Namanganning faqat olmasi mashhurmi yoxud NamDUning muvaffaqiyatga erishgan talabalari?

O‘zbek talaba yoshlari bugungi kunda ham o‘qib, ham ishlab katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Ilmi va dunyoqarashi keng yoshlar har bir ishda yuqori natijalarga erishib, ularning nomi keng jamoatchilik orasida dong taratmoqda.

Bugungi qahramonlarimiz aynan yuragida o‘ti bor yoshlardir, ularning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari juda katta. Biz Namangan davlat universitetida ta’lim olayotgan bir qator iste’dodli yoshlarni saralab, ularni suhbatimizga chorladik.

Javohir Yoqubjanov

NamDU Mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish yo‘nalishi 4-bosqich talabasi:

O‘qishga to‘rt yil deganda kirganman. Ungacha Moskvada musofirlikda ishlaganman. Oliy ta’lim mutaxassisi bo‘lib yetishaman deb 1700 dollar oylikdan voz kechganman. Maqsadim O‘zbekistonga qaytib, qiziqqan soham bo‘yicha sifatli kadr bo‘lib yetishish edi. 2018-yil baxtim kulib boqqanidanmi, o‘sha yili Namangan davlat universitetida “Mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” yo‘nalishi ochildi.

Aslida Buxoro yoki Toshkentga topshirish niyatim bor edi, ammo Namanganda qiziqqan soham bo‘yicha talaba bo‘lib o‘qishlik nasib qildi. Shu yilning o‘zidayoq amaliyot o‘tashni lozim deb topdim. Toshkent turistik festival “The Silk Road TITF-24”, “DOING BUSSINES WITH NAMANGAN” loyihalarida gid ekskursant bo‘lib faoliyat yuritdim. Keyinchalik boshqa mehmonxonalar faoliyati, ish jarayonini o‘rganish maqsadida “Shedevr Plaza” va “Oydin Plaza UK” mehmonxonalarida administrator bo‘lib ishlaganman. 2019-yilda universitetimizning Iqtisodiyot fakulteti “Logotiplar” tanlovini e’lon qildi. Shu tanlovda men yaratgan logotip jamoa tomonidan ma’qul ko‘rilib, fakultet logotipining asoschisi bo‘lishga sazovor bo‘ldim.

Til bilgan kishi hech qachon xor bo‘lmaydi. O‘sha paytlarda “ArtSoft Textil” klasterida tarjimonlik ham qildim. Ko‘p chet ellik tanishlardan do‘st orttirdim. Shu bilan birga Toshkent “Data Site Technology” korxonasida dasturchisi bo‘lib ish yuritdim. Menda hech qachon “Diplom olsam, ishga kiraman” degan o‘y bo‘lmagan.

Vaqt o‘tib 2021-yilda “Golden shoes” korxonasi marketologi bo‘lib ishga kirdim. Shu yili “Akhsikent hotel”da menejerlik qildim. “Global World Tour” kompaniyasida bosh mutaxassis bo‘lib ish yuritdim. Qolaversa, “Zakovat” intelektual o‘yini bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tuman bosh koordinatori bo‘ldim. Ehtimol, bir yilda shuncha joyda ham ishlab, ham o‘qishga qanday ulgurdingiz, degan savol tug‘ilgandir. 

Agar insonda o‘zini har tomonlama moddiy va ma’naviy ta’minlashga bo‘lgan ishonch yuqori darajada bo‘lsa, u hamma narsaga ulguradi. Vaqtni sarhisob qilib, qolipga tushirib olish lozim. Bir soniya vaqtni ham zoye ketkazmaslikni o‘rganish zarur.

Bugunga kelib esa Namangan davlat universitetida tashkil etilgan CoWorking markazi rahbari, “MUSAVVIR 2” mehmonxonasi bosh menejeri bo‘lib ish yurityapman. Xalqaro toifada 27 ta qo‘llanma, 17 ta monografiya, 60 dan ortiq xorijiy hamda respublika miqyosidagi maqola va tezislar muallifiman. Ilm olishdan hali aslo charchaganim yo‘q. Hozirda O‘zbekistonda Gastronomik turizm sohasida ilmiy tadqiqot olib bormoqdaman. Xudo xohlasa, bakalavrni bitirganimdan so‘ng magistrlik darajasini yoqlamoqchiman.

