“Narxoz”: asosiy iqtisodiyot universiteti – talabalar nigohida

Talabalarning o‘zlaridan ro‘yirost TDIUning afzalliklari va kamchiliklari haqida.

Foziljon Maxamedov, 3-bosqich talabasi, «Raqamli iqtisodiyot» fakulteti

Universitetdan ko’p narsani kutgan edim, lekin birinchi bosqich darhol maktab mavzulari bilan ranjitdi, hatto ixtisoslashtirilgan darslarda ham maktab o‘quv dasturlarini o‘tdik.

Oliy ta’limdan kutganlarim faqat ikkinchi bosqichda amalga oshdi. Guruhimizga yosh o‘qituvchi biriktirildi. U ma’ruza va amaliyotni darslarini olib bordi, biz bilan laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Men universitetga faqat uning darslari uchun borardim. Hozirda bunday o‘qituvchilar ko‘paydi, bu, albatta yaxshi. Ular mashg‘ulotlar rejasini saralab, keraksiz mavzularni olib tashlashadi, o‘zlaridan qiziqarli va yangi narsalarni qo‘shadilar.

Kontrakt miqdori o‘zini oqlamaydi. Bilim darajasi yuqori emas, bu pulni kurslarga sarflashim mumkin edi. O‘qituvchilar ko‘proq narsa berishga harakat qilishadi, lekin ular amal qilishlari kerak bo‘lgan reja mavjud.

Men stipendiyadan voz kechdim, lekin universitetning o’zidan a’lo baholarim uchun rag‘bat sifatida muayyan miqdorda pul olaman.

Universitetning ijtimoiy hayoti haqida hech narsa bilmasdim. Men faqat Xalq xo‘jaligi institutining bitiruvchisi bo‘lgan otam hikoyalaridan unga hamma narsa yoqqanini eshitganman. Menga ham deyarli hammasi ma’qul. Qo‘shtirnoq ichida.

TDIUda tashabbus ko‘rsatish qiyin.

Birinchi bosqichda basketbol to‘garagini ochishga katta qiyinchiliklar bilan erishganman. O‘qituvchilarni ko‘ndirishga va ruxsat berilishini kutishga ikki oy ketdi. Ma’muriyatning ushbu jarayonlarga qiziqishi yo’q edi.

Boshida ma’muriyat bilan muloqot shunday bo‘ldi: biz muammoli hududlarni topdik, ular bahonalarni topishdi va «vaziyatdan chiqish yo’lini topinglar» deb aytishdi. Yangi rektor ta’limni yanada qulaylashtirdi, ammo tizim hali ham avvalgidek.

Agar universitetni o‘zgartirish imkoni bo’lganda edi, men Yaponiya universitetiga o‘qishga kirgan bo‘lardim, lekin bakalavr uchun endi kech. Endi Yaponiyada magistraturaga kirish uchun tayyorlanayapman, shuning uchun qo’shimcha ravishda til o‘rganyapman.

Universitet mustaqil hayotga tayyorlamaydi, lekin yo‘naltiradi. Bilimni mustaqil ravishda to‘plash kerak bo‘ladi.

Shunga qaramay, men talabalik davrimdan mamnunman. Ushbu davr mobaynida men sport to‘garagini ochishga, ko‘plab qiziqarli insonlar bilan tanishishga, ular bilan do‘stlashishga, yangi avlod o‘qituvchilaridan bilim va motivatsiya olishga muvaffaq bo‘ldim.

Aliyeva Madina, 4-bosqich talabasi, «Korporativ boshqaruv» fakulteti

O‘qishga kirgunga qadara universitet haqida deyarli hech narsa bilmasdim, shuning sababli TDIUdan hech narsa kutmaganman, lekin talabalik davridan umumiy kutganlarim bor edi. Kutganlarimdan ayrimlari amalga oshdi, ayrimlari esa yo‘q.

TDIUda bilim berishga tayyor kuchli o‘qituvchilar bor, lekin ko‘p hollarda talabalarning o‘zlari bunga kam qiziqish bildiradilar. Agar universitetimizni xalqaro oliy o‘quv yurtlari filiallari bilan taqqoslasak, biz ta’lim tizimi va sharoyitlar bo‘yicha ulardan orqadamiz. Yoshi katta ayrim o‘qituvchilar o‘zlarining ta’limga bo‘lgan yondashuvini o‘zgartirishga tayyor emas.

Ijtimoiy hayotga kam e’tibor beriladi. Talabalar astoydil qatnashishni istagan kuchli ma’ruzalar yoki tadbirlar yo‘q. Bayram konsertlari ko‘pincha birinchi va ikkinchi bosqich talabalari uchun o‘tkaziladi. Bunga pandemiya ham ta’sir qildi. Ilgari bizda ancha g’ayrat kuchli edi, lekin hozir hamma o‘zi bilan ovora, ish bilan band, aloqalar kamayib ketdi.

