«Mirzo Ulugʻbek vorislari» Respublika tanlovi gʻoliblariga nega mukofot pullari berilmadi?

«Avlod media» ga murojaat

Azamatjon Xayrullayev:

Assalomu alaykum! «Avlod media»ning ijtimoiy tarmoqlardagi doimiy kuzatuvchisiman. Talaba – yoshlarning loyihalarini qoʻllab – quvvatlash boʻyicha qilayotgan ishlaringizni koʻrib juda xursand boʻlamiz. Mening ham murojaatimni oʻrganib, amaliy yordam berishingizni soʻraymiz. Gap shundaki, biz Fargʻonalik yoshlar 4 oy avval viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan «Mirzo Ulugʻbek vorislari» Respublika tanlovida ishtirok etib, 1- va 2-bosqichda gʻoliblik boʻldik. Ammo gʻolib boʻlgan ishtirokchilarga hali hanuzgacha mukofot pulidan darak yoʻq. Tuman shaharlardagi hokimliklarga bir necha bor murojaat qildik natija yoʻq. Telegramdagi murojaatlar uchun ochilgan guruhlarga yozsak ham javob kelmadi, baʼzi bir tuman, Shahar hokimlarni oʻziga ham yuza-yuz murojaat qilingan, lekin natija yoʻq, viloyat hokimligini aytmasa ham boʻladi, chunki ularga bu haqida ogʻzaki murojaat qilganimizda bunday tanlovdan xabarlari yoʻqligini ushbu murojaatni yigʻilishda koʻrib chiqib, natijasi haqida bizga xabar berishlarini aytishgandi oʻsha-oʻsha darak ham yoʻq natija ham yoʻq.

Maqola avvalida keltirilgan murojaat boʻyicha ijtimoiy tarmoqlarda ham bir necha bor yoritilgan. Ammo natija boʻlmagan. Respublikamiz boʻylab har bir viloyatlarda isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash «Ulugʻbek» jamgʻarmasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Fargʻona viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan «Mirzo Ulugʻbek vorislari» Respublika tanlovi 3-bosqichda oʻtkazilgan, 1-bosqich tuman bosqichi, 2- bosqich viloyat bosqichi, 3-bosqich esa respublika bosqichi oʻtkazilgan. Har bir bosqichda gʻolib deb topilgan ishtirokchilarga sertifikat va bir martalik pul mukofotlari berilish kerak edi, ushbu pul mukofotlari har bosqichda koʻpayib boradi, misol uchun: tuman bosqichida tumandan saralab olingan 5 nafar ishtirokchilarning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari, viloyat bosqichida gʻolib boʻlgan 20 nafar ishtirokchilarga esa bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari, Respublika bosqichida gʻolib boʻlgan 100 nafar ishtirokchilarga esa bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravar pul mukofoti berilishi kerak edi, afsuski vaʼda qilingan pullar fagatgina respublikada gʻolib boʻ|gan ishtirokchilarga berilgani, 4 oydan beri, qolgan 1- va 2-bosqichda gʻolib boʻlgan ishtirokchilarga hali hanuzgacha mukofot puli berilmagan.

Vazirlik, jamgʻarma, hokimiyat «qayerga qarayapti?»

«Mirzo Ulugʻbek vorislari» Respublika tanlovi mamlakatimizda iqtidorli yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish, ularni ilmiy-texnik faoliyatiga keng jalb qilish, iqtidorli yoshlarning, jumladan, olis hududlarda istiqomat qilayotgan yigit-qizlarning bilim, koʻnikma va malakasini oshirish maqsadida respublikamizning barcha hududlarida oʻtkaziladi. Tanlov 3 bosqichda boʻlib oʻtadi va har bir bosqich gʻoliblari bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Ammo, tanlovda qatnashgan yoshlar birgina Fargʻona viloyatida 95 nafar yoshga vaʼda qilingan bir martalik pul mukofotini ololgani yoʻq. Tanlov tom maʼnoda yoshlarning loyihalarini qoʻllab quvvatlash, ularni ragʻbatlantirish uchun ekan, nega mutasaddilarning bu eʼtiborsizligi, ishtirokchilarning bor qiziqishini ham soʻndirishga sabab boʻlmaydi deb kim ayta oladi?!

Respublikamiz boʻylab har bir viloyatlarda isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash «Ulugʻbek» jamgʻarmasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Fargʻona viloyat hokimligini yoshlarga, ayniqsa iqtidorli yoshlarni eshitishga undaymiz!

Biz esa bu mavzu yuzasidan mutasaddilar izohlarini kutamiz va bu boradagi oʻrganishlarimizni davom ettiramiz.