Hayotdagi shiorim, “Bu kunlar o‘tib ketar, deb umrni o‘tkazib qo‘ymaslik”.

Eng avvalo, o‘zingizni ham, vaqtingizni ham, umuman olganda, siz bilan bog‘liq barcha maishiy unsurlarni intizomlashtirib olishingiz zarur. Dunyoda inson qaysidir yo‘lni topish uchun, avvalo, maqsadni to‘g‘ri qo‘ya olishi kerak. “Aslida men kimman?”, “Bu dunyoga kelishimdagi missiyam nimadan iborat?” degan savollarni o‘ziga berib ko‘rishi kerak. Ana shunda maqsad ham shakllanadi. Har birimizda kuniga 24 soatdan vaqt bor. Undan qanday foydalanib, qayoqqa sovurish esa o‘zimizga bog‘liq. 

Men har bir insonning bu dunyoda nomi qolishini istardim va buning uchun kerak bo‘lsa qo‘limdan kelgan yordamni ayamasdim. Insonning nomsiz, unutilib ketishidan Ollohning o‘zi asrasin!

Ramziddin Tursunov

NamDU Milliy gʻoya, maʼnaviyat asoslari va huquq taʼlimi yoʻnalishi 4-bosqich talabasi:

2018-yil avgust oyida talaba bo‘lish uchun test sinoviga kirganman. Birinchi marta oliy ta’lim imtihoniga kirishim sabab dilimda biroz hadik bor edi. Shukrki, ilk topshirishimdayoq sinovdan o‘tib, talaba bo‘ldim. Bu vaqtgacha maqsadni ham shunga yarasha katta olib, bor kuchim bilan mardi maydonga tayyorgarlik ko‘rardim.

“Ertaga universitetga kira olmasam nima qilaman?” degan savolni o‘zimga berib, tinimsiz harakat qilardim. Ota-onam, yaqin qarindoshlarim oldida yuzim yorug‘ bo‘lishi uchun erta-yu kech kitob o‘qirdim. Mana hozir natijasi a’lo darajada. O‘zim qiziqqan soham bo‘yicha mutaxassis kadr bo‘lib yetishmoqdaman. Ayni damda jamiyatimizda ushbu sohaning yuqori darajada boʻlishi, keng targ‘ib qilinishi ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladi.

O‘qishga kirganimdan so‘ng “Bo‘ldi! Maqsadimga yetdim” deb yallo qilib yurmadim. Menda yana yangi maqsadlar tug‘ildi.

Harakatni “Yosh saylovchi-2019” Respublika forumida qatnashishdan boshladim. Forumda faol ishtirok etib, o‘rgangan bilimlarim asosida viloyatda treninglar tashkil qildim. Shu bilan birga, “Munozara” intelektual o‘yinining mintaqaviy bosqichida g‘oliblik nasib etdi va respublika turniri ishtirokchisiga aylandim.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshida tashkil etilgan “Kelajak Liderlari” klubi uchun boʻlgan toʻrt bosqichli imihonlardan yuqori natija bilan oʻtib, klubga qabul qilindim. Klubdagi munozaralarda juda ko‘p narsalarni o‘rgangan edim. Shu sababdan 2021-yil Respublika talabalari oʻrtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi saylov qonunchiligi bilimdoni” nominatsiyasiga loyiq ko‘rildim. 

Keyinchalik Namangan viloyati Yosh huquq targ‘ibotchilari klubi koordinatori bo‘lib ishladim. O‘sha yili “Taraqqiyot strategiyasi bilimdoni” tanlovi Namangan viloyati gʻolibi bo‘ldim. Harakatdan, izlanishdan haligacha to‘xtaganim yo‘q. Ayni vaqtgacha respublika va xorijda 50 dan ortiq ilmiy maqolalarim chop etildi. Shuningdek, “Maʼnaviyat — jamiyat barqarorligining ijtimoiy asosi” nomli risolam nashrdan chiqdi. Hozirda NamDU CoWorking markazi mutaxassisi bo‘lib ish yurityapman.