Shunga qaramay, “talabalik – oltin davr” deb hisoblayman. Ayniqsa, dastlabki ikki bosqichdan iliq xotiralar qolgan.

Kontrakt to‘liq o‘zini oqladi. Oliygoh o’zingizni rivojlantirishingiz uchun barcha imkoniyatlarni beradi. Takror aytaman, hamma narsa talabaning o‘ziga bog‘liq. Universitetni tugatgan zahoti yo‘nalishni o‘zgartirishga qaror qilganlar ham ko‘p. Ularga o‘z mutaxassisliklari qiziq emas.

Agar boshqa universitetni tanlash imkoniyati mavjud bo‘lganda, Toshkentdagi Singapur institutiga o‘qishga topshirgan bo‘lardim. Ayni paytda TDIUda talabani o‘ziga jalb qiluvchi o‘qituvchilar va amaliy fanlar yetishmayapti.

Mohirabonu Xalimova, 4-bosqich talabasi, «Xalqaro turizm» fakulteti

Tayyorlov kurslarida shug‘ullanganimda, TDIU talabalarini ko‘rar edim va ular menga kibrli bo‘lib tuyulardi, shuning uchun u yerda o‘qishni xohlamas edim. Natijada men qo‘shimcha kontrakt asosida o‘qishga kirdim, lekin hujjatlarimni olib, Qozog’istonga o‘qishga ketdim. Ota-onamning talabiga binoan ikkinchi bosqichda o‘qishimni Toshkentga qaytib ko‘chirdim.

O‘qishni ko‘chirishdan oldin “TDIUda o‘qish yo‘q va hamma narsa pul bilan hal qilinadi” deb o‘ylardim. Afsuski, adashgan ekanman. Befarq bo‘lmagan o’qituvchilar ham bor ekan. O‘qishni istaganlar o‘qishyapti. Hamma gap – talabaning o‘zida.

Mavzular qiziqarli, lekin o‘ziga haqiqatan o‘ziga tortadigan biror narsani eslolmayman. Fanlarni tanlash erkinligi yetarli emas. Talabalar xohlagan fakultativlar mavjud, ammo ularda ishtirok etib bo‘lmaydi, chunki ruxsat yo‘q.

Ijobiy jihatlari: biz kredit-modulli tizimga o‘tyapmiz, haftada besh kun o‘qiymiz, qat’iy forma talab qilinmaydi. Oxirgi band ba’zan talabalarga nisbatan asossiz qat’iy munosabatda bo‘lishga sabab bo‘lardi.

Agar narx va sifat taqqoslansa, kontark o‘zini oqlamaydi. Darslardan tashqari ijtimoiy hayot yo‘q, bu esa muhimdir. Talabalar kechalari, ajoyib tadbirlar yo‘q. Bir necha marotaba konkurslar o‘tkazildi, biroq ularda ko‘pchilik ishtirok etmadi. Ehtimol, bu talabalarning o‘zlariga ham bog‘liqdir. Universitet ichidagi hayotni yanada yaxshilash uchun kuch va g‘ayratlarini sarflashni xohlamaydilar.

Oliygohda ijodkorlik va zamonaviy talablarga moslashish yetarli emas. Bizga nazariy bilimlarning o‘zi yetarli emas, ko‘proq amaliyot va ish tajribasi kerak.

Biz ishlashni va o‘z kasbimizni yaxshiroq tushunishni istaymiz, lekin universitetda bunday imkoniyatlar cheklangan. Shuning uchun, magistrlik darajasini Yevropa universitetida olishni rejalashtiryapman, TDIU esa eng oxirgi variant.

Ikkinchi bosqichning boshlarida har doim Qozog’istonga qaytib ketish istagi bo‘lardi, ammo hozir men TDIUga ko‘nikdim va mehr qo‘ydim.

Agar kamolotga erishish yo‘llarini qidirayotgan bo’lsangiz, universitet, albatta, sizni katta hayotga tayyorlaydi. Talabalik davringiz ko‘p hollarda o‘zingizga bog‘liq. O‘qishga kirib o‘sishda davom etayotganlar ham bor, ammo “narxozga kirdim, hayotda muvaffaqiyat qozondim, endi bemalol turmushga chiqsam bo‘ladi” deb hisoblaydiganlar ham bor.

Sanjar Shirmatov, 3-bosqich talabasi, “Marketing” fakulteti

TDIU mamlakatning asosiy iqtisodiy davlat universiteti hisoblanadi, uning diplomi hukumat tuzilmalarida kuchli ta’sirga ega. O‘qishga kirishdan oldin men yuqori darajadagi ta’lim va o‘qish bilan to‘liq bandlikni, shuningdek, konspektlar va tizimdagi hamma eski narsalarni kutgandim.

