaratish imkoniyati yoʻq;

fakultetlar, oʻquv binolari va talabalar turar joylaridagi kutubxonalar bilan ichki aloqa tizimi mavjud emas.

Oliy taʼlim muassasalarida qaysi elektron kutubxona tizimlari bor?

Hozirda yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalari asosan ikkita avtomatlashtirilgan kutubxona tizimlaridan foydalanmoqda. Jumladan, respublikamizda ishlab chiqilgan AKBT (Axborot kutubxonani boshqarish tizimi) milliy dasturi 12 ta davlat oliy taʼlim muassasalarida toʻliq joriy qilingan boʻlib, ulardan samarali foydalanilmoqda.

Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi, Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer hamda Shahrisabz filiallari, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali, Navoiy davlat pedagogika instituti, Navoiy konchilik va texnologiyalar universitetlarida AKBT dasturi mavjud.

Shuningdek, 24 ta davlat oliy taʼlim muassasalarida IRBIS64+tizimi oʻrnatilgan boʻlib, mazkur dastur ham toʻliq talablarga javob beradi. Xususan, Toshkent davlat transport universiteti, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, «Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universiteti kabi oliy taʼlim muassasalarida IRBIS 64+tizimi mavjud.

Bundan tashqari, hozirda 15 ta davlat oliy taʼlim muassasalari axborot-resurs markazlariga RFID qurilmalarni oʻrnatgan va talabalar, professor-oʻqituvchilar va tadqiqotchilar sifatli kutubxona xizmatidan foydalanishmoqda

Geologiya fanlari universiteti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Qarshi davlat universiteti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent moliya kabi institutlarda RFID qurilmalarioʻrnatgan.

RFID qurilmasining ahamiyatli tomoni kitob fondlari bilan operatsiyalarda inson omilining taʼsirini kamaytirish va notoʻgʻri identifikatsiyalashning oldini olish;

kutubxona ishining samaradorligini oshirish va oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish stansiyalarini joriy qilish orqali kutubxona foydalanuvchilariga xizmat koʻrsatish tezligini oshirish;

inventarizatsiya vaqtini qisqartirish, kitob fondining saqlanishini taʼminlash, kitoblarni fond ichida va undan tashqarida koʻchirish jarayonini oshkora qilish, kutubxona talablariga muvofiq eksponatlarni tezda tashkil qilish, ilmiy va taʼlim resurslariga tezkor kirish orqali taʼlim samaradorligini sezilarli darajada oshirishdir.

Muammoning yechimi qanday?

Mamlakatimizda oliy taʼlim sohasidagi islohotlar natijasida oʻtgan 6 yil mobaynida davlat oliy taʼlim muassasalari soni 77 tadan 114 taga yetib, ularda tahsil olayotgan talabalar soni 1,3 mlndan ortiq, yaʼni olti barobarga oshdi. Ta’lim sifatini oshirishda esa kutubxonalarning ahamiyati beqiyos. Shunday ekan, talaba-yoshlarga zamon talablariga to‘liq javob beradigan elektron kutubxonalar kerak va zarur. Buning uchun Respublikakamizdagi oliy taʼlim muassasalari tomonidan hozirda foydalanib kelinayotgan avtomatlashtirilgan kutubxona tizimlarini yanada rivojlantirish lozim. Qolaversa, foydalanuvchilarga qulay va sifatli zamonaviy axborot-kutubxona xizmatlarini koʻrsatish va axborot-resurs markazlari xodimlarining malakasini oshirish muhim hisoblanadi.

Xo‘sh bu masalalar qachon hal etiladi?

Umid qilamizki yangi o‘quv yilidan barcha OTM talabalari to‘liq elektronlashtirilgan zamonaviy kutubxonalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Biz esa mavzuga yana qaytamiz.