Demakki, to‘rt yil umrim bekorga ketmabdi. Kelajakda mamlakatimizdan “Nobel” mukofoti sohiblarini yetishtirish niyatim bor. O‘qiyotgan sohamni yangi bosqichga olib chiqib, yosh avlodning ma’naviy immunitetini baquvvat qilishni dilimga tugganman.

Biror bir sohada natija ko‘rsatish uchun inson halol va o‘z qadriyatiga sodiq bo‘lishi lozim. Inson hayotda turtki yoki motivatsiya kutishi shart emas. Har tong uygʻonish nasib qilgani eng katta baxt.

Tengdoshlarimga bugun umrimning oxirgi kuni, deb yashashni maslahat beraman. Orzularni va maqsadlarni amalga oshirish uchun kutish shart emas. Aks holda, yutqizib qo‘yishingiz mumkin.

Muslimaxon Ma’rufxonova

NamDU Boshlangʻich taʼlim yoʻnalishi 2-bosqich talabasi:

Talaba bo‘lish niyatida juda qattiq tayyorgarlik ko‘rganman. Buning uchun eng sevimli mashg‘ulotlarim: stol tennis va to‘qishdan voz kechganman. Oldimga bir maqsad qo‘ydimmi, boshqa mayda-chuyda ishlarga boshimni qotirmasdim. Stol tennisini o‘ynab g‘oliblikni qo‘lga kiritishim, rangdor iplardan kiyimlar to‘qib pul ishlashim mumkin edi, lekin bularni o‘qishga kirganimdan keyin ham amalga oshirishim mumkinligini bilardim.

Biroq yo‘qotilgan vaqt, qiz bola uchun o‘qishga topshirish imkoniyati har doim ham berilavermaydi.

Shuning uchun faqat shu maqsad sari olg‘a intildim. Harakatlarim besamar ketmadi! 11-sinfni bitirishim bilanoq test sinovini a’lo darajada topshirib, talaba bo‘ldim. Hozirda o‘z sohamning malakali kadri bo‘lib yetishish uchun ilm olmoqdaman. Kichkina bolakaylarga saboq berishni, ularni erkalatib o‘ynatishni juda yaxshi ko‘raman. Nasib qilsa, yana bir yildan so‘ng qiziqqan sohamning to‘laqonli mutaxassisi bo‘lib yetishaman.

O‘qish bilan birga matematika fanidan bolalarga repetitorlik ham qilaman. 20 dan ortiq o‘quvchilarim bor. Olgan bilimlarimni unutmaslik maqsadida shu mashg‘ulotni o‘zimga karyera qilib oldim. Bu menga uch tomonlama foyda beradi: ham bolalar ilmli bo‘ladi, ham sizdagi bilimlar mustahkamlanadi, ham hamyoningizga daromad kiradi.

Bilasizmi? Hattoki 4-kursni bitirayotgan, magistraturada o‘qiyotgan, boringki, diplomni qo‘lga olib ishlamayotgan kadrlar qanchadan-qancha! Ular yo‘lini topolmayotganining asl sababi bahona va dangasalik. Yoki nimagadir ishonib qolish.

Hayron qolaman. “Olma pish, og‘zimga tush” deb o‘tirsangiz, kim kelib sizga yordam beradi? Hozir hamma o‘zi uchun o‘zi kurashadigan davr.

Ertaga ularning ota-onasi yonida bo‘lmasa, qanday yashaydi ular? Harakatni bugundan boshlamagan, o‘zi uchun tirishmagan inson kelajakda nima qiladi?! Kim bo‘ladi?!

Bugun o‘zining ehtiyojini qondirolmagan talaba ertaga oilasini qanday boqadi? Hamma narsa hozirdan boshlanadi!

Repetitorlik bilan birga o‘zim sevgan mashg‘ulot – stol tennisi bilan ham shug‘ullanyapman. Respublika sport musobaqalarida qatnashdim va g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 20 yilligiga bag‘ishlab stol tennisi bo‘yicha 2001-yilda tug‘ilgan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Respublika miqyosidagi ochiq turnirda 2-o‘rinni egallaganman.

Tengqurlarimga faqat va faqat o‘z ustida ishlashni maslahat beraman. Bitta maqsadni olib, o‘sha tomon bor kuchlari bilan intilishlarini istayman. Tilagim shuki, vaqtning qadriga yetishsin va undan unumli foydalanishsin!

Komilxo‘ja Otavalixo‘jayev

NamDU Fizika fakulteti kechki ta’lim yoʻnalishi 2-bosqich talabasi:

Oddiy dehqon oilasida tug‘ilib, maktabni oltin medal bilan bitirdim. O‘qishga kirish uchun biror narsadan voz kechmaganman: jamoat ishlari, maktab, uy topshiriqlari, o‘quv kursi, sinfdoshlar bilan yigʻilishlar. O‘zimdagi qiziqish va intilish tufayli hammasiga ulgurganman. Ishtiyoq boʻlsa, hammasini eplab ketish mumkin!

Tahsil olayotgan soham, ya’ni fizikaga 6-sinfligimda qiziqqanman. Qoʻshnim maktabda fizika fanidan dars berar edi. Unga havasim kelardi. Shu bois maktabni bitirgunimcha fizika fanidan olimpiadalarga qatnashib, fanga qiziqishim orta boshlagan. Nihoyat, 2020-yil fizika fanidan imtihon topshirib, o‘qishga qabul qilindim. Talabalik menga ko‘p imkoniyatlar yaratib berdi. Xususan, “Eurasian Youth Online Conference” 3-mavsumida ishtirok etib, “Oʻzbekistonda taʼlim tizimi” mavzusida nutq soʻzladim. Keyinchalik “THE ACTIVE OBSERVER” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdim.

2022-yil Namangan davlat universiteti Yoshlar Ittifoqi boshlangʻich tashkiloti tomonidan oʻtkazilgan Matematika fan olimpiadasida faxrli 2-oʻrinni oldim. So‘ngra meni fakultetimizning Yoshlar yetakchisi etib saylashdi. Kechki taʼlimda oʻqiganim sabab kunduzi boʻsh vaqtim koʻp boʻladi. Oilada faqat dadam ishlaganliklari uchun ishlashga ehtiyoj sezildi. Kompyuter savodxonligi, ish hujjatlarini yurita olish qobiliyatim borligi sabab fakultetning Fizikani oʻqitish metodikasi kafedrasida kabinet mudiri lavozimida ish boshladim. Shukrki, daromad yaxshi. Ota-onamga og‘irligim tushmaydi.

Maktab davrida press-klub yoʻnalishi boʻyicha sardor boʻlganimda jurnalistikaga qiziqishim ortgan. Shu sababli ijtimoiy tarmoqlarda yangiliklar joylash, ya’ni bloggerlik boʻyicha oʻzimga yarasha iqtidorim bor. Lekin qiziqishim tufayli hamma sohani juda yaxshi koʻraman. «Yigit kishiga 40 hunar oz» deganlaridek, hammasidan bir shingildan.

Kelajakda oldimga qoʻygan maqsadlarim koʻp. Ulardan biri O‘zbekiston Respublikasi huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil olish. Ayni damda bakalavriat yoʻnalishini tamomlab, magistraturaga topshirishni niyat qilyapman. Universitetda men ham yoshlarga oʻz soham boʻyicha bilim berib, kelajakda yurtimizga yetuk kadrlar tayyorlashda oʻz hissamni qoʻshmoqchiman.

Maftuna Vahobova

NamDU Jahon tillari fakulteti 3-bosqich talabasi

2014-yilda kollejni tamomlab, o‘zim ta’lim olgan shahardagi 11-umumta’lim maktabiga yoshlar yetakchisi sifatida ishga kirdim va o‘z faoliyatimni boshladim. 5 yil davomidagi faoliyatimni samarali baholashdi va 2019-yilda “Yoshlar ittifoqi” imtiyozini qo‘lga kiritdim. Ushbu imtiyoz har yili viloyatdan faqat bir kishiga beriladi. O‘sha baxtli insonlardan biri men edim. Imtiyozga ko‘ra, o‘z viloyatimdagi istagan oliy ta’lim muassasasiga imtihonsiz qabul qilinish huquqi bor edi menda.

