Bugun, sahar soat 4:00 larga yaqin abituriyentlar intiqib kutgan yakuniy mandat natijalari e’lon qilindi. Kimlarningdir uyida tantana shodiyona bo‘lsa, yana kimlarningdir uyida balki omadsizlik, balki yetarlicha ball to‘play olmaganlik tufayli xafagarchilik kuzatildi. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham hamma narsa o‘tginchiligini yoddan chiqarmaslik kerakligini bir bora eslatib qo‘ymoqchimiz.
Talabalik ostonasiga qadam qo‘ygan abituriyentlarni “Avlod Media” jamoasi nomidan chin dildan tabriklaymiz va o‘qishlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Talabalar qatorida bo‘lmagan abituriyentlarimizga bo‘lsa, xavotir va tushkunlikka tushishga hech qanday hojat yo‘q negaki, ular uchun tabaqalashtirilgan (super) kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish parametrlari mavjud. Biroq, yangi oʻquv yili uchun super kontakt narxlari hali tasdiqlanmagan.
OTMlarga kirish imtihonlarida toʻplagan ballari tasdiqlangan qabul parametrlari chegarasiga yetmagan abituriyentlar uchun bazaviy toʻlov-kontrakt miqdori har yili taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi bayoni bilan belgilandi. 2024-2025 o‘quv yili uchun miqdorlari hali tasdiqlanmagan va e’lon qilinmagan.
Bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlari tasdiqlanishi bilanoq bizning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda yoki saytimizda o‘qishingiz mumkin.