Aslida, o‘qish darajasi o‘rtacha, ammo universitetning liberal siyosati xush keldi – konspektlar emas, balki talabaning bilimlari muhim ekan. Afsuski, istisno tariqasida eski tizim o‘qituvchilari hali ham bor.

Ko‘proq bilimni universitetdan tashqarida olayapman: kurslar va ishda. Universitet tayyor mutaxassis bo‘lib bitirib ketishimga yetarli muhit yaratmayapti.

Birinchi bosqichda darslardan tashqaridagi hayot haqida hech narsadan xabarim yo‘q edi. Endi esa vaqt yo‘qligi sababli bunday tadbirlarni tez-tez o‘tkazib yuboraman, biroq faollik bor, talabalar uyushmalari ham bor.

Universitet katta hayotga o‘tish davri sifatida yodimda qoladi. Kursdoshlarim bilan tanishishganimdan ham mamnunman. Men universitetimni o‘zgartirmagan bo‘lardim, o‘z tanlovim menga yoqadi.

4-bosqich talabasi, «Korporativ boshqaruv» fakulteti

Men o‘qishimni TDIUga boshqa universitetdan ko‘chirib o‘tdim. Menga bu yerda darslarga bormasdan va fanlarni osongina yopish mumkinligini aytishgandi. Men o‘sha paytda to‘yga tayyorgarlik ko‘rayotgandim va o‘qish oilaviy hayotimga halaqit qilishini xohlamasdim.

Shunday ham bo‘lib chiqdi: bu yerda o‘qish ancha oson. O‘qituvchilar kuchli va rektor o‘zgarishidan so‘ng o‘qituvchilar tarkibi yanada yaxshilandi, ammo talabalarning o‘zlarida o‘qish istagi yo‘q.

Kontrakt o‘zini oqlamadi. Karantin paytida ma’muriyat tizim yarata olmadi, darslar deyarli o‘tkazilmadi. Sessiya ham jiddiy qabul qilinmadi. Men 100% professional bo‘lib bitirishni kutgandim, lekin adashgan ekanman.

Darslar tashqari tadbirlar ham ishtiyoqsizlik bilan amalga oshiriladi. Talabalarni u yerga kuch bilan olib kirolmaysiz. Aksariyat darslarga faqat davomat uchun borishadi.

Men talabalik davrimdan juda kam narsani eslay olaman, chunki unung yarmini biz karantinda o‘tkazdik, eng qiziqarli onlar esa avvalgi universitetim bilan bog‘liq.

To‘rt yil ortga qaytish imkoni bo‘lganda, men TDIU o‘rniga Vestminsterni tanlagan bo‘lar edim. U yerda faol talabalar o‘qishadi va ularda doimo qiziqarli voqealar ro‘y berib turadi.

O‘ylaymanki, agar bir yilni onlayn ta’limga yo‘qotmaganimizda, talabalik yillari yanada yorqinroq va qiziqarliroq bo‘lar edi.

3-bosqich talabasi, «Korporativ boshqaruv» fakulteti

Ikkinchi bosqichda Vestminsterdan TDIUga o‘qishimni ko‘chirganimda, men yuqori sifatli ta’limni va ko‘proq foydali bo‘ladigan tanishuvlar orttirishni kutgan edim.

Umuman olganda, kutganlarim o‘zini oqladi. O’qituvchilar yaxshi, darslar zerikarli emas. Meni qoniqtirmagan yagona narsa – ma’ruzalar formatidir. Auditoriyalar juda katta, bir vaqtning o‘zida ko‘plab talabalar to‘planishi, texnik jihozlarning yetishmasligi shular jumlasidandir .

Universitetda ijtimoiy hayot yo‘q. Ba’zan bayramlar o‘tkaziladi, lekin ular ham bir soat va ertalab bo‘ladi. Bor-yo‘g‘i bir necha kishi ishtirok etadigan tanlovlar ham bo‘lib turadi.

Ammo ma’muriyat talabalarga xayrixoh, bizning muammolarimizni hal qilishga harakat qiladi. Bizda telegram orqali 50 varaqli nazariyani yuborgan va amalda hech narsa tushuntirmagan bir o‘qituvchi bilan bog‘liq holat sodir bo‘lgan edi. Biz o‘qituvchimizni o‘zgartirib berishlariga erishdik.

Universitet mustaqil hayot uchun emas, faqat ish uchun tayyorlaydi. Bitirganimdan keyin yana kurslarga qatnashni ham o‘ylayapman, chunki amaliyot juda kam.

TDIU va Vestminster ta’lim sifati bo‘yicha bir xil, lekin hozir men Vestminsterda qolishni afzal ko‘rgan bo‘lardim. U yerda mazmunga boy ijtimoiy hayot va o‘zingizni namoyon qilish uchun ko‘proq imkoniyatlar mavjud.