Bu mening katta yutug‘im edi. Men yutuq deganda biror tanlovda yoki musobaqada sovrindor bo‘lishni nazarda tutmayman.

O‘qishga kirganimdan so‘ng barcha tashkiliy ishlardan va tadbirlardan voz kechib faqat ilm yo‘lidan ketmoqchi edim. Biroq iloji bo‘lmadi. Menda tabiiy yetakchilik qobiliyati mavjud edi. Qancha urinmay, yetakchi qiz Maftunaning “men”ini o‘zgartira olmadim.

Va shu sabab talabalar va ustozlarning e’tirofi, hurmatiga sazovor bo‘ldim. Yashirmayman. Darslarga ko‘p ham kirmayman. Har kunim yangi loyiha va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish bilan o‘tadi. Loyihalarimning aksariyatini fakultetdagi faol talabalar yordamida, universitetdan tashqarida, obodonlashtirish xodimlari yoki oddiygina sotuvchilar bilan o‘tkazaman.

Mendagi shiddat, jamoatchilik bilan shug‘ullanishimni ko‘rgan yon-atrofdagilar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Namangan shahar Kengashi Kamalak bolalar tashkiloti raisi sifatida ish yuritishimni taklif qilishdi. Albatta, bu taklif menga juda yoqdi va shu yerda ish boshladim. Oldinlari jamoatchilik asosida tekinga ishlardim. Endi esa daromadli ishdaman.

Bakalavriat bosqichini tugatib, magistraturada o‘qish niyatim bor. Faoliyatimga kelsak, endi men o‘zimni yoshlar tashkilotidan boshqa sohada tasavvur eta olmasam kerak. Qaydam?! Men Kamolotdan kamol topdim, yoshlar tashkiloti meni rostmana o‘zgartirgan. U erkin muloqot qilishga, tashabbuslar ko‘rsatishga o‘rgatdi. Haqiqiy lider sifatida shakllanishimda uning o‘rni beqiyos. Kelajakda KAMIDA hokim bo‘lmoqchiman!

Gulchiroy Turdaliyeva

NamDU Filologiya fakulteti o‘zbek tili yo‘nalishi 4-bosqich talabasi:

Har qanday muvaffaqiyatga erishgan shaxsning past-baland yo‘llarni bosib o‘tgan qiyinchilik davri bo‘ladi. Agar bunday bo‘lmasa, erishgan yutuqlarning qadri bahosizdek go‘yo!

O‘qishga kirish shaxsan men uchun oson bo‘lmagan. Oliygohga beshinchi bor urinishimda kirganman. Har yili yiqilganimda yuragimga 5 mingta zirhli nayzalar sanchilgandek azob bergan. Oilamiz o‘rta hol. Ota-onam o‘qishimga qarshi chiqmagan. Faqat moliyaviy jihatdan qiynalardik. Qishloqda yashaganimiz uchun shaharda tayyorgarlik ko‘rganman. Ikki fandan repetitorga, ijara haqiga, yo‘l kiraga pul olayotganimda ichimdan nimadir zil ketardi!

Buning ustiga qaysar ham edim. Ota-onam Namanganda o‘qishimni xohlashardi. Men esa o‘zimga bino qo‘yganimdan, ishonchim kuchliligidan har safar poytaxtga borib topshirardim. Hattoki olgan ballarim haligacha yodimda: 2014-yil 135 ball, 2015-yil 145 ball, 2016-yil 157.9 ball, 2017-yil 160 ball. Shuncha ball to‘plab, muhtasham binoning eng tepasidan qulagandek yiqilardim.

Shuncha yiqilsam ham, sohamni o‘zgartirish yoki biror hunarni tanlash ko‘nglimning bir chetiga ham kelmagan.

