Moliyaviy savodxonlikni bilish nechogʻlik muhim?

Moliyaviy savodxonlik nima?

Bilasizmi, boy odamlar nega boy? – Chunki ular juda tejamkor va pulni qaday sarflashni bilishadi. Bu jarayonda pulni topishdan koʻra sarflashni bilish kerak degan fikr ustunlik qiladi. Tejamkorlik – kerak emas narsalarga sarf-xarajatlar qilmaslikdir! Shunday ekan, pulni samarali sarflashga qanday erishish mumkin? Albatta Moliyaviy savodxonligimizni oshirish orqali.

Moliyaviy savodxonlik — shaxsiy moliyaviy boshqaruv, byudjetlashtirish (kirim-chiqim) va investitsiyalarni oʻz ichiga olgan turli xil moliyaviy koʻnikmalarni tushunish va samarali ishlatish qobiliyatidir. Sodda qilib aytganda, oʻz mablagʻingizni samarali sarflashingizdir.

Moliyaviy savodsizlik oqibati

Moliyaviy savodxonlik darajasi past boʻlishi natijasida tadbirkorlikda omadsizlikka uchrashi, oʻz moliyaviy resurslarini toʻgʻri joylashtira olmasligi, mablagʻidan toʻgʻri foydalana olmasligi yuzaga keladi. Ayniqsa, bugungi kompyuterlashgan davrda moliyaviy xizmatlarning ishonarli yoki ishonarsiz manbalardan taklif etilayotganligini aniqlash imkoniyati juda qiyin.

Har qanday inson telefoniga kelgan aldov SMS-xabarlar yoki oʻta professional darajada oʻzlarini reklama qilish orqali firibgarlikka qurilgan har xil (biznes piramidalar, virusli dasturlar, soxta tadbirkorlar, soxta yutuqli oʻyinlar va hokazo) xizmatlarning qurboniga aylanib qolishi mumkin. Ayni jihatlarni inobatga olgan holda bugun har bir shaxs moliyaviy savodxonlikka ega boʻlishi davr talabi. Shu boisdan 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekistonning iqtisodiy boʻlmagan taʼlim muassasalarida moliyaviy savodxonlik asoslari oʻrgatila boshlanadi.

Oʻzbekiston Milliy universitet fakulteti talabasi-Jamolov Xusniddin:

— Moliyaviy savodxonlik nafaqat kelajagimiz balki bugungi hayotimiz uchun ham juda kerak deb oʻylayman. Pulni samarali sarflab, tejab ishlatishda moliyaviy savodxonlikni oʻrni katta. Baʼzan oylik olamizu, oy oxirigacha yetkazmay sarflab yuborishimiz ham bu borada savodsizligimizdan deb bilaman. Ayniqsa, hamma jarayon elektronlashgan ayni paytda toʻlovlar ham onlayn tartibda ekan firibgarliklar qurboniga aylanmaslik uchun ham moliyaviy savodxon boʻlishimiz kerak

Toshkent davlat Stomatologiya universiteti magistri-Fotima Raimova:

— Pulni sarflash uyogʻda tursin, pulni to’g’ri sanashni bilmaydigan talabalar bor. Biznes rejasi boru moliyaviy savodsizligi tufayli,bankrot boʻlib kredit toʻlashga qiynalayotgan talaba yoshlarni koʻp uchratamiz. Juda yaxshi boʻlardi, fan sifatida kiritilib, talabalarga oʻrgatilsa. Inson qaysi kasbda boʻlmasin deyarli har kuni moliyaviy savodxonligimiz kerak boʻladigan vaziyatlarga duch kelamiz.

Jurnalist-Dilorom Jummaniyozova :

— Bu juda yaxshi tashabbus. Allaqachon, nafaqat oliy taʼlimda, qolaversa maktablarda ham joriy etish kerak edi, nazarimda. Pul sarflashni bilmaydigan yoshlarni gapiryapmiz,t oʻgʻri sarflashni bilmaydigan  qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz bor. Kambagʻallik, urush janjallarning ildizini surishtirsangiz moliyaviy bilim yetishmasligi sabab boʻlmoqda.

Yoshlarning moliyaviy savodxonligini asta-sekin taʼlim davrida oshirib borish samarali natijadir. Oiladagi har qanday moliyaviy yoʻqotish – bu oʻsha hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga sekin asta taʼsir qilib boradi.

«Kapitalbank» boshqaruvi raisi Kirill Mayevskiy:

– Bilimga sarmoya – kelajak uchun eng ishonchli omonatdir. Yoshlarga moliyaviy savodxonlikni oʻrgatish jamiyatning barqaror rivojlanishi va farovonligining garovidir. 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining tavsiyalariga koʻra, ushbu qoʻllanma oʻquv jarayoniga kiritiladi. Markaziy bank turli mintaqalarda «moliyaviy savodxonlik asoslari» kursi uchun masʼul boʻlgan 81 professor va oʻqituvchilar uchun onlayn va oflayn treninglar oʻtkazdik. Regulyator loyihani amalga oshirish va oʻqitishda yuzaga keladigan barcha masalalar boʻyicha ekspert yordamini taqdim etamiz. Loyihada ishtirok etishdan manfaatdor boʻlgan universitetlar oʻz tashabbuslarini taklif qilishlari mumkin.

Ha kiritilayotgan yangi fan asosida oilalar va shaxslarga oʻz byudjetlarini shakllantirish va rejalashtirishga oid bilim hamda koʻnikmalarni muntazam berib borish orqali moliyaviy savodxonlikni shakllantirishga xizmat qiladi.

Bu esa har bir shaxs turmush farovonligi, yurt taraqqiyoti va mamlakat rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.

Maqola muallifi: Nilufar Rahimova