Sentabr oyidan darslarni boshlamasdim, chunki bu azob edi. Noyabr va undan keyingi oylarda o‘qishni davom ettirardim. Faqat eng achinarlisi: yana o‘sha kitoblar, o‘sha testlar…

Hamma kitoblar yod bo‘lib ketgandi. Savol-javob paytida behafsala javob berardim. Aynan 5-yili tayyorgarlik usulimni o‘zgartirdim. Tumanimizda tayyorlandim. Tarix fanini yod oldim. Nihoyat, imtihon kuni keldi. Testlarni ishlab chiqdim. Shukrlar bo‘lsinki, talaba bo‘ldim. To‘lov shartnoma asosida qabul qilindim.

Bilasizmi?! O‘shanda 1-o‘rinda kirgan talabadan xursand edim. Oyog‘im yerga tegmasdi. Juda shod edim. Bu orada dadam insult bo‘lib qoldilar.

Xursandchilik paytida tog‘day odamingiz qulab tushsa, boshqalarga suyanish uchun mo‘ltirab qolarkan odam.

Onam borish-kelishim uchun 10 ming so‘m berardilar. Shunda ham o‘rtoqlarim orasida o‘zimni kam ko‘rmasdim. O‘shanda yuqori kursda o‘qiyotgan tengdosh dugonalarimdan tanlovlar haqida surishtirardim. Juda ko‘p qizlarga o‘xshashni xohlamasdim. Turfa xildagi kiyimlar kiyib, atir-upalar bilan bo‘yanib, shaharni aylanib yurishlar menga uncha xush kelmasdi. “Har narsaning me’yori ma’qul” derdim o‘zimga-o‘zim.

Keyin abituriyentlarga repetitorlik qilishni xohladim. 1-maoshim 300 ming so‘m edi. Keyingi oy 350, dekabr oyiga kelib oyligim 650 ming so‘mga yetdi. Hozirgi talaba uchun bu summa urvoq ham bo‘lmaydi. Ammo men uchun bu juda yaxshi summa edi.

Ish bilan birgalikda o‘qishda ham yetakchilikka intildim. Birinchi maqolam chiqqanda dunyoga sig‘magandim. Asta-sekin 2-3-maqolalarim chiqishni boshladi. Repetitor ustozim yutuqlarimdan juda sevinardi. Oldinda ko‘p marralar kutayotganini eslatib turardi. Haqiqatdan, qayerda tanlov bo‘lsa, o‘sha yerga boshimni urardim. G‘oliblik uchun emas, jarayon qiziqligi uchun.

Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Navoiy ziyosi” — insho va testlar tanlovi bo‘lib o‘tdi. Unda faxrli 3-o‘rinni egalladim. Testdan esa 30 tadan 29 ta ishladim. Inshoyimga negadir past ball qo‘yishdi. Xafa bo‘lmadim. Muhimi, 210 qatnashchidan 3-o‘rinni olganimdan mamnun edim. Ular matnni qanday yozadi – bilmadim. Lekin men o‘zgacha ishtiyoq va ilhom bilan yozaman. Sarlavhasini ham hech kimnikiga o‘xshamagan qilib qo‘yaman.

So‘ng O‘zbekiston Jahon tillari universitetida talabalar uchun o‘tkazilgan Xalqaro mitingda ishtirok etdim. Shu yili 1-kursdan beri orzu qilib kelayotgan Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi bo‘ldim. Bu pog‘onaga erishish oson bo‘lmadi.

Ayrim tanlovlardagi mag‘lubiyat ruhiyatimni cho‘ktirar, men esa tanlovlarga qatnashmasdan qo‘ymasdim. Chunki kichik xatolar tuzatilsa, katta muvaffaqiyatlarga erishish mumkin.

Hozirda tumanimizdagi eng faol repetitorlardan biriman. Oson kasb emas, lekin sharafli. Kelajakda jahon minbarlarida o‘zbek tilidan ma’ruzalar o‘qimoqchiman. Qiyinchiliklar esa shirin meva berishiga ishonaman!

Muallif: Azim